Janubiy Koreya jahon chempionatida mag‘lubiyatdan so‘ng ruhiy zarba
Monterrey tuni Janubiy Koreya uchun alamli yakunlandi. Janubiy Afrika futbolchilari qo‘shiq aytib, quvonchdan sakrab kiyinish xonasiga yo‘l olar, koreyaliklar esa maydondan bosh egib qaytardi. 1:0 hisobidagi mag‘lubiyat – natija emas, ruhiy zarba bo‘ldi.
Tunnel bo‘ylab ikki jamoa yo‘llari kesishgan payt esa kayfiyat yanada taranglashdi. Janubiy Afrika shtab a’zolaridan biri tasodifan koreyaliklar yonidan o‘tib ketayotib, Hwang In-beomga tegib ketdi. Hamma narsa shu ondan boshlandi. Hissiyotlari allaqachon charchagan, alamdan junbushga kelgan Hwang o‘zini tiya olmadi va keskin ohangda: “Biroz hurmat qiling”, degan mazmundagi so‘zlar bilan javob qaytardi. Bir lahzaga tunnel janjal maydoniga aylanadigandek tuyuldi.
Afsuski, maydonda xuddi shunday jangovorlikni ko‘rishmadi.
Koreya bu o‘yinda o‘ziga xos tish ko‘rsatolmadi, pressing bo‘sh, hujumlar esa tartibsiz bo‘ldi. Raqibga nisbatan jahl, g‘urur, qarshilik – hammasi o‘yin tugagach, tunnelda yuzaga chiqdi, xolos. Maydonda esa Janubiy Afrika intizomli, ishonchli va qat’iyatli ko‘rindi.
Kechikkan kapitan
O‘yin tugaganiga ancha bo‘lganida ham Son Heung-min ko‘rinmadi. U doping nazoratiga tanlangan edi, shuning uchun aralash zona oldida kutgan koreyalik jurnalistlar bilan uchrashuv ikki soatdan ortiq vaqtga surildi. Nihoyat, kapitan paydo bo‘lgach, hamma savollar bir nuqtaga borib taqaldi: ichkarida, kiyinish xonasida nima bo‘lyapti?
Son ohangini aniq qilib, gapni keskin boshladi. U jamoa ichidagi muhit borasidagi shubhalarni rad etishga urinib, “kiyinish xonamizdagi vibeda hech qanday muammo yo‘q”, deya ta’kidladi. So‘zini davom ettirar ekan, “jamoa atmosferasida nol darajada muammo borligini halol ayta olaman”, deb qo‘shimcha qildi.
Bu gaplar natija fonida yanada qattiqroq yangradi. Uchta o‘yin, atigi uch ochko, umumiy to‘plar nisbati -1. Shunday fon ostida “hammasi joyida” degan da’vo, tabiiyki, bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi.
Kengaygan turnirning g‘alati manzarasi
Haqiqat shuki, hozirgi formatdagi kengaytirilgan jahon birinchiligi g‘alati paradoksni yuzaga chiqarmoqda. Janubiy Koreya uch o‘yindan so‘ng hamon pley-off uchun kurashda. Uch ochko, manfiy to‘plar nisbati – odatda bu raqamlar bilan chemodan tayyorlanadi. Bu safar esa hisob-kitoblar boshqa.
Bu, albatta, turnir tizimiga savollar tug‘diradi. Guruh bosqichidan chiqish mezonlari shu qadar yumshab ketdiki, ba’zi jamoalar o‘rtamiyona o‘yin bilan ham keyingi bosqichga umid saqlab qolmoqda. Janubiy Koreya ham shunday holatda: maydondagi ishonchsiz, bo‘sh o‘yin fonida ham imkoniyat eshigi hanuz berk emas.
Ammo raqamlar hamma narsani aytib turibdi. Uch uchrashuvda birgina g‘alaba, qolgan daqiqalarda esa o‘ziga xos yo‘qotilgan identitet. Jamoa xuddi o‘zini izlayotgandek: bir paytlar kurashchanligi, tezligi, intizomi bilan raqibni bo‘g‘ib qo‘yadigan kollektiv hozir maydonda bo‘laklarga bo‘linib ketgandek taassurot qoldirmoqda.
Tunnelda qaynagan asab, matbuot oldida aytilgan qat’iy so‘zlar, raqamlar ortida yashirinayotgan haqiqat – bularning barchasi bitta savolni o‘rtaga tashlaydi: Janubiy Koreya bu jahon chempionatida nihoyat maydonda ham o‘z g‘ururini qayta ko‘rsata oladimi yoki bu kampaniya alamli savollar bilan yakunlanadimi?






