Joseph Schoolingning 50.39 soniyalik inqilobi
2016-yil avgustida Rio-de-Janeyro ko‘chalarida ketayotgan avtobus ichida 21 yoshli singapurlik yigit ichida qaynayotgan umid, ishonch, xavotir va o‘ziga ishongan kayfiyatni birdan tiliga chiqardi. Qarshisida – uni hayotidagi eng muhim poygaga sozlayotgan biomexanik mutaxassis Ryan Hodierne.
Hodierne o‘sha lahzani hanuz eslaydi: “Joseph bir necha kun qolganida menga qarab: ‘Men saralashni yutaman, yarim finalni yutaman va hammasini yutaman’, dedi. Men indamadim, ichimdan esa: ‘Bu yigit kim o‘zi?’ deb o‘yladim. U o‘ziga mutlaq ishonardi”.
O‘sha yoz – tarixni o‘zgartirgan, Michael Phelpsni yenggan, Singapur nomini medal jadvalining ilgari hech ko‘rinmagan qatoriga olib chiqqan yoz – orqada qolganiga o‘n yil. 2026-yil iyul, juma kuni tushdan keyin. Marine Parade’dagi ofisida o‘tirgan, devorlari suratlar, akkreditatsiya kartochkalari va golf yodgorliklari bilan to‘lib ketgan Joseph Schooling o‘sha hikoyani eshitib jilmayadi.
“Bu men-ku”, deydi u xotirjam.
Quruqlikda u vaqtdan kechikadi, suvda esa soniya bilan yashardi. O‘tmish uni unchalik qiziqtirmasligini aytadi, lekin baribir o‘sha birgina buyuk lahza uni abadiy tutib turadi. 80 yoshga kirganda ham u Singapurning “oltin bolasi” bo‘lib qoladi. Hozir esa atigi 31 da. Oltin medalining 10 yilligi arafasida undan bir iltimos qilaman: 15 ming kilometr naridagi Estadio Aquatico Olimpico hovuziga, 2016-yilga “qaytib borishi” mumkinmi?
U rozi bo‘ladi. iPad ekranida 21 yoshli o‘ziga tikiladi. Sana – 12-avgust, soat 22:12, Rio vaqti. 4 yo‘lak, qizil Singapore parka, quloqda naushnik. Qaysi guruhni eshitganini aniq eslay olmaydi – Blink 182mi yoki Limp Bizkitmi – faqat shuni biladi: bu “jahlli qo‘shiqlardan biri” bo‘lgan, jangga otlangan askarning marsh kuyiday.
Final kuni ertalab stadionga avtobusda borayotganda tarang bo‘lgan, start chizig‘iga kelganda esa g‘alati osoyishtalik uni qoplagan. U o‘zining asosiy murabbiysi, AQShdagi The Bolles School’dagi ustoz Sergio Lopez’dan uni start xonasigacha kuzatib qo‘yishni so‘ragan. Lopez o‘sha lahzani eslab: “Joseph menga: ‘Xavotir olmang, hammasi men tomonda’, dedi-da, shunday ishonch bilan ketib qoldiki, badanlarim uvishib ketdi”, deydi.
Start tumbochkasida Schooling buyuklik qurshovida turardi. O‘ngida, 2-yo‘lakda – 23 oltin, 3 kumush, 2 bronza bilan Olimpiya afsonasiga aylangan amerikalik Michael Phelps. Chapida, 5-yo‘lakda – 2012-yil London Olimpiadasida Phelpsni 200 metr batterflyayda mag‘lub etgan janubiy afrikalik Chad le Clos. Lekin Schooling uchun u paytda faqat bitta narsa bor edi – oldidagi yo‘lak.
Har odatdagidek, o‘ziga suv sachratdi, chuqur nafas chiqardi. Go‘yo barcha ichki jinlarini shu nafas bilan chiqarib yuborgandek.
“Siz tinch holatda bo‘lishingiz kerak”, deydi u bugun. “Hayajon, xavotir, qo‘rquv – barchasi bor, lekin siz ular bilan kelishib bo‘lgansiz.
O‘sha paytda miyamdan nima o‘tdi? Hech narsa”.
Signal chalindi. Sakrash. Va boshida faqat bitta so‘z aylanardi:
“Bor. Bor. Bor”.
“Uning boshqa pog‘onalari bor edi”
2016-yil Singapurda otasi Colin uyda o‘tirgan, onasi May tribunada qichqirgan, The Straits Times muxbirlari May Chen va Jonathan Wong matbuot joyida yozib ulgura olmayotgan bo‘lgan. Sayyoraning turli burchaklarida Singapurning eng buyuk sport kuniga guvohlar yetarli edi. Hatto Dunedin (Yangi Zelandiya) shahrida ham Kirsty Fairbairn televizor qarshisida baqirardi.
Fairbairn – Schoolingning sport dietologi. U AQShga borib, yigitning “Texascha parhezi”ni ko‘rganda ko‘zlariga ishonmagan: “qovurilgan tovuq, pyure, kartoshka fri, yoniga gazli ichimliklar”. U unga rostini aytgan: “Bu AQShdagi oddiy 19 yoshli yigit uchun normal. Lekin sen normal bo‘lishga harakat qilmayapsan-ku”.
Schooling hozir kulib eslaydi: “Juda yomon edim”.
Keyin u asta-sekin losos, avokado, tuxum, yong‘oq, zaytun, butun donli mahsulotlar, makaron, jigarrang guruchga o‘tdi. Rio’dagi mukammal poygani yaratgan mozaika mana shunday mayda bo‘laklardan yig‘ildi: sog‘lom ovqat, sog‘lom azob, mukammallikka intilgan texnika, yillar davomida “doimo og‘rigan” tanasi. Chunki u tanani zo‘riqtirish orqali zo‘ravonlik emas, yuksalish deb bilardi.
“Bu o‘ziga xos zavq”, deydi Schooling. Og‘riq – taraqqiyot. “Yutish uchun nima kerak bo‘lsa, shuni qilasan. Agar bunga azob ham kirsa, mayli, bu hududning bir qismi. Yoqmayaptimi? Balki bu sen uchun emasdir”.
Unda boshqalarda yo‘q, ko‘zga ko‘rinmaydigan intuitiv mahorat bor edi. Lopez buni erta payqagan. Suvni his qilish, uning qanday oqishini, tanasi unga qanday javob berishini anglash – go‘yo gimnast havoda qayerdaligini tug‘ma bilganidek. Schooling buni shunday tushuntiradi:
“Suvni his qilish – bu uning barmoqlarim orasidan qanday o‘tishini, badan bo‘ylab qanday sirg‘alishini, yon tomonlarimda qanday sezilishini, tepganimda oyoqlarim nimani his qilishini, tezroq suzish uchun o‘zimni qaysi burchakka burishim kerakligini aniq bilish”.
Rio haftasi davomida ana shu “his” uzluksiz ishladi. 32 davlatdan kelgan 43 suzuvchining orasida Schooling saralashda ham (51.41), yarim finalda ham (50.83) eng tez edi. Lekin o‘sha paytda Singapore Aquatics (SAQ) yuqori natijalar bo‘yicha menejeri bo‘lgan, hozir texnik maslahatchi sifatida ishlayotgan Sonya Porter ichidan bir narsani aniq bilar edi:
“Uning hali boshqa pog‘onalari bor edi”.
“Thonk, thonk, thonk”
Schooling iPad’ga tikilib, o‘z buyukligini xolis sharhlaydi.
“Dastlabki ikki zarbada faqat bitta fikr – tinch, silliq, oson harakat qil. Shu yerda (poyganing boshida) men odatda atrofga qarab, boshqalar qayerdaligini bilishni yoqtiraman”.
Butun dunyo esa uning ortida edi.
U yetakchi, Phelps poylab kelardi.
Singapurda o‘sha paytda uning qanchalik iste’dodli ekani to‘liq anglanmagan, raqiblari esa bilardi. Ularning ko‘z o‘ngida Schooling asta-sekin yetilib, tezligi, bo‘laklar bo‘yicha natijalari bilan o‘zini tanitgan. 2015-yil Kazan’dagi jahon chempionatida Chad le Clos buni ochiq ko‘rgan.
“Joseph 1-yo‘lakda edi”, deydi u The Straits Times bilan suhbatda. “U dastlabki 50 metrni 23.5 (23.53) bilan o‘tdi, men esa 23.7 (23.72) atrofida edim. Men uni suv ostida qanday suzayotganini tomosha qildim. U mendan biroz oldinda edi, bu meni hayratga soldi”.
O‘sha poygada le Clos g‘olib chiqqan, Schooling bronza olgan. Lekin janubiy afrikalik o‘shanda hammasini anglagan edi.
“Yozuv devorda turgandi”.
Rio’da Schooling suvni yutib borar ekan, Lopez ko‘zlarini yumib o‘tirardi. Yonida turgan Porter uni hayajondan shunday qilyapti deb o‘ylagan.
“Keyin, – deydi Porter, – Sergio ko‘zini ochdi-da, menga qarab: ‘U oldi’, dedi. U Josephning tepishini eshitayotgan edi. Uning tepish va harakatni bog‘lash usuli aql bovar qilmas darajada edi. Sergio aynan shu ritmni tinglayotgan edi: ‘Thonk, thonk, thonk’. U shuni kutardi”.
Lopez Schooling mexanizmini juda yaxshi bilar, uning yashirin qurolini aniq aytar edi: tepish.
“Men uchun, – deydi Lopez, – aynan shu tepish uni boshqalardan ajratardi. Mashg‘ulotlarda u tepish orqali qilgan ishlarini dunyoda hech kim qila olmasdi, deb o‘ylayman. Juda kuchli va to‘g‘ri ishlaganda tanasi oldinga shunday otilib ketardiki, bu ham go‘zal, ham nihoyatda samarali ko‘rinardi”.
2016-yilda ana shu tepish uni 50 metr devorigacha hammadan tez yetaklab bordi.
“Uyga yetding, bola, ushlab tur”
Ilmni san’atga aylantirishning o‘ziga yarasha marosimi bor. Poygani zarbalar, bo‘laklar, suv osti tepishlariga ajratish, so‘ng uni muqaddas matndek qayta-qayta takrorlash, mushaklarga vazifa “yodlash” imkonini berish.
Hodierne – raqamlar shogirdi, hozir Queensland Academy of Sport’da katta ilmiy xodim. U birinchi 50 metr hal qiluvchi bo‘lishini bilardi. Maqsad – 23.60 soniya va 16-17 zarba. Shunday tezlanish kerak ediki, 65 metrga kelganda Schooling shunchalik oldinga chiqib ketsinki, ortdan kelayotgan eng zo‘r “tazilar” ham yetib ololmasin.
Qog‘ozdagi nazariya chiroyli. Lekin yurak urishi osmonga chiqqan, ikkinchi imkon yo‘q, 15 ming tomoshabin qichqirayotgan, shovqin baland bo‘lgan arenada bu nazariyani hayotga tatbiq etish – butunlay boshqa dunyo.
Bunday paytda o‘ylashning o‘zi qiyin. Tanangiz buyruqqa bo‘ysunadimi?
“Bu darajada, – deydi Porter, – hammaning iste’dodi bor. Lekin saralash, yarim final, finaldan o‘tish uchun nafaqat kuchingizni, balki hissiyotlaringizni ham boshqarishingiz kerak. Poygadan poygaga”.
2016-yilda Schooling aynan ana shu hissiy nazorat darajasiga yetib kelgan edi.
“Bu yillik mashq natijasi”, deydi u bugun. “2012-yil Olimpiadasida men hissiy holatimni yaxshi boshqara olmaganman. 2016-yilda esa poygani suzib bo‘lib, xotirjam o‘chib, chaqalog‘dek uxlay olardim. Chunki ish qilinganini bilardim. O‘sha yerda turishga loyiqman deb his qilardim. Faqat ijro etish qolgandi”.
Poygada yagona kichik nuqsoni – devorga “uzoq” borib qolganida bo‘ldi. So‘nggi zarbani erta emas, biroz kech olgan, shuning uchun ham devorga kerakligidan ko‘proq sirg‘alib bordi. Natijada rejalashtirilgan 23.60 o‘rniga 23.64 bilan birinchi 50 metrni tugatdi. Baribir hammaning oldida edi. Phelps esa 24.16 bilan qayd etgan.
Suv Schooling uchun har doim rassom uchun tuval bo‘lgan.
“Bu – o‘zimni ifoda etadigan joy”, deydi u.
Lekin o‘sha kecha oddiy ifoda emas, asar kerak edi. U esa topildi. Burilishdan keyin u kuchayib, vaqtni “yeb qo‘ya” boshladi, metrlar ko‘z ochib-yumguncha o‘tardi, go‘yo qafasdan bo‘shatilgan yirtqichday.
“Ko‘ryapsizmi?” – deya iPad ekraniga ishora qiladi u. – “15 metr qolganda men atrofga qarab, qayerda ekanligimni ko‘raman. Michael qayerda ekanini ko‘raman”.
Yillar davomida hamma “Michael qayerda?” deb so‘rardi. Bu safar esa hammani quvib yetishga o‘rgangan Michael o‘zi yetisha olmayotgan edi. Suv ichida Schooling o‘ziga shunday degan:
“Xo‘p, Joe, ushlab tur, uyga yetding, bola”.
U devorga tegdi.
Reja bo‘yicha so‘nggi 50 metr – 27 soniya. Natija – 26.75.
“Bilasanmi, start tumbochkasida finishda yonib o‘ladigan chiroqlar bor, – deydi u. – Bir, ikki yoki uchta chiroq yonadi – nechanchi bo‘lganingni ko‘rsatadi. Men tepaga qaradim, medaldan darak beradigan biror chiroq bormi, deb”.
“Bitta chiroqni ko‘rdim”.
Birinchi.
Chelsea sumkachasidagi oltin va 0.75 soniyalik bo‘shliq
Marine Parade’dagi suhbat chog‘ida onasi May qo‘lida ko‘zga tashlanmaydigan Chelsea futbol sumkachasini ko‘tarib kiradi. Odatda u Josephning yotoqxonasida, tumbochka tortmasida yotadi. Sumka ochiladi. Ichkarida – Singapur sport tarixidagi eng qimmat metall.
U butun umrini shu oltin doiraga sarflagan. Endi u qo‘lida. U esa unga deyarli qaramaydi.
2026-yilda u his qilayotgan narsa – faxr. 2016-yil avgustida esa bosh hissiyot – yengillik bo‘lgan. Iste’dod isbotlangan, mehnat oqlangan, qat’iyat tasdiqlangan.
O‘sha finalda tasodifiy, deyarli fantastik manzara yuzaga kelgan: Phelps, le Clos va Laszlo Cseh bir xil natija – 51.14 bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishgan. Schooling esa 50.39 bilan ularni ortda qoldirib, Olimpiya rekordini o‘rnatgan.
Olimpiya 100 metr batterflyay tarixiga nazar tashlasangiz, ko‘pincha birinchi va ikkinchi o‘rin orasidagi farq juda kichik bo‘lganini ko‘rasiz: 2008-yilda – 0.01 soniya, 1980-yilda – 0.02, 1992-yilda – 0.03. Schooling esa 1972-yilda Mark Spitzdan keyin eng katta farq bilan g‘olib chiqqan suzuvchi bo‘ldi.
0.75 soniya. Suzishda – abadiydek tuyuladigan bo‘shliq.
Phelps uni tabrikladi. Le Clos keyinroq The Straits Times’ga: “Bundan ko‘ra munosibroq yigitni tasavvur qilish qiyin”, deya tan oldi. Tribunada Majulah Singapura yangraganda Chen ko‘z yoshini tiya olmadi. U, Wong va yana bir necha hamkasb esa tonggi soat 7 gacha o‘tirib, tarixning dastlabki qo‘lyozmalarini yozishdi.
Millatlar ba’zan yarim daqiqada o‘zini qayta kashf etadi. 2016-yilda Singapurda sportni kuzatmaydiganlar ham kulib yurgan, boshqalar faxr bilan kerilib, yig‘lab, boshini chayqab, o‘zlarini hech qachon yetib borolmaymiz deb o‘ylagan nuqtaga yetganini his qilgan – Olimpiya poydevorining eng yuqori pog‘onasiga. Sport dunyosining cho‘qqisiga.
Bularning barchasini Schooling ularga hadya qildi.
McDonald’s, jim tunda hazm bo‘layotgan oltin
Shunga qaramay, undan bugun: “Qilgan ishingni to‘liq tushunasanmi?” deb so‘rasangiz, yonida medali yaltirab turgan bo‘lsa ham, boshini chayqaydi. U bilan suratga tushishga yugurib keladigan bolalar bor. Ular: “Mana o‘sha suzuvchi”, deydi. Schooling hayron qoladi. Ular atigi 11 yoshda. Rio’dagi kecha bo‘lganda, ehtimol, endi bir yoshga to‘lgan bo‘lishgan.
“Qanday qilib bilishadi?” – deb o‘ylaydi u ichida.
O‘sha afsonaviy tun, medal tantanasi va matbuot anjumanidan so‘ng u Olimpiya qishlog‘iga qaytdi. Jamoasi uning uchun McDonald’s navbatida turib berdi.
“Ikkita Big Mac, bitta cheeseburger, kartoshka fri, Coca-Cola ichdim”, deydi u. Har bir kaloriyani halol topgan edi.
Keyin xonada Lopez bilan birga o‘tirishdi. Ko‘p gap bo‘lmadi. Burger va oltinni jimjit hazm qilishdi. Balki so‘zlar keraksiz bo‘lgandir. Ba’zan iste’dod shunchalik baland va ravon kuylaydiki, uning ustiga qo‘shimcha bir og‘iz gap aytishning o‘zi ortiqcha bo‘lib qoladi.
O‘sha kecha suzish tarixida qolib ketdi. Singapur uchun esa bitta savol hanuz ochiq turibdi: 50.39 soniyalik mo‘jizadan keyin navbatdagi oltin bola qachon paydo bo‘ladi?






