Qarzdorlik tuzog‘i: Suningning Inter ustidan nazoratni boy berishi
Yevropa futboli tobora ko‘proq moliya bozori qonunlari bilan yashayapti. AC Milan, Chelsea, Olympique Lyonnais kabi klublar ketma-ket qo‘l o‘zgartirar ekan, xususiy kapital fondlari uchun futbol endi shunchaki o‘yin emas, balki “o‘sish aktivi”.
Inter tarixi esa bu yangi davrning eng keskin, eng og‘riqli darsliklaridan biri bo‘lib qoldi.
Bu hikoyaning avvalgi bobida klub Italiya cho‘qqisiga qaytish uchun obligatsiyalar, qarzni qayta moliyalashtirish va murakkab moliyaviy konstruktsiyalar orqali qanday “benzin quyganini” ko‘rgan edik. Endi esa shu model yemirila boshlagan pallaga qaytamiz. Va yakunda kim g‘olib bo‘lganini ko‘ramiz: kuboklar emas, kreditorlar.
Burilish nuqtasi: to‘rt yil davom etgan qulashi
Suning uchun fojea bir kunda sodir bo‘lmadi. Jarayon to‘rt yilga cho‘zildi.
Hammasi Xitoyning chet el futbol loyihalaridan sekin-asta ortga tisha boshlashi bilan boshlandi, COVID-19 pandemiyasi esa bu jarayonni keskin tezlashtirdi.
2020-yilda ilk darzlar paydo bo‘ldi. Aynan o‘sha yili Oaktree tomonidan yakuniy egallab olishga olib keladigan zanjirli reaksiyaning poydevori qo‘yildi.
Xitoydagi bir nechta yirik konglomeratlar singari Suning ham ichki iqtisodiy bosim, ko‘chmas mulk inqirozi, pandemiya va davlatning korporativ qarzlarni qisqartirish siyosati ostida qolib ketdi. Yillar davomida qarz hisobiga xalqaro ekspansiya qilgan kompaniyalar birdan moliyaviy manevr qilish imkoniyatidan mahrum bo‘la boshladi.
Suningning o‘zida ham muammolar yetarli edi. Chakana savdo biznesi allaqachon bosim ostida bo‘lgan, taxminan 3,9 milliard yuan (qariyb 490 million yevro) atrofida zarar qayd etilgandi.
Natija aniq: Inter’ni avvalgidek pul bilan “quvvatlab turish” tobora qiyinlashdi. Aksiyador endi katta hajmda kapital qo‘sha olmasdi. Klub esa boshqa manbadan nafas izlashga majbur bo‘ldi.
Oaktree krediti: yuqori foiz, qisqa muddat, katta garov
Kerakli nafas 2021-yil may oyida keldi.
Distress aktivlarga ixtisoslashgan global investor Oaktree Suning’ga 275 million yevrolik kredit berdi. Yillik 12 foiz stavka. Uch yillik muddat. Kredit Inter emas, balki Suning klubni ushlab turgan Lyuksemburgdagi Grand Tower S.à r.l. xoldingi nomiga rasmiylashtirildi.
Aynan shu tuzilma hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarzni Inter emas, uning ustidagi xolding oldi. Demak, na asosiy qarz, na foiz to‘lovlari klub balansida ko‘rinmasdi.
Garov sifatida futbolchilar, matchday daromadlari yoki klub aktivlari emas, balki xolding aksiyalari qo‘yildi. Agar kredit qaytarilmasa, Oaktree xoldingni, demak avtomatik tarzda Inter’ni egallab olardi.
Bitimning ikki jihati ayniqsa ajralib turadi.
Birinchisi – foiz stavkasi. 12 foiz klubning avvalgi obligatsiyalariga nisbatan ancha yuqori edi. Bu Oaktree qabul qilayotgan xavf darajasini aks ettirdi: qaytarilish Inter moliyaviy natijalariga emas, Suningning kreditni qayta moliyalashtirishi, klubni sotishi yoki yangi kapital topishiga bog‘liq edi.
Ikkinchisi – uch yillik juda qisqa muddat. Xavf uchun joy deyarli qolmadi. Aniq ssenariylar bitta-ikkita edi: Suning Inter’ni sotadi va tushgan pul bilan kreditni yopadi, yoki muddat kelganda Oaktree klubni o‘z qo‘liga oladi. Amalda “oraliq yo‘l” yo‘q edi.
Bosim 2022-yilda yanada kuchaydi. Inter Media & Communication 6,75 foizlik foiz stavkasi bilan 415 million yevrolik yangi obligatsiya chiqarib, eski qarzlarni qayta moliyalashtirdi. Shu paytda Suningning Xitoydagi ahvoli yanada og‘irlashdi.
Inter’ni sotish tobora yagona real chiqish yo‘li bo‘lib ko‘rina boshladi.
Sotuv sahnasidagi muvaffaqiyatsizlik
2022-yil sentyabrida bir nechta nashrlar Zhang oilasi Goldman Sachs’ni xaridor qidirish uchun yollaganini xabar qildi. Narx – taxminan 1,2 milliard yevro. Bu RedBird’ning AC Milan uchun to‘lagan summasiga yaqin raqam edi. Keyinroq Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, jarayonga Raine Group ham jalb etilgan.
Maqsad sodda edi: Inter’ni shunday narxda sotish kerak ediki, Oaktree kreditini yopish, Suning o‘z sarmoyasining katta qismini qaytarib olishi va, imkon bo‘lsa, foyda ko‘rishi mumkin bo‘lsin.
Qog‘ozda Inter hanuz jozibali aktiv bo‘lib ko‘rinardi. Klub Italiyadagi eng yirik brendlardan biri, global muxlislar bazasi bor, tushumlari o‘sishda davom etardi, to‘rt mavsumda ikki marta Serie A chempioniga aylandi, 2023-yilda UEFA Champions League finaliga chiqdi.
Ammo raqamlar kulis ortida boshqacha manzara chizardi. Klubning obligatsiyalar dasturi kelajakdagi pul oqimlariga jiddiy bosim qilardi. Oaktree oldidagi qarz esa yuqori foiz va PIK (payment-in-kind) mexanizmi tufayli doimiy ravishda kattalashib borardi: to‘lanmagan foizlar asosiy qarzga qo‘shilib ketardi.
Tuzilma darajasidagi to‘siqlar ham bor edi. Italiya ichki teletranslyatsiya huquqlaridan tushadigan daromad deyarli o‘smasdi. Inter o‘z stadioniga ega emas edi. Klub San Siro’ni AC Milan bilan bo‘lishardi, arena esa Milan shahri mulkida qolardi. Potensial investorlar uchun bu stadionni modernizatsiya qilish yoki atrofida ko‘chmas mulk loyihalari orqali qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatlari cheklanganini anglatardi.
Natijada xaridorlar moliyaviy jihatdan sog‘lom, yuqori darajadagi klubni emas, balki katta qarzga botgan, o‘sish salohiyati cheklangan, stadion ustidan nazoratga ega bo‘lmagan va bir necha yil davom etgan agressiv sarf-xarajatlar asosida qurilgan xarajat bazasiga ega tuzilmani ko‘rishardi.
Qiziqish bo‘ldi. Lekin hech kim stolga yakuniy taklif qo‘ymadi.
Kreditor sahnaga chiqadi: Oaktree klubni egallaydi
Sotuv jarayoni barbod bo‘lgach, Suning oxirgi marta Oaktree kreditini qayta moliyalashtirishga urinib ko‘rdi. Bir nechta manbalarga ko‘ra, AQShlik PIMCO bilan muzokaralar o‘tkazildi. Ammo taklif etilgan yangi moliyalashtirish ham yana juda yuqori foiz stavkasini o‘z ichiga olishi aytildi.
Bitim amalga oshgan taqdirda ham, bu faqat muammoni bir necha yilga surib qo‘yishi, ammo yo‘nalishni o‘zgartirmasligi ehtimoli katta edi. Oxir-oqibat baribir ikki yo‘l qolardi: klubni sotish yoki majburiy ravishda egalikni topshirish.
Oaktree krediti qarzning qanchalik tez “qor uyumi”ga aylanishini ham ko‘rsatib berdi. 2024-yil may oyida kredit muddati tugagan paytda dastlabki 275 million yevro PIK mexanizmi hisobiga taxminan 395 million yevroga yetgan edi. Suning bu summani qaytara olmadi.
Suning ulushi qiymatining pasayishi ham vaziyat qanchalik keskin o‘zgarganini ochib berdi. Kompaniya Inter’dagi 68,55 foizlik paketini 586 million yevrodan atigi 148 million yevroga tushirib qayta baholadi – qariyb 75 foizlik “sochib yuborish”. Amalda Suning aksiyadorlik qiymatining katta qismi allaqachon yo‘qolganini tan oldi.
Inter brendi hanuz kuchli, sport nufuzi va global jozibasi saqlanib qolgandi, ammo og‘ir qarz yuki aksiyalar qiymatini deyarli butunlay yeb bitirdi.
2024-yil 22-may kuni Suning kreditni qaytara olmadi. Oaktree garov shartnomasida ko‘zda tutilgan huquqidan foydalanib, Inter ustidan nazoratni qo‘lga oldi. Bu klassik ma’nodagi sotib olish emasdi – klub bozor narxida xarid qilingani yo‘q. Egalik shunchaki kreditor o‘z garovini amalga oshirgani uchun o‘zgardi.
Suning davrining asosiy sabog‘i, ehtimol, shunda. Qarz Inter’ning sport ambitsiyalarini moliyalashtirish bilan cheklanib qolmadi. U yakunda klub egasini ham belgilab berdi.
Nazoratning sekin siljishi: kuboklardan ko‘ra, balans muhimroq bo‘ldi
Suning Inter’ni bir kechada yo‘qotmadi. Nazorat asta-sekin klub moliyaviy arxitekturasi bo‘ylab siljidi: avval obligatsiya egalari tomon, yakunda esa Oaktree qo‘liga.
2024-yil mayida Oaktree garovni amalga oshirgan paytga kelib, yakuniy ssenariy deyarli muqarrar bo‘lib ulgurgan edi.
Endi esa savol boshqa: distress qarz bo‘yicha mutaxassis sifatida tanilgan investor Yevropaning eng yirik klublaridan birini qanday boshqaradi? Va Inter qarzga suyangan o‘sish modelidan haqiqatan ham barqaror moliyaviy davrga o‘ta oladimi?






