Bayern tepasida barqarorlik: Eberl va Dreesen yangi shartnoma
Bayern ichida bu safar katta transfer emas, lekin unchalik ham kichik bo‘lmagan qaror e’lon qilindi. Klubning sport arxitekturasini boshqarayotgan Max Eberl va boshqaruv tepasidagi asosiy figuradan biri Jan-Christian Dreesen kelgusidagi yo‘l xaritasini yangi shartnoma bilan mustahkamladi. Gap maydondagi gollar haqida emas, lekin kelajakdagi g‘alabalar poydevori haqida ketmoqda.
Max Eberl – bu klub uchun begon emas. U Bayern tizimidan futbolchi sifatida o‘tgan, yoshlar safida to‘p surgan paytdanoq bu muhitni ichidan his qilgan. Endi esa u boshqa rolga ega: strateg, quruvchi, yo‘l ko‘rsatuvchi. Shartnoma uzaytirilgani e’lon qilingach, Eberl gapni hissiyotdan boshladi. U Bayernni “yuragiga yaqin” deb atar ekan, aslida o‘z biografiyasini eslatdi – bu klub u uchun ish joyi emas, o‘ziga xos uy.
Uning so‘zlarida bir jihat yaqqol sezildi: boshlagan ishi hali tugamagan. “Boshlab qo‘ygan yo‘limizni davom ettirmoqchiman”, degan mazmundagi fikrlar ortida aniq maqsad yotibdi – Bayernni sport nuqtayi nazaridan yana ham kuchliroq qilish, raqobatni nafaqat saqlab qolish, balki kuchaytirish. Eberl nazarida bu nafaqat boshqaruv kengashi, balki “butun Bayern oilasi” oldidagi mas’uliyat.
Bu ishonchning siyosiy tomoni ham bor. Kuzatuv kengashining uni qayta tasdiqlashi – sport direktori sifatida qilayotgan ishiga berilgan ochiq baho. Eberl buni “ishonch ovozi” deb atar ekan, klub ichida qarorlar bir yoqadan bosh chiqargan holda qabul qilinayotganini ko‘rsatdi. Bayern singari gigantda bu juda muhim: ichkarida bo‘linish paydo bo‘lsa, maydondagi ustunlik ham uzoq davom etmaydi.
Jan-Christian Dreesen ham aynan shu nuqtaga urg‘u berdi. U ham kuzatuv kengashiga minnatdorchilik bildirib, lekin gapni tezda kelajak rejalariga burdi. Uning ohangi bir narsani anglatdi: bu lavozim – shunchaki ofis kreslosi emas, bu doimiy bosim, doimiy talab. Dreesen o‘zini “energiya va ehtiros bilan” ishlashni davom ettiradigan rahbar sifatida ko‘rsatdi. Bayern uchun bu kalit ibora – klub ichida sovuqqon menejer emas, natijani his qiladigan, muxlis kayfiyatini tushunadigan odam kerak.
Dreesenning “Bayern eng yuqori darajadagi klub bo‘lib qolishi uchun qo‘limizdan kelgan hamma narsani qilamiz” degan fikri klubning hozirgi holatini aniq tasvirlaydi. Gap faqat ichki chempionatda hukmronlik haqida emas. Bu – Yevropa sahnasida hamon asosiy favorit bo‘lib qolish, iqtisodiy barqarorlikni yo‘qotmagan holda sport ambitsiyalaridan voz kechmaslik haqida. Rahbariyat o‘zini klub xodimlari, a’zolari va muxlislari bilan bir safda turuvchi jamoa sifatida ko‘rsatmoqda.
Bayern tarixida ko‘p marta murabbiylar almashgan, yulduz futbolchilar kelib-ketgan, lekin klubni ushlab turgan narsa – aniq tizim va qat’iy boshqaruv bo‘lgan. Eberl va Dreesenning shartnomasi uzaygani aynan shu tizimning davomiyligini anglatadi. Ular “hali qiladigan ishlarimiz ko‘p” deb turibdi. Savol endi shunda: bu barqarorlik Bayernni yana bir yirik yevropalik chempionlar avlodiga olib kira oladimi?







