Jon Martinning ko‘tarilishi: Lasarte-Oriadan Angliyagacha
Lasarte-Oria. San-Sebastyanga yaqin, yomg‘ir hidi aralash dengiz shamoli esib turadigan kichik shaharcha. Aynan shu yerda Jon Martinning hikoyasi boshlanadi. U otasi Santiagoni ko‘rib ulg‘aydi – La Real libosida maydonga tushgan, lekin tizzasidagi og‘ir jarohat tufayli 21 yoshidayoq karyerasini tugatishga majbur bo‘lgan yigitni.
Otasi orzusi yarim yo‘lda uzilgan bo‘lsa, o‘g‘ilnikini Real Sociedad qo‘lga oldi. 2018-yilda klub 12 yoshli Martinni akademiyaga olib kirganida, oiladagi futbol iste’dodi yana bir bor sinovdan o‘tayotgani ayon edi.
Himoyachi va tayanch o‘rtasidagi bolakay
Akademiyada Martin ikkita rol o‘rtasida ulg‘aydi: tayanch yarim himoyachi va markaziy himoyachi. Bu ikki pozitsiya o‘rtasidagi ko‘chish unga bugungi sokinlik va to‘p bilan ishonchni berdi. 2022-yilda SD Beasain safidagi qisqa ijarasi esa unga kattalar futbolining haqiqiy qiyofasini ko‘rsatdi.
2023 boshida u yoshlar bo‘yicha odatdagi zinapoyani bosib o‘tishni istamadi – Real Sociedad C safida atigi uchta o‘yin, xolos. Shundan so‘ng darhol B jamoaga ko‘tarildi va 2023-24 mavsumiga shu yerda tayyorlana boshladi. Shu paytga kelib u allaqachon Ispaniya U17 terma jamoasining sardori edi: U17 Yevropa chempionati ham, U17 Jahon chempionati ham uning qo‘lbog‘i ostida boshlandi.
B jamoada pishgan devor
Ispaniya uchinchi divizionida Real Sociedad B o‘rtacha natija qayd etdi – to‘qqizinchi o‘rin. Lekin bu raqamlar ortida Martinning yuksalishi yotardi. 26 o‘yin, mudofaa markazida temir asab, ikki gol va har ikki jarima maydoni ichida havo duelidagi hukmronlik. La Realning o‘sha mavsumdagi barqarorligi ko‘p jihatdan aynan shu yigit yelkasiga yuklandi.
Mukofot uzoq kutdirmadi. Mavsum yakunlanishidan avval u La Liga sahnasiga chiqdi.
Imanol Alguasil Real Betisga qarshi o‘yinda Kieran Tierneyni almashtirib, so‘nggi 23 daqiqada Martinga ishonch bildirdi.
18 yoshli himoyachi maydonga qadam qo‘yar ekan, tribunalar biroz hayrat, biroz qiziqish bilan kuzatdi. U esa hech narsani murakkablashtirmadi: to‘g‘ri pozitsiya, o‘z vaqtida pressing, sodda, lekin aniq uzatmalar. La Real 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va Yevropa yo‘llanmasini rasmiylashtidi. Martin esa katta futbolga ilk qadamni titramasdan tashladi.
Keyinroq Marca gazetasiga bergan intervyusida u shunday degandi: “Debyutda har doim biroz hayajon bo‘ladi, lekin maydonga chiqqaningdan keyin hammasi yo‘qoladi.” Aynan shunday bo‘ldi ham.
Alguasil davrining yakuni va yangi bosh sahifa
2024-25 mavsumida Martin allaqachon to‘liq ravishda asosiy jamoaga qo‘shildi. Barcha musobaqalar bo‘yicha 17 uchrashuv – Copa del Rey yarim finali, Europa League 1/8 finali, ammo La Liga jadvalida atigi 11-o‘rin. Olti yillik mehnatdan so‘ng Imanol Alguasil lavozimini topshirdi.
Stulga tanish yuz o‘tirdi. Sociedad B murabbiyi Sergio Francisco. U Martinni allaqachon yaxshi bilar, unga ishonardi. Dastlab Duje Caleta-Car soyasida qolgan, so‘ngra jarohat ham ortga tortgan bo‘lsa-da, oktyabrga kelib Francisco uni himoyaning markaziy figuralaridan biriga aylantirdi.
Natija tez ko‘rindi: to‘rt o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya, Martinning to‘pni orqadan toza chiqarishi, birga-bir vaziyatlarda sovuqqonligi ko‘p maqtovlarga sabab bo‘ldi. Ammo bosim yana oshdi. Ustma-ust uchta mag‘lubiyat, jamoa tushish zonasidan atigi bir ochko narida. Klub rahbariyati Francisco bilan xayrlashdi.
Bu qaror eng avvalo Martin uchun zarba edi. Lekin uning keyingi bosqichga o‘tishi uchun aynan shu zarba kerak bo‘lgandek tuyuldi.
Matarazzo va “Sevilya kechasi”
Pellegrino Matarazzo kelishi bilan kiyinish xonasidagi kayfiyat o‘zgardi. Amerika fuqaroligiga ega mutaxassis jamoaga nafaqat tartib, balki ishonch ham olib kirdi. Uning dastlabki yetti liga uchrashuvi – to‘rtta g‘alaba, uchta durang. Bu seriyaning eng yorqin nuqtasi esa, albatta, Barcelona ustidan olingan 2:1 hisobidagi zafar bo‘ldi.
O‘sha kecha Anoeta devorlari Martinning nomini yodlab oldi. La Real past blokda o‘ynadi, lekin tartibli va sabr bilan. Lamine Yamal, Fermin Lopez kabi tezkor va ijodkor futbolchilarni to‘xtatish uchun nafaqat taktika, balki jasorat ham kerak edi. Martin aynan shuni taklif qildi: blokni boshqardi, to‘pga o‘zini tashladi, havodagi duelarda yutqazmadi.
Ko‘pchilik Barcelona omadsiz bo‘ldi, deb yozdi. Matarazzo esa matbuot anjumanida aniq gapirdi: bu omad emas, hushyorlik, o‘zini to‘p yo‘liga tashlash – ongli qaror, dedi. U ayniqsa Martinning ishini alohida ta’kidladi.
La Liga jadvalida o‘ninchi o‘rin, bu allaqachon vaziyatni qutqarish edi. Ammo Matarazzo buning bilan cheklanib qolmadi. U klub tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan ishni amalga oshirdi – Copa del Reydagi to‘rtinchi kubok.
Osasuna bilan penaltilarda asablar sinovi, Alavesga qarshi 3:2 hisobidagi dramatik chorak final, keyin esa butun Basklar yarmida hayajon uyg‘otgan Athletic Clubga qarshi yarim final. Ikki o‘yinning ikkalasida ham 1:0 hisobidagi g‘alaba – Real Sociedad uchun bu nafaqat sportiy, balki emotsional zafar edi.
Final esa Seviliyada, Atletico Madridga qarshi. 120 daqiqalik jang – 2:2. So‘ngra penaltilar va 4:3 hisobidagi g‘alaba. Kubok San-Sebastyanga qaytdi.
O‘sha kecha Martin haqiqiy ustun bo‘ldi: 9 ta duelda g‘alaba, 13 marta to‘pni xavfli zonadan uzoqlashtirish, 17 marta to‘p bilan oldinga yurish, o‘z maydonchasida uzatmalarning 92 foiz aniqligi. Bu raqamlar quruq statistika emas, balki finaldagi ruhiy ustunlikning o‘lchovi edi.
Matarazzo o‘yindan keyin shunday dedi: “Jon Martin jangchi. U o‘yinga kirib bordi va dastlabki 15 daqiqadan keyin ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. U biz uchun juda muhim, chunki ko‘p emotsiya, kurash ruhi olib kiradi. U muxlislarni alangaga aylantira oladi.”
Anoetadagi o‘sha tunda, aslida, Ispaniya terma jamoasi uchun ham yangi variant tug‘ilgandi.
Roja eshigi oldida
Luis de la Fuente bu signalni tez ilg‘adi. Kubokdan keyin Martin Ispaniya terma jamoasiga chaqiruv oldi. 2026 Jahon chempionati yakuniy ro‘yxatiga kirmadi, keyingi ikki yig‘inga ham sig‘madi, lekin uning nomi allaqachon Ro‘ja atrofida aylana boshladi.
Hozircha Dean Huijsen va Pau Cubarsi markaziy himoyada kelajak juftligi sifatida ko‘rilmoqda. Aymeric Laporte 32 yoshda, karyerasining yakuniy bosqichiga yaqinlashib bormoqda. Bu sharoitda tez o‘sayotgan, yuqori pressga chidamli, havoda hukmron va birga-bir vaziyatlarda xotirjam o‘ynaydigan Martinni chetlab o‘tish tobora qiyinlashib bormoqda.
2026-27 mavsumining dastlabki to‘rt oyida u nafaqat La Liga, balki butun Yevropaning besh kuchli ligasidagi eng yaxshi markaziy himoyachilardan biri sifatida ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Havodagi duel va umumiy duel yutish foizi bo‘yicha u markaziy himoyachilar orasida eng yuqori besh foizlik guruhda.
Matarazzo uchun esa u endi birinchi bo‘lib yoziladigan ism. Jamoa La Liga jadvalida kuchli beshlikka kirib oldi, Sevilla ustidan to‘rt ochkolik zaxira bilan, bu esa potensial Champions League yo‘llanmasi uchun real kurashni anglatadi. Europa League’da esa Real Sociedad “yashirin favorit” sifatida tilga olinmoqda.
To‘rt o‘yinda atigi besh ochko – bu hali ideal emas. Lekin Lyon bilan 1:1 hisobidagi durangda jamoa Yevropa sahnasida ham tobora yetilib borayotganini ko‘rsatdi. Ayniqsa, himoya liniyasida.
Martin shu paytgacha barcha musobaqalarda 15 marta asosiy tarkibda maydonga tushdi. Uning sog‘lom va ritmda qolishi klubning ikki asosiy orzusi – yangi sovrin va Champions League yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi omil bo‘lib turibdi.
Angliya chaqirig‘i
Bunday darajadagi o‘yinchi e’tiborsiz qolmaydi. Yozgi transfer oynasiga hali ancha bor, ammo nomlar allaqachon tilga olinmoqda: Arsenal, Chelsea, Liverpool.
Qaysi biri jiddiyroq? Qaysi biri futbolchi uchun qiziqroq? Hozircha faqat taxminlar bor. Lekin bir klub bor – Mersisayd tomoni, bu yerda Martin o‘ziga mos futbolni topishi mumkin.
Andoni Iraola – San-Sebastiyandan chiqqan yana bir ism. Uning Liverpooldagi o‘yin falsafasi – tezkor o‘tishlar, yuqori temp, 4-2-3-1 tizimida agressiv pressing. Aynan shu sharoitda to‘p bilan bosim ostidan chiqib ketishni biladigan, dribling orqali chiziqlarni yorib o‘tadigan, aniq uzatmalar bilan pressingni yoradigan markaziy himoyachi kerak. Martin bu profilga juda mos.
Uning havodagi qudrati ham Premier League uchun katta plus. Standart vaziyatlar, ikkinchi qavatdagi kurashlar, ikki jarima maydonida ham xavfli bo‘lish – bu Angliya futbolining kundalik talabi. Martin bularning barchasini allaqachon La Ligada namoyish etyapti.
Albatta, Barcelona yoki Real Madrid varianti futbolchi uchun yumshoqroq moslashuv bo‘lishi mumkin. Liga tanish, til tanish, raqiblar tanish. Ammo Martinning bugungi darajasi Ispaniyada allaqachon shiftga yaqinlashayotganini ham his qildiradi. O‘sish uchun yangi bosim, yangi ritm, yangi stadionlar kerak bo‘lishi mumkin.
Oktabr oyida u Sky Sports’ga bergan intervyusida shunday degandi: “Eng yuqori darajada o‘ynashim uchun kerak bo‘lgan hamma narsa bu klubda bor.” Shu bilan birga, unga bildirilayotgan qiziqishdan minnatdor ekanini ham aytdi: “Menimcha, men odamlar yoqtiradigan futbolchiman.” Bu gaplar eshikni berkitmaydi. Aksincha, biroz ochiq qoldiradi.
Liverpool bugun bozor oldida turgan ko‘plab gigantlar orasida birinchi qadamni tashlash imkoniyatiga ega. Martin narxi hali osmonga chiqib ketmasdan turib.
Savol endi shunda: La Real yana bir yulduzni ushlab qola oladimi yoki Lasarte-Oriadan chiqqan bu yigitning keyingi manzili Angliya yomg‘irlari va Anfield shovqiniga to‘g‘ri keladimi?

