sport pulse

FIFA ichida bo‘ron: Infantino rejasi ostida poydevor larzaga keldi

FIFA prezidenti Gianni Infantino atrofidagi bosim juma kuni keskin kuchaydi. Bunga sabab – tashkilotning o‘zidayoq eng yuqori lavozimlardan birida ishlovchi rahbarning ochiq qarshiligi bo‘ldi.

FIFA bosh operatsion direktori Kevin Lamour o‘z bayonotida mushtni stolga urdi, xolos. U tortishuvlarga sabab bo‘lgan, FIFA musobaqalariga xususiy investorlarni ulushdor sifatida kiritish rejasini “bitta odamning loyihasi” deb atadi va futbol siyosiy rahbarlarini “to‘g‘ri savollarni berib, to‘g‘ri qaror qabul qilishga” chaqirdi.

Bayonotda Infantino nomi tilga olinmagan. Lekin kim nazarda tutilgani aniq.

Ustma-ust zarbalar: uchinchi konfederatsiya, iste’fo va siyosiy zarba

Lamourning keskin chiqishi tasodifiy kunga to‘g‘ri kelmadi. Xuddi shu kuni uchinchi konfederatsiya ham rejaga qarshi pozitsiyasini e’lon qildi, Infantino uchun ishlagan yuqori darajadagi maslahatchi iste’fo berdi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Andy Burnham esa shveysariyalik rahbarni “FIFAni boshqarish uchun noto‘g‘ri odam” deb atadi.

AQSh prezidenti Donald Trump esa bu masala bo‘yicha ilk bor fikr bildirib, Infantino bilan bu reja yuzasidan gaplashmaganini aytdi. Ikkinchi muddatga qayta saylanganidan beri u bilan aloqalari yaqinlashgani inobatga olinsa, bu jimlikning o‘zi ham signalga o‘xshaydi.

Lamour o‘z bayonotida FIFA xodimlarini eslatdi: yuzlab “fidoyi va sadoqatli” mutaxassislarning vazifasi – futbolga xizmat qilish. Uning ta’kidlashicha, prezident odamlarni birlashtirishi, ilhom berishi kerak, hozir esa FIFA ichida aksincha jarayon ketmoqda.

U ish beruvchisiga sadoqat majburiyatini tan oldi, lekin “ma’lum qadriyatlarga va hamkasblarini qo‘llab-quvvatlashga” ham sodiq bo‘lishi kerakligini qo‘shib qo‘ydi. So‘ng qat’iy chiziq chizdi: agar bu fikrlari tufayli ishidan ayrilsa, bu qarorni qabul qilishini va hech bo‘lmaganda “tuni bilan tinch uxlashini” aytdi.

Lamour 2024-yil noyabrida FIFAga qo‘shilgan, bunga qadar Uefa’da bosh kotib o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Ya’ni u tizimni ichidan yaxshi biladigan odam.

Osiyo ham qarshi safga o‘tdi

Kun avvalroq Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (AFC) Yevropa va Shimoliy hamda Markaziy Amerika va Karib havzasi hamkasblari bilan “hamjihat” ekanini e’lon qildi.

AFC bayonotida Infantino rejasi “oldinga yurish uchun zarur bo‘lgan keng konsensus va birdamlikni real ravishda ta’minlay olmaydi” deb baholandi. Ular Jahon chempionatini “global futbolning cho‘qqisi” deb atab, turnir kuchini barcha konfederatsiyalar va yetakchi terma jamoalarning ishtirokidan olishini eslatdi.

“Musobaqaning birligi va umumbashariy xarakterini zaiflashtirish xavfini tug‘diradigan har qanday taklif qayta ko‘rib chiqilishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Oradan ko‘p o‘tmay, Infantino global strategiya va boshqaruv bo‘yicha katta maslahatchisi Carlos Cordeiro iste’foga chiqdi. U reja “futbol uchun yomon kelishuv” ekanini va “futbol kelajagini garovga qo‘yishi”ni ta’kidladi.

Burnham esa bu tashabbusni “sharmandali taklif” deb atab, “bunday g‘oya umuman ko‘tarilgani o‘ziyoq, meningcha, u tashkilotni boshqarish uchun noto‘g‘ri odam ekanini ko‘rsatadi”, dedi.

Raqamlar Infantino tarafida emas

AFCning ochiq qarshiligi endi siyosiy matematikani keskin o‘zgartirdi. Infantino rejasi FIFA kongressida ovozga qo‘yilsa, tasdiqlanishi nihoyatda qiyinlashadi.

Prezident avvalroq bu taklif oddiy ko‘pchilik bilan qabul qilinishini aytgan edi. Demak, 211 a’zodan kamida 106 tasi “ha” deb ovoz berishi kerak.

Bu yerda kuch markazlari yaqqol ko‘rinadi: Yevropa futboli boshqaruv organi Uefa – 55 ovoz, Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasidagi futbolni boshqaruvchi Concacaf – 35, Osiyo esa 46 ovozga ega.

Agar barcha a’zolar o‘z konfederatsiyasi pozitsiyasiga amal qilsa, 136 ta assotsiatsiya Infantino rejasiga qarshi safga chiqadi. Bu esa zarur ko‘pchilikdan ancha yuqori to‘siq.

FFE va “kam monetizatsiya qilingan” FIFA

Infantino va FIFA rejasi sodda ko‘rinadi, ammo oqibatlari chuqur. Tashkilot asosiy musobaqalarini, jumladan Jahon chempionatlarini boshqaruvchi tijoriy sho‘ba tuzmoqchi. Tashqi investorlar esa aynan shu yangi tuzilma ulushlarini sotib olishi mumkin.

Rejaga ko‘ra, FIFA yangi “Fifa Forward Enterprise (FFE)” deb nomlangan sho‘baga uchinchi tomonlarni “minoritar, nazorat qilmaydigan” investor sifatida taklif qilmoqchi.

JP Morgan investitsiya banki tayyorlagan 25 betlik hujjatda FIFA turnirlari kengayishi hisobiga 2035–2039-yillar siklida har bir a’zoga taxminan 24 million yevro to‘lov yetib borishi kutilayotgani yozilgan. Hujjatda “yangi biznes tashabbuslari” va “rag‘batga asoslangan maosh tizimi bilan eng yaxshi kadrlarga talab” haqida so‘z boradi.

Jahon chempionati “eng ko‘p tomosha qilinadigan” sport voqeasi sifatida ta’riflanadi, FIFA esa buning fonida “kam monetizatsiya qilingan” tashkilot sifatida ko‘rsatiladi.

Bir muhim jihat: hujjatda ayollar futboli haqida biror satr yo‘q.

Agar reja tasdiqlansa, FIFA ma’lumotiga ko‘ra, FFE uchun taklif etilayotgan investorlar guruhiga Thrive Eternal boshchilik qilishi kutilmoqda. Thrive – amerikalik venchur kapital kompaniyasi bo‘lib, uni Joshua Kushner asos solgan. U AQSh prezidenti Donald Trumpning kuyovi Jaredning ukasi.

Ichkaridan kelgan qo‘ng‘iroq: “Bu ishonib bo‘lmaydigan jarayon”

Lamour FIFA ierarxiyasida prezidentdan ikki pog‘ona pastda turadi. Shunga qaramay, u tilga olgan iboralar yumshoq diplomatik tilga o‘xshamaydi.

BBC Sport ko‘rgan bayonotida u so‘nggi kunlarda e’lon qilingan rejalar va oylar davomida “parda ortida bo‘layotgan ishlar aql va tasavvurga sig‘masligini” yozadi. Uning fikricha, bunday sharoitda FIFA ma’muriyati o‘z vazifasini bajarishi tobora qiyinlashib bormoqda.

Lamour o‘z nomidan gapirayotganini, hamkasblari o‘rnidan so‘zlay olmasligini tan oladi, lekin ichki kayfiyatni shunday his qiladi: FIFAda ishlashdan faxrlanish hissi ko‘plar uchun yo‘qolib bormoqda.

Cordeiro: “Savollar javobsiz, lekin qaror shoshilinch”

Cordeiro FIFAdagi to‘rt yil-u o‘n bir oylik faoliyatini keskin nuqtada yakunladi. U 2021-yil sentabrida tayinlangan, 2026-yilgi Jahon chempionati bo‘yicha Oq uy ishchi guruhida FIFA vakili bo‘lgan, avval esa Goldman Sachs bankida investitsiya bankiri sifatida ishlagan. Endi esa bu reja bo‘yicha iste’fo bergan ilk yuqori martabali shaxsga aylandi.

U uzun bayonotida rejaga “mutlaqo” qarshi ekanini yozdi va FIFA “ko‘proq qiymat ochish” uchun tashqi investorlar kerak degan g‘oyani qabul qilmasligini bildirdi. Uning fikricha, bu taklif FIFA kelajagini belgilab beruvchi masalaga aylanib ulgurgan.

Cordeiro uchun asosiy chiziq aniq: FIFAning vazifasi “har qanday narxda tijoriy daromadni maksimal darajada oshirish” emas, balki futbolni kelajak avlodlar uchun himoya qilish va mustahkamlash. Bu tamoyillar to‘qnash kelsa, u aytganidek, “birinchi o‘ringa futbol qo‘yilishi kerak”.

U bu loyihani ishlab chiqishda ishtirok etmaganini ham alohida qayd etdi. Eng tashvishli jihat sifatida esa asosiy savollarga javob yo‘qligini ko‘rsatdi: “Nega aynan shu kelishuv? Nega aynan hozir? Qanday nazorat mexanizmlari bor? Kim yutadi?”

Uning yozishicha, bu savollar deyarli javobsiz qolmoqda, ammo a’zolikdagi assotsiatsiyalar atigi 50 kun ichida ulkan oqibatlarga ega qaror qabul qilishga majbur qilinmoqda – aks holda “ortda qolish” xavfi bor. Bu esa, Cordeiro nazarida, “dunyo o‘yini kelajagini belgilashning mas’uliyatli usuli emas”.

Pulga qaragan Afrika: “Har qanday qo‘shimcha resurs – imkoniyat”

Uefa a’zolari dunyodagi eng boy assotsiatsiyalar qatoriga kiradi. Ko‘plab boshqa mamlakatlar esa infratuzilmaning o‘zi uchun ham FIFA mablag‘iga tayanadi. Shu bois ham Infantino ayrim hududlarda hanuz ommabop.

AFC rejaga qarshi bo‘lsa-da, Uefa’dan farqli ravishda FIFA musobaqalarini boykot qilish bilan tahdid qilgani yo‘q. A’zolar ham ovoz berishda konfederatsiya pozitsiyasiga majburiy tarzda rioya etishi shart emas.

Uganda futbol federatsiyasi vakili Rogers Byamukama esa boshqa nuqtai nazarni taklif qildi. Unga ko‘ra, resurs yetishmovchiligi og‘ir bo‘lgan mamlakatlar uchun har qanday qo‘shimcha moliyaviy manba ko‘rib chiqilishi lozim.

U Afrika qit’asida futbol “nihoyatda qimmat loyiha” ekanini, resurslar esa osonlikcha topilmasligini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Ugandadagi ko‘plab infratuzilma loyihalari FIFA mablag‘lari hisobiga, ayniqsa Jahon chempionati davridagi chipta savdosi va homiyliklardan tushgan daromadlar orqali moliyalashtirilgan.

Byamukama FIFA tomonidan maktab futboli va ommaviy dasturlar uchun ajratilgan mablag‘larni ham misol keltirdi. Uning nuqtai nazari aniq: ko‘proq resurs olib kiradigan har qanday yo‘l ijobiy, chunki bu mablag‘lar, ayniqsa Afrikadagi federatsiyalarga tarqatilib, o‘sishga turtki beradi.

U Uefa fikr bildirish huquqini tan oldi, biroq Yevropa assotsiatsiyalari FIFA mablag‘iga butunlay qaram emasligini, dunyoning katta qismida esa vaziyat boshqacha ekanini eslatdi.

Katta pul oqimi va kengayib borayotgan Jahon chempionati

FIFA so‘nggi yillarda rivojlanish dasturlariga misli ko‘rilmagan miqdorda mablag‘ yo‘naltirdi. Fifa Forward dasturining dastlabki ikki sikli – 2022-yilgacha bo‘lgan davr – davomida 211 a’zoga jami 2,8 milliard dollar ajratildi.

Fifa Forward 3.0 – 2023–2026-yillarni qamrab oladigan bosqich – bu summani yana 30 foizga oshirdi. Har bir a’zoga qo‘shimcha 5 million dollar, har bir konfederatsiyaga esa o‘z loyihalari uchun 60 million dollardan berildi.

Bu raqamlar Infantino rejasi hamda unga qarshi pozitsiyalarni tushuntirib turibdi: kimdir uchun bu mustaqillikni xavf ostiga qo‘yuvchi tijoriy bosim, boshqalar uchun esa hayotiy infratuzilmani saqlab qolish imkoniyati.

FIFA 2026-yildan boshlab erkaklar Jahon chempionatini 32 jamoadan 48 jamoaga kengaytirgan bo‘lsa, endi 2030-yilgi turnirni 64 jamoaga chiqarish ehtimolini mustaqil agentlik orqali baholatmoqchi. Hujjatlarda ko‘rsatilgan muddatlarga ko‘ra, FIFA 7-avgustgacha agentliklardan taklif oladi, 14-avgustda qaror chiqaradi, tahlil xulosasi esa 11-sentabrga belgilangan.

Savol endi shunday: FIFA bu bosim ostida tijoriy kengayishni davom ettiradimi yoki ichkaridan kelayotgan ogohlantirish signallari va konfederatsiyalar isyoni bu yo‘lni keskin burib yuboradimi?