sport pulse

Belgiyaning ‘oltin avlod’i qayta tug‘ilyaptimi?

Jahon chempionati boshlanganiga atigi 30 kun bo‘ldi. Turnir startida Belgiyani chempionlikka asosiy da’vogarlar qatoriga qo‘shganlar ko‘p emasdi. Yana kim ham ishonardi — avvalgi yirik turnirlarda sahnani egallagan yulduzlarning yarmi yo‘q, “oltin avlod” deya ulug‘langan davr ortda qolgandek ko‘ringandi.

Ammo 1/8 finalning 85-daqiqasida Senegal 2:0 hisobida oldinda ketayotganda hamon ularga ishonib turganlar yanada kamroq edi. O‘sha daqiqalarda Belgiya deyarli chetlanib bo‘lgandek ko‘rindi.

Shu joyda hammasi o‘zgardi.

Senegal ustidan tarixiy “kam-bek”. Ortidan esa mezbon AQShni 4:1 hisobida yanchib tashlagan, turnirning eng ishontiruvchi o‘yinlaridan biri. Endi “Qizil iblislar” chorak finalda. Oldinda — Ispaniya. Yarim final yo‘llanmasi uchun jang.

Bu endi chindan ham tugagan “oltin avlod”mi yoki Rudi Garcia eski quvvatni yangi shaklda uyg‘otib, boshqa Belgiyani yaratdimi?

Eski yulduzlar soyasida yangi yuzlar

Eden Hazard, Mousa Dembele, Marouane Fellaini, Vincent Kompany — bular endi faqat xotira. Ammo tarkib hanuz kuchli: Thibaut Courtois, Romelu Lukaku, Kevin De Bruyne, Axel Witsel bor. Turnirni juda sust boshlagan Belgiya bugun birdaniga jiddiy raqibga aylangan.

2014-yilda Braziliyada chorak final, 2018-yilda Rossiyada yarim final. O‘sha payt Belgiya o‘z cho‘qqisida edi. 2022-yil Qatarda esa to‘liq qulashi — guruh bosqichidayoq Marokash va Xorvatiya ortida qolib ketish. Shundan keyin “oltin avlod” haqidagi ertak yakunlangandek tuyulgandi.

Courtois bunga boshqacha qaraydi. To‘rtinchi Jahon chempionatini o‘tayotgan “Real Madrid” darvozaboni AQShga qarshi o‘yindan avval bu safar boshqa Belgiya maydonga tushayotganini aytgandi. Uning fikricha, eski yulduzlar bilan birga yangi to‘lqin sahnaga chiqmoqda va ular mamlakat futbol tarixiga o‘z sahifasini yozmoqchi.

Gapda jon bor. Yoshlar endi yukning katta qismini ko‘tarishyapti.

2014 va 2018-yillardan qolgan to‘rt futbolchidan faqat Courtois 34 yoshida har daqiqa maydonda. Qolganlar rolini o‘zgartirdi.

37 yoshli Witsel — “La Liga”dan tushib ketgan “Girona”ni tark etgan veteran — AQShga qarshi uchrashuvda bor-yo‘g‘i bir daqiqa o‘ynadi. Lukaku 33 yoshda, uchta gol urgan, lekin maydonda umumiy vaqti 50 foizdan kam. U endi ko‘proq zaxiradan tushib, De Ketelaere bosimi bilan holdan toygan himoyachilarni yakuniy zarbalar bilan jazolaydi.

De Bruyne esa 35 yoshda Senegal bilan o‘yinda jarohat oldi. U maydonda bo‘lganida Belgiya uch uchrashuvdan faqat bittasini yutgan edi. Uning ketishidan so‘ng atigi 130 daqiqada ikki g‘alaba, yettita gol.

2018-yil tajribasiga ega yana bir futbolchi — qanot himoyachisi Thomas Meunier. Turnir davom etgani sayin uning ham maydondagi daqiqalari qisqarmoqda.

Bu raqamlar katta sahnani endi boshqalar egallayotganini ko‘rsatadi. Biroq tajribali futbolchilar ahamiyatsiz bo‘lib qolgani yo‘q: Courtois hanuz dunyoning eng kuchli darvozabonlaridan biri, Lukaku gollari bilan hal qiluvchi, De Bruyne jarohatga qadar jamoaning eng yorqin o‘yinchilaridan edi.

Farqi shundaki, endi ulardan har o‘yinda 90 daqiqalik mukammal spektakl emas, balki hal qiluvchi lahzalarda zarba berish, kiyinish xonasida so‘z topish, yoshlarni boshqarish talab qilinmoqda.

Hozircha esa Garcia bu o‘tish davrini ko‘plab terma jamoalarga qaraganda ancha yumshoq o‘tkazayotganga o‘xshaydi.

Garcia uchun “veteran” so‘zi haqorat

Garcia yoshi katta futbolchilar atrofidagi bahslarni yoqtirmaydi. Uning fikricha, raqamlar emas, sifat gapirishi kerak. U turnir boshidayoq to‘rt yetakchisiga nisbatan “veteran” so‘zi ishlatilishidan noroziligini ochiq aytdi, bu atamani “xunuk” va “yoqimsiz” deb atadi.

Murabbiyning nuqtai nazari aniq: agar mamlakat shunday darajadagi futbolchilarga ega bo‘lsa, ularni yoshi uchun emas, sinfi uchun qadrlash kerak. Belgiyaning “keksalari” hamon o‘yin taqdirini o‘zgartirishga qodir.

Ammo hozirgi jamoa faqat ularga suyanmayapti. 2014 va 2018 bosimidan xoli bo‘lgan, ammo Yevropaning kuchli klublarida chiniqqan futbolchilar oldinga chiqmoqda.

Yangi yuzlar, yangi ritm

“Arsenal” hujumchisi Leandro Trossard — bu turnirda Belgiyaning eng yorqin figuralaridan biri. U raqiblar uchun doimiy bosh og‘rig‘iga aylandi: hozircha hech kim undan ko‘p golli vaziyat yaratgani yo‘q — 17 ta. Ikki gol, ikki golli uzatma bilan u umumiy samaradorlik bo‘yicha ham eng yaxshilar qatorida.

Charles De Ketelaere — statistikada ko‘p ko‘rinmaydigan, lekin maydonni ochib beradigan futbolchi. U ikki gol urdi, bitta golli uzatma berdi, lekin uning asl qadri — qanotdagilar uchun jarima maydoni ichini bo‘shatib berishi, himoyani chuqurga tortishi. Aynan uning yuqori pressingidan charchagan himoyachilar ustiga Lukaku yangidek tushadi.

Club Brugge sardori Hans Vanaken — hech qachon chet el chempionatlarida o‘ynamagan, ammo 33 yoshida hamon o‘yin o‘qish bo‘yicha yuqori darajada. Uning hisobida bitta gol va ikki golli uzatma bor.

Eng dramatik sahna esa Senegal bilan bo‘lgandi: sardor Youri Tielemans avval hisobni tenglashtirdi, so‘ng g‘alaba to‘pini kiritdi. Bu faqat o‘yin emas, butun turnir taqdirini o‘zgartirgan lahzalar edi.

25 yosh va undan kichik 13 futbolchidan hozircha faqat Manchester City vakili Jeremy Doku haqiqiy elit darajadagi nom sifatida ko‘rinadi. Ammo Diego Moreira, Matias Fernandez-Pardo singari qanotdagilar salohiyatini ko‘rsatib ulgurmoqda, Aston Villa yarim himoyachisi Amadou Onana esa AQShga qarshi o‘yinda tizzasidan og‘ir jarohat olguniga qadar markazda juda ishonchli ko‘rindi.

Bu — aralash avlod. Lekin aynan shunday tarkiblar ko‘pincha eng xavfli bo‘ladi.

Bir terma jamoa, uch til, bitta maqsad

Belgiya faqat maydonda emas, kiyinish xonasida ham murakkab tuzilishga ega. Kimdir shimoliy viloyatlardan, ona tili — niderlandcha. Kimdir fransuz tilida so‘zlashadigan Valoniyadan. Ko‘pchilik ikki tilni biladi, lekin hammasi ham emas.

Shu bois umumiy muloqot uchun ko‘pincha ingliz tili tanlanadi. Bu — tasodifiy qaror emas, strategiya.

Til masalasi Belgiyada siyosat va shaxsiylik bilan bevosita bog‘liq. Bir tomonda niderland tilida so‘zlashuvchilar, ikkinchi tomonda fransuz tilidagilar. Agar terma jamoa ichida faqat bitta mahalliy til tanlansa, bu darhol keskin munozaraga aylanadi.

Ingliz tili esa neytral maydon. Ayniqsa, yosh futbolchilar uchun: ularning ko‘pi chet elda, aynan ingliz tilida so‘zlashiladigan klublarda o‘ynaydi. Katta guruh yig‘ilganda hamma bir xil masofada turadi, hech kim o‘zini chetda his qilmaydi. Shaxsiy, yaqin suhbatlarda esa futbolchilar o‘zlariga eng qulay tilga qaytadi.

Bu yondashuv maydondagi uyg‘unlikka ham ta’sir qilmay qolmaydi. Har xil madaniyat, har xil futbol maktabi, lekin bitta libos, bitta maqsad.

Endi navbat Ispaniyaga

Endi savol bitta: bu Belgiya Ispaniya to‘sig‘idan o‘ta oladimi?

Agar o‘tsa, bu “oltin avlod”ning oxirgi zarbasi emas, balki yangi davr kirish qismi sifatida tarixga kiradi. Courtois, Lukaku, Witsel, De Bruyne singari ustozlar endi maydon markazida emas, balki atrofida — murabbiyga yaqin, yoshlar yonida, kiyinish xonasining yuragi sifatida turibdi.

Ularning so‘zlari, tajribasi, qisqa, lekin hal qiluvchi daqiqalardagi sovuqqonligi endi avvalgidan ham muhimroq. Qolganini esa Trossard, De Ketelaere, Tielemans va yangi to‘lqin bajaradi.

Juma kuni kechqurun, soat 20:00 da Ispaniyaga qarshi o‘yin boshlanganda, bu savolga javob izlayotganlar ko‘p bo‘ladi: Belgiyada haqiqatan ham yangi avlod sahnaga chiqdimi yoki eski yulduzlar hali ham eng muhim spektaklni o‘zlari yopib qo‘yadimi?