JJ Gabriel: Madridda kamtarona start va strategiya
Manchester United akademiyasining sobiq mo‘’jizakor iqtidorlaridan biri sanalgan JJ Gabriel nihoyat orzusidagi manzilga – Real Madridga yetib bordi. Ammo bu Madridga kelgan ko‘plab yosh yulduzlar yo‘liga o‘xshamagan, shov-shuvli taxtga ko‘tarilish emas. Aksincha, juda ehtiyotkor va hatto biroz kamtarona boshlanish.
16 yoshli hujumkor iqtidor Old Trafford bilan xayrlashuvini ijtimoiy tarmoqlarda samimiy murojaat bilan e’lon qildi. Shundan so‘ng u super-agent Ali Barat bilan shartnoma imzolaganini ko‘rsatgan dabdabali videoda paydo bo‘ldi. Atmosfera – yulduzga xos, klip – katta sahnaga kirib kelayotgan futbolchiga munosib. Lekin Madridda unga chizilgan dastlabki yo‘l bundan ancha sokin.
Madridda kutish davri
Gabriel allaqachon poytaxtda mashg‘ulot o‘tayotgani aytilmoqda, ammo u darhol rasmiy tarkiblardan biriga qo‘shila olmaydi. Qonun-qoidalarga ko‘ra, Castilla va C jamoasi yangi futbolchilarni faqat yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Shuning uchun hozircha u klubning 18 yoshgacha bo‘lganlar tarkibida o‘ynashi kutilmoqda.
Eng qiziq tomoni shundaki, ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari bitgach ham, Gabriel bir muddat asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazmaydi. Bu, tabiiyki, o‘g‘lining tezroq yuqori bosqichga sakrashini istayotgan otasi Joe O'Cearuill boshchiligidagi atrofdagilar uchun ma’lum ma’noda hafsalani pir qilishi mumkin.
Reja boshqacha: u avvalo B jamoa – Castilla bilan to‘liq jarayonga kiradi, o‘sha yerda o‘ynaydi, o‘sha yerda pishadi. Shundan keyingina, tayyor bo‘lgan paytda, bir zumda asosiy tarkibga “sakrab chiqishi” ko‘zda tutilgan.
Bu yondashuv klubning o‘n yilcha avvalgi katta xatosidan saboq olganini ko‘rsatadi.
Odegaard sabog‘i
Madridda Martin Odegaard nomi hali ham yosh futbolchilar siyosati haqida gap ketganda tez-tez tilga olinadi. Norvegiyalik iste’dod atigi 15 yoshida Real Madrid bilan shartnoma imzolagan, lekin bu transfer atrofidagi boshboshdoqlik ko‘p savollar tug‘dirgan edi.
O‘sha paytdagi bosh murabbiy Carlo Ancelotti bu kelishuvni Florentino Perez tashabbusi bilan amalga oshgan “PR loyihasi” deb atagan, Odegaard esa Zinedine Zidane qo‘l ostida ham yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmagan. U katta maoshli shartnoma bilan birga asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazar, lekin o‘yinlarni B jamoada o‘tkazardi. Ritm, muhit, talablar – hammasi bir-biriga mos tushmadi. Natijada Odegaardning Madriddagi davri ko‘pchilik kutganidek kechmadi.
Ispan futboli bo‘yicha mutaxassis Guillem Balague fikricha, aynan o‘sha tajriba Real Madrid rahbariyatini bugun ancha hushyor qilgan.
U BBCga shunday degan: Madrid Odegaard davridan shuni anglab yetdiki, bir vaqtning o‘zida asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazib, lekin B jamoa uchun o‘ynash – yomon g‘oya. Endi rejada boshqacha yo‘l bor: Gabriel avval B jamoada ma’lum muddat qoladi, tayyor bo‘lganida esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy tarkibga o‘tadi.
Bu safar klub yulduz yaratishdan ko‘ra, futbolchi rivojini ustuvor qo‘yishga urinayotgandek.
Uniteddagi tormoz va o‘tkazib yuborilgan rekord
Gabrielning Manchester Unitedni tark etish qarorida bir omil alohida tilga olinmoqda: taraqqiyot tezligidan qoniqmaslik. Uning otasi o‘g‘lini yangi muhitga olib chiqishga aynan shu sabab turtki bo‘lgani aytiladi.
Bu orada Gabriel Old Trafford tarixiga kirish arafasida turgandi. U Carabao Cup doirasida Brighton bilan o‘yinda klub tarixidagi eng yosh futbolchi sifatida maydonga tushishi mumkin edi. Lekin bu sahna ro‘y bermadi. Rekord – qog‘ozda qolgan imkoniyat, xolos.
Shu fon’da Madridga ko‘chish yanada keskinroq ko‘rinadi. Bir tomonda – debyut eshiklari hali to‘liq ochilmagan United, ikkinchi tomonda – dunyoning eng yirik sahnalaridan biri, lekin juda qat’iy ichki tartib va “hech kim klubdan kattaroq emas” degan tamoyilga asoslangan Real Madrid.
Sir saqlanishi kerak bo‘lgan transfer
Balague yana bir nozik nuqtaga e’tibor qaratadi: Real Madrid bu transfer atrofidagi shov-shuvdan unchalik mamnun emas.
Uning aytishicha, klub rahbariyati jarayonni butunlay o‘z nazorati ostida, sokin va yashirin tarzda olib borishni istagan. Manchester United bilan munosabatlarni keskinlashtirish, ortiqcha ziddiyat uyg‘otish – Madrid rejasida bo‘lmagan. U yerda bitta qat’iy qoida bor: hech bir futbolchi, hatto eng katta iqtidor ham, klubdan ustun emas.
Reja oddiy bo‘lgan: hammasini yanvargacha jim saqlash, shundan so‘ng rasmiy e’lon qilish. Ammo Gabriel allaqachon Madridda mashg‘ulot o‘tayotgani ma’lum bo‘lgach, bu sir uzoq yashashi amri mahol edi.
Endi esa voqea ommaga oshkor, bosim esa 16 yoshli yigit yelkasida. Savol bitta: kamtarona start va saboq bilan to‘ldirilgan reja uni Bernabeu sahnasiga yetaklay oladimi yoki u ham Madriddagi navbatdagi yo‘qolib ketgan iste’dodga aylanadimi?

