sport pulse

DeMar DeRozan qanday qilib Stephen Curry’ni 10 yillik “clutch” reytingida ortda qoldirdi

Stephen Curry deganda ko‘z oldimizga birinchi navbatda oxirgi daqiqadagi uchliklar keladi. Statistikalar ham buni tasdiqlaydi: u Dimers o‘rgangan 10 mavsumda “clutch” vaziyatlarda 141 ta uchlik kiritgan, har o‘yinga o‘rtacha 0.64 tadan. DeMar DeRozan esa atigi 0.10. Farq ulkan. Lekin baribir yetarli bo‘lmadi. Reytingda birinchi o‘rinni DeRozan oldi.

Bu qanday bo‘ldi?

Reytingning yuragi – ochkolar, va DeRozan bu yerda hukmron

Dimers 2016-17 mavsumidan 2025-26 yilgacha bo‘lgan 10 yillik davrni ko‘zdan kechirdi. Tahlilga faqat bitta mezon kiritildi: to‘rtinchi chorak yoki qo‘shimcha daqiqalarning so‘nggi besh daqiqasi, hisob farqi besh ochko yoki undan kam bo‘lgan vaziyatlar. Ya’ni, haqiqiy asab o‘yini.

Shu sharoitda kamida 250 ta zarba yo‘llagan 80 nafar o‘yinchi tanlab olindi.

DeMar DeRozan 312 ta o‘yinda “clutch” daqiqalarda maydonga tushib, jami 1 408 ochko to‘plagan. Ikkalasi ham – o‘yinlar soni ham, ochkolar yig‘indisi ham – tadqiqotdagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Curry 90 ta kam o‘yinda 943 ochko jamlagan. Shunchaki umumiy raqamlar DeRozanning ustunligini ko‘rsatadi, lekin tabiiy savol tug‘iladi: bu farq faqat ko‘proq “teng” o‘yinlarda qatnashgani uchungina emasmi?

O‘rtacha ko‘rsatkich bunga javob beradi. DeRozan har “clutch” o‘yinida 4.51 ochko urgan, Curry – 4.25. Bu mezonda ham DeRozan hammadan oldinda. Trae Young – 4.28, Kyrie Irving – 4.26. Ya’ni, DeRozan nafaqat ko‘proq imkoniyat olgan, balki har imkoniyatda ham boshqalardan samaraliroq bo‘lgan.

Dimers tuzgan Clutch Index’da umumiy “clutch” ochkolarga 30%, o‘rtacha “clutch” ochkolarga 20% ulush berilgan. DeRozan ikkala bo‘limda ham maksimal ball olgan. Ustiga ustak, uning umumiy maydondan aniqligi 47.1%, Curry esa 44.1%. Shunday qilib, reytingning 75% ini tashkil qiladigan uchta asosiy ustunda DeRozan raqibini ortda qoldirdi.

Curry’ning birinchi bo‘lishi uchun qolgan 25% da juda katta ustunlik ko‘rsatishi kerak edi.

Curryning quroli – uchliklar va penaltilar, lekin bu safar yetmadi

Curry ikki toifa bo‘yicha DeRozandan aniq ustun: uchliklar va jarima chiziği.

U “clutch” o‘yinlarida har uchrashuvda o‘rtacha 0.64 ta uchlik kiritgan. Bu DeRozanning ko‘rsatkichidan olti baravardan ham ko‘p. Jarimalarda esa 92.8% aniqlikka ega bo‘lgan, DeRozan undan 7.5 foiz bandga ortda qolgan. Har ikkala toifa ham indeksda 12.5% dan ulushga ega.

Bu ustunliklar befoyda ketgani yo‘q. Yakuniy reytingda DeRozan 96.84 ball, Curry esa 91.92 ball oldi. Farq bor, lekin uzilish emas. Faqat ustunliklar mutlaqo boshqa joyda bo‘ldi.

Curry kiritgan 141 ta uchlik unga 423 ochko olib kelgan – “clutch” ochkolarining deyarli 45 foizi aynan shu zarbalardan. Bu nafaqat uchliklar toifasida, balki umumiy va o‘rtacha ochkolarda ham uni yuqoriga ko‘targan. DeRozan esa shu vaziyatlarda ko‘proq ochko jamlagan bo‘lsa-da, buni asosan ikki ochkoliklar va o‘rtacha masofali zarbalar hisobiga bajargan.

Nikola Jokic – uchinchi o‘rin va yana bir o‘lchov

Nikola Jokic uchinchi pog‘onadan joy oldi va bahsga yana bir o‘lcham qo‘shdi. U maydondan 50.1% aniqlik bilan otgan – TOP-10 ichida eng yaxshi ko‘rsatkich. “Clutch” uchliklar bo‘yicha ham DeRozandan yuqori. Jami 1 166 ochko to‘plagan – bu raqam DeRozannikiga Curry’nikidan ko‘ra yaqinroq.

Ammo DeRozan har “clutch” o‘yinida Jokicdan yarim ochkoga ko‘proq – o‘rtacha 4.51 ochko jamlagan. Jarimalarda ham ustun: 85.3% ga 80.9%.

Natijada bitta manzara paydo bo‘ladi: DeRozan Curry bilan solishtirilganda – maydondan aniqroq, Jokic bilan solishtirilganda – jarima chizig‘ida ishonchliroq. Har ikkala taqqoslashda ham hal qiluvchi ustunlik bitta: “clutch” daqiqalarda ko‘proq ochko.

LeBron, Trae Young, Irving – reyting nimani qadrlashini ko‘rsatadigan misollar

LeBron James beshinchi bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, uning 1 023 “clutch” ochkosi Curry’nikidan ham ko‘p. Maydondan aniqligi ham yuqori – 47.7%, DeRozannikidan ham biroz yaxshi.

Ammo jarima chizig‘i hammasini o‘zgartiradi. LeBron bu yerda atigi 69.5% bilan otgan va TOP-10 ichida 80% dan past bo‘lgan yagona o‘yinchi bo‘lib qoldi. Curryning penaltilardagi ustunligi va o‘rtacha “clutch” ochkolari LeBronni uch pog‘ona ortda qoldirishga yetdi, garchi umumiy ochkolarda u 80 ochkoga oldinda bo‘lsa ham.

Trae Young’ning to‘qqizinchi o‘rni ham shu mantiqni tasdiqlaydi. U “clutch” daqiqalarda Curry, Jokic va LeBron’dan ko‘proq o‘rtacha ochko jamlagan, lekin maydondan aniqligi 39.7% da qolgan. Irving bilan taqqoslanganda yanada ravshanlashadi: ikkalasi ham har o‘yinga 0.38 tadan uchlik kiritgan, lekin Irving maydondan 45.1%, jarimalardan 89.7% bilan otgan. Young esa ikkala ko‘rsatkichda ham ortda qolgan va natijada Irvingdan besh pog‘ona pastga tushgan.

Bitta kuchli kategoriya o‘yinchini yorqin ko‘rsatishi mumkin. DeRozan esa o‘z ishini bir nechta asosiy bo‘limlarda birday barqaror qurgan.

10 yillik “clutch” bahosining asl ma’nosi

Dimers reytingi bitta zarba emas, yuzlab, minglab asabiy lahzalarni o‘lchaydi. Kim oxirgi zarbani olishi kerak, degan savol boshqa bahs. Bu yerda savol boshqacha: kim 10 mavsum davomida eng ko‘p va eng barqaror tarzda “clutch” ochkolarni yetkazib berdi?

Javob – DeMar DeRozan.

U umumiy ochkolarda ham, o‘rtacha ko‘rsatkichda ham maydonga boshqacha darajada chiqdi: 4.51 ochko – aynan shu raqam uni ro‘yxat tepasiga olib chiqqan. Curryning uchliklari, Jokicning aniqligi, LeBronning hajmi, Young’ning portlashi – bularning barchasi reytingda o‘z o‘rnini topdi.

Ammo o‘n yillik “clutch” marafonda eng oldinda kelgan ism bitta bo‘ldi: DeMar DeRozan. Endi savol boshqa: tarix bu davrni eslaganda, uning nomini yetarlicha baland ovozda aytadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil