Elliot Anderson va Ewan Ireland: Ikki yo‘l, bir taqdir
Akademiya suratidagi ikki bola. Biri — bugun Manchester City bilan Premier League shon-shuhrati sari yugurayotgan Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Elliot Anderson. Ikkinchisi — Ewan Ireland. U yangi mavsumni stadionda emas, qamoqxona kamerasi eshigi ostidagi temir soyada kutib oladi.
2010 yil. Newcastle United akademiyasi. Taxminan to‘qqiz yoshli bolalar saf tortgan oddiygina jamoa surati. Ammo o‘sha kadr ichida taqdirlar keskin ikkiga yorilganini hech kim tasavvur qilmagandi.
Ikki yo‘l: Etihad sari va umrbod qamoq sari
Bugun Elliot — Angliya terma jamoasining Jahon chempionatidagi yorqin yuzlaridan biri. Three Lions 60 yillik tanaffusdan so‘ng finalga bir qadam qolganda u maydon markazida o‘z o‘yinini ko‘rsatdi. So‘ng 116 million funtlik transfer bilan Etihad sari yo‘l oldi. Yulduzlar bilan yonma-yon: Erling Haaland, Phil Foden va boshqa elita futbolchilar bilan bir safda.
Ewan Ireland esa o‘sha turnirni faqat televizor orqali ko‘rdi. Qamoqxona bo‘limida, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan holda.
Shimoliy-sharq futbol jamoatchiligi bu ikki ismni yaxshi biladi. Eng alam qiladigani — ko‘pchilik Ewan’ni Elliotdan ham iqtidorliroq deb hisoblagan paytlar bo‘lgan. U haqida “yosh Paul Gascoigne” degan ta’riflar yurgan. Akademiyada u eng yorqin iste’dodlardan biri sifatida ko‘rilgan, hatto ba’zilarning nazarida Elliotning bugungi yutuqlarini ham ortda qoldirishi mumkin edi.
Bir skautning so‘zlari bu kontrastni yanada chizib beradi: Ewan — “ajoyib futbolchi, o‘sha avloddagi eng yaxshilardan biri”, Elliot esa kichikligidan yetakchi, mehnatkash, tabiiy iste’dodini to‘liq ishga solgan bola sifatida eslanadi. Biri yo‘lidan adashdi. Ikkinchisi esa shu yo‘l bo‘ylab oxirigacha borishga qat’iy qaror qildi.
“Gazza”ga qiyoslangan bola va yo‘qolgan iste’dod
Ewan bilan ishlagan murabbiylar uni eslar ekan, ohang birdan pasayadi. “Gazza” bilan qiyoslashlar, “Newcastle United Academy’dagi eng yaxshi futbolchi” degan baholar, tomoshabinlarni hayratga solgan driblinglar, to‘p bilan qilgan mo‘jizalari… Bularning bari hozir faqat xotira.
Murabbiylardan biri “Bu — men ko‘rgan eng yaxshi bola”, deya eslaydi. Ammo shu gapning ortidan darhol ikkinchi jumla keladi: “Maydon tashqarisida muammolari juda ko‘p edi”.
Elliot shu orada yulduz sari ko‘tarila boshladi. Mashg‘ulotlarda tirishqoqlik, intizom, bosim ostida ham o‘sish. Ewan esa asta-sekin jinoyat olamiga sirg‘alib keta boshladi.
Taxminan 2015 yilda u Newcastle akademiyasidan intizomiy muammolar sabab chiqarib yuborildi. Ortidan maktabdan chetlatish, mahalliy klubdan mashg‘ulotga pichoq olib kelgani uchun haydalish. Uyida esa onasini pichoq bilan quvish, bir qizga yuziga ammiak sepish kabi jinoyatlar bilan to‘lib borayotgan “rezyume”.
Iqtidor hali ham bor edi. Ammo yo‘l allaqachon o‘zgargan, boshqaruvni boshqa kuchlar qo‘lga olgan edi.
Bir lahza, bir to‘qnashuv, bir hayot tugadi
2019 yil 14 avgust. Newcastle markazi. Oddiy ish kuni. 52 yoshli yurist Peter Duncan ishidan chiqib, avtobusga shoshilardi. U o‘z uyiga, o‘z oilasiga qaytayotgan edi.
O‘sha paytda 17 yoshli Ewan Ireland boshqa reja bilan yurar, Poundland’dan endigina 12 dyuymli yassi uchli otvёрtka o‘g‘irlab, kelishilgan janjalga tayyorlanayotgan edi. Qurol hamyonida, kayfiyat keskin.
Savdo markazi eshigi oldida ikki yo‘l kesishdi. Tasodifiy tegib ketish. Oddiy, har kuni yuz marta sodir bo‘ladigan vaziyat. Ammo bu safar u halokatli bo‘ldi. Ewanning g‘azabi portladi. Otvёрtka ko‘tarildi. Bir zarba. Ko‘krakdan. Peter Duncan yerga qulab tushdi.
Sudda Ewan Ireland qotillikni tan oldi. Unga umrbod qamoq jazosi tayinlandi, kamida 15 yil o‘tirmasdan turib shartli ravishda ozodlikka chiqish masalasi ko‘rib chiqilmaydi. Sudya so‘zlari qattiq, ammo aniq edi: mehnatkash, mehribon otaning hayoti tugadi, uning oilasiga esa umrbod qayg‘u yuklandi.
2034 yil. Ewan ilk bor shartli ozodlikni so‘rashi mumkin bo‘lgan yil. O‘sha paytda Elliot 23 yoshida bo‘ladi va kutilishicha, yana bir Jahon chempionatida, bu safar Saudiya Arabistonida, Angliya safida maydonga tushishi ehtimoli katta.
Bir paytlar bir xil futbol formasida yonma-yon turgan ikki bola taqdirining qanchalik uzoqlashgani shu raqamlarning o‘zidayoq ko‘rinib turibdi.
Oilaning g‘ururi va maydondagi meros
Ewan o‘z jinoyati bilan oila nomini sharmandaga chiqardi. Elliot esa aksincha, har bir bosqichi bilan oilasiga faxr olib kelmoqda.
Uning oilasi — zich, mehnatkash, sportga oshno. Newcastle’dan Forest, u yerdan City sari yo‘l olgan Elliotni ular har qadamda kuzatib bordi. Endi u Etihad gazonida yulduzlar bilan yonma-yon yuguradi.
Taqqoslashlar bu yerda ham davom etadi. Bir paytlar Ewan “Gazza”ga o‘xshatilgan bo‘lsa, Elliot ham katta nomlar bilan yonma-yon tilga olinadi. 2022 yilda, u 19 yoshida Newcastle safidan League Two jamoasi Bristol Rovers’ga ijaraga berilganda, tomoshabinlar uni Diego Maradona bilan solishtira boshladi. “Geordie Maradona” laqabi tezda unga yopishib qoldi.
Endi esa u yakshanba kuni Bournemouth’ga qarshi o‘z uyida yangi mavsumni boshlash arafasida. Bu safar boshqalarning soyasida emas, o‘z nomi bilan sarlavhalarga chiqishga tayyor.
Bu yo‘lda uni maydonga yana bir kuch olib chiqadi — marhuma onasi Helenning ruhi. U 54 yoshida, uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng, aprel oyida vafot etdi. Jahon chempionati paytida Elliot o‘z ichki og‘rig‘ini yashirmadi: oxirgi olti oy ichida uning futboli onasiga quvonch ulashayotganini, kasalligini yengishga yordam berayotganini aytgan. Endi esa har bir pas, har bir yugurish, har bir gol — onasi nomiga bag‘ishlangan.
“Endi qiladigan hamma ishlarimni uning uchun qilishim kerak”, degan edi u o‘sha paytda. Bu gap hozir maydondagi har bir harakatida aks etayotgandek.
Futbol nasl-nasab va oldinga qaragan ko‘zlar
Elliotning iste’dodi tasodif emas. Oilada sport qon bilan kelgan. Uning ikki akasi ham sportchi: Wil — bokschi va Love Island orqali keng ommaga tanilgan, Louis — yana bir futbolchi. Onasi tomoni bo‘yicha bobosi Geoff Allen 1960-yillarda Newcastle United safida o‘ynagan. Otasi Iain esa yoshligida havaskor darajada yaxshi hujumchi bo‘lgan, hozir burg‘ulash kompaniyasini boshqaradi.
Elliotning ilk qadamlarini ko‘rganlar orasida ustozlari ham bor. Wallsend Boys klubi murabbiyi va o‘qituvchisi Jonathan Roys unga ingliz tili va jismoniy tarbiya dars bergan, maydonda esa ilk qadamlari guvohi bo‘lgan. U Elliot haqida gapirar ekan, bitta detalni alohida eslaydi: o‘sha paytdan boshlab ular o‘rtasida “u bir kun Angliya terma jamoasida o‘ynaydi” degan garov bo‘lgan.
Roysning so‘zlariga ko‘ra, sakkiz-to‘qqiz yoshligidayoq Elliot boshqa bolalardan butunlay ajralib turgan. Akademiyalarda yaxshi futbolchilar ko‘p bo‘ladi, lekin u “boshqa o‘yin” o‘ynayotgandek tuyulgan.
Bugun u o‘sha va’dani bajardi. Har bir bosqichda “alohida” bo‘lishni davom ettirdi va endi City hamda Angliya muxlislariga yillar davomida zavq ulashishga tayyor turibdi.
Uning yonida esa bir paytlar “eng yaxshi bola” deb atalgan sobiq jamoadoshi yo‘q. Ewan Ireland qamoqxona devorlari ortida o‘tiribdi. Uning ortida esa faqat bitta narsa qolgan: tasodifiy uchrashuvda hayotdan ayrilgan begunoh insonning oilasi, do‘stlari va abadiy og‘riq.
Futbol esa davom etadi. Maydonda Elliot Anderson nomi yangraydi. Savol esa ochiq qoladi: iste’dod va imkoniyat berilgan paytda, qaysi yo‘lni tanlash — aslida eng katta o‘yin emasmi?







