sport pulse

Cole Palmer: Qayta tiklanish imkoniyati yoki so‘nayotgan chaqmoq?

2025-26 yilgi mavsum Cole Palmer uchun orqaga tashlangan qadam bo‘ldi. Faqatgina statistika emas, ritm ham, ishonch ham chayqaldi. Son qismidagi muammo va barmog‘ining sinishi unga qimmatga tushdi: barcha musobaqalar bo‘yicha 26 ta o‘yinni tomoshabinga aylangan holda o‘tkazdi. Yakunda atigi 11 ta gol va 3 ta golli uzatma – bunday raqamlar Londonning ko‘k qismida undan kutiladigan darajadan ancha past.

Bu, albatta, Stamford Bridge’dagi ilk portlash bilan solishtirganda ayniqsa keskin ko‘rinadi. 2023 yil yozida Manchester City’dan taxminan 40 million funt evaziga kelgan Palmer birinchi kampaniyasidayoq 25 ta gol urib, PFA Young Player of the Year sovrinini qo‘lga kiritgandi. O‘sha paytda u nafaqat Chelsea, balki butun Premyer-liganing yangi yuzlaridan biri sifatida ko‘rilardi – o‘yinini ko‘rganlar uchun bu e’tirof ortiqcha ham emasdi.

Keyingi yil ham yutuqsiz o‘tmadi. Palmer ikkinchi mavsumida klub bilan birga Conference League kubogini ko‘tardi, FIFA World Cup’da ham zafar ta’mini totib ko‘rdi. Lekin raqamlar baribir sekin pasaya boshladi: gollar soni 18 taga tushdi, maydondagi o‘yinida mayda, lekin sezilarli uzilishlar paydo bo‘ldi. Savollar tug‘ila boshladi. Shunchaki “dovonda to‘xtab qoldi”mi yoki raqiblar unga moslashib ulgurdimi?

Bu savollar 2026 yilgi jahon chempionati arafasida ancha keskin tus oldi. Angliya bosh murabbiyi Thomas Tuchel 24 yoshli hujumkor yarim himoyachiga o‘z tarkibida joy topa olmadi. Palmerning ismi ro‘yxatda yo‘qligi – bu shunchaki taktika qarorimi yoki shakldagi pasayishning ochiq e’tirofimi – baribir futbolchining obro‘siga zarba bo‘ldi.

Shu fon’da transfer mish-mishlari ham alangalanib turdi. Uning Manchesterga, bolaligidan suygan klubi United safiga qaytishi haqida gap-so‘zlar ko‘paydi. Ammo hozircha bu faqat shov-shuv: Palmerning Chelsea bilan 2033 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnomasi bor. Klub esa navbatdagi “qayta qurish” bosqichiga kirib bormoqda – bu safar ispaniyalik murabbiy Xabi Alonso boshchiligida.

Yangi murabbiy, yangi g‘oya, yangi talablar. Aynan Alonso Palmerni yana eng yaxshi ko‘rinishiga qaytara oladigan odam bo‘lishi mumkin. Uning qo‘l ostida texnik, to‘p bilan ishlashni yaxshi ko‘radigan, pressingda ham ishtirok eta oladigan ijodkor futbolchilar ko‘pincha markaziy figuralarga aylanadi. Palmer uchun bu – o‘zini qayta isbotlashga berilgan katta imkoniyat.

Shu orada sobiq “ko‘klar” hujumchisi Tony Cascarino ham bu mavzudan chetda qolmadi. U, GOAL bilan suhbatda, Palmerning nomini klub afsonalari Gianfranco Zola va Eden Hazard bilan yonma-yon qo‘yish mumkinmi, degan savolga javob berar ekan, avvalo bir haqiqatni ta’kidladi: yosh futbolchi bilan bog‘liq baho har doim biroz noaniq bo‘ladi. Chunki yangi klubga kelgan paytdagi adrenalinning o‘zi ko‘p narsani niqoblab turadi – ayniqsa sen darhol jamoaning yetakchisiga aylanib qolsang.

Cascarino fikricha, Palmerdagi pasayish aniq ko‘rinib turibdi – va shu sababli ham u Angliya tarkibidan chetda qoldi. U, bir paytlar Chelsea safida to‘p surgan hujumchi sifatida, buni faqat individual inqiroz deb ko‘rmaydi. Uningcha, klubning o‘zi ham o‘sha davrda yetarlicha barqaror bo‘lmadi, bu esa Palmerga ham ta’sir qilgan.

Eng qiziq nuqta – tajriba masalasi. Cascarino misol sifatida o‘zining sevimli klubi Liverpoolni eslaydi. Steven Gerrard ilk bor katta sahnaga chiqqan paytda, 35 yoshli Gary McAllister erkin agent sifatida olib kelingan, deydi u. Katta yosh, katta tajriba, lekin aynan o‘sha futbolchi yosh Gerrard yonida aql bilan o‘ynashni, o‘yin ritmini boshqarishni, bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qilishni mustahkamlashga yordam bergan.

Cascarino nazarida, Palmer bilan Chelsea’da shunga o‘xshash ssenariy ro‘y bermadi. U jamoaga “yonib kirib kelgan” yosh yulduz sifatida qo‘shildi, lekin ilk jiddiy pasayish davrida yonida uni ko‘tarib turadigan, bosimni bo‘lishadigan, maydon va kiyinish xonasida yo‘l ko‘rsatadigan yetuk figuralar yetishmadi. Enzo Fernandez va Moises Caicedo – albatta, yuqori saviyali futbolchilar. Lekin ular ham o‘zlari uchun katta transfer summasini oqlashga urinayotgan, hali to‘liq shakllanib ulgurmagan nomlar. Tajribali “ustoz” emas, balki o‘sha bosim ostidagi “shogirdlar” qatorida.

Palmer hozir murakkab, lekin qiziqarli burilish nuqtasida turibdi. Bir tomonda – jarohatlar, tushib ketgan statistika va Angliya terma jamoasidan tashqarida qolish achchiq haqiqat sifatida turibdi. Ikkinchi tomonda esa – uzoq muddatli ishonch ifodasi bo‘lgan shartnoma, ijodkorlik salohiyati va Alonso qo‘l ostida qayta tiklanish imkoniyati.

Savol endi bitta: Cole Palmer yana bir bor Stamford Bridge osmonini yoritadigan chaqmoqqa aylanadimi yoki o‘sha ilk portlash uning karerasidagi eng yorqin, ammo qisqa epizod bo‘lib qoladimi?