La Liga adolati: Fermin haydalishi, Mbappe esa yo‘q?
Ispaniyada bitta surat yetarli bo‘ldi. Hakamlarga bo‘lgan ishonch haqidagi eski bahs yana alangalanib ketdi. Markazda yana o‘sha ikki ism: Barcelona va Real Madrid. Va, albatta, turlicha o‘lchovlar haqidagi da’volar.
Hammasi maydonda emas, skamyada boshlandi. Barcelona zaxirasida o‘tirgan Fermin Lopez to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rdi. Hech qanday qo‘pol to‘qnashuv yo‘q, raqib bilan janjal ham yo‘q. Uning “jinoyati” — hakamlarga aytilgan so‘zlar. Bosh hakam bu so‘zlarni haqorat deb baholadi va bir zumda uni maydondan chetlatdi. Andalusiyalik yigit maydonni tark etar ekan, yuzidagi g‘azab hamma narsani aytib turardi.
Barcelona’ni esa yanada ko‘proq g‘azablantirgan narsa — Mundo Deportivo yozishicha — bu unga qarshi chiqqan rasmiyning shaxsi bo‘ldi. Fermin bilan bahslashib, “men bilan o‘ynamagin”, “meni bezovta qilma” degan yordamchi hakam Alejandro Clemente Ortuño edi. Aynan shu Ortuño bundan avval Real Madrid yulduzi Kylian Mbappe’ning uzoq davom etgan noroziliklariga hech qanday jazo qo‘llamagan, aksincha, u bilan xotirjam gaplashib, tushunishga harakat qilgandi.
Shu yerda savol tug‘ildi va u hozir har bir ispan futbol dasturida aylanyapti: nega Fermin bilan muomala shunchalik qattiq, Mbappe bilan esa yumshoq? Nega Barcelona o‘yinchisi skamyadan turib haydaladi, Real Madrid hujumchisi esa maydonda hakamga qarshi chiqib ham jazodan qutuladi?
Bu yerda bahs tugamaydi. O‘sha kechada uchrashuvni boshqargan hakam — Hernandez Hernandez. Bu ism Barcelona muxlislariga yaxshi xotiralar olib kelmaydi. U 2017-yilda Real Betis darvozasi chizig‘idan bir metrga ichkariga kirib ketgan to‘pni gol deb tan olmagani bilan esda qolgan. O‘sha xato kataloniyaliklarning chempionlik umidiga qattiq zarba bergan, La Liga tarixidagi eng shov-shuvli hakamlik xatolaridan biri sifatida hanuz tilga olinadi.
Xuddi shu Hernandez Hernandez yaqinda Hansi Flick boshchiligidagi Barcelona’ning ilk liga o‘yinini ham boshqardi. O‘sha kuni u Tchouameni qo‘li bilan Ferran Torres zarbasini to‘sib qolgan epizodda aniq penalti belgilamadi. Ustiga ustak, Fermin Lopez kiritgan, Barcelona’ning beshinchi goli bo‘lishi mumkin bo‘lgan chiroyli zarbani ham bekor qildi.
Villarrealga qarshi bahsda Flick ochiqchasiga shikoyat qildi: uning aytishicha, to‘rtinchi hakam ham, yordamchi ham butun o‘yin davomida Barcelona skamyasiga e’tibor bermagan, u bilan muloqot qilishdan bosh tortgan. Shu paytda raqib jamoa o‘yinchilari bilan esa bemalol gaplashib turgan.
So‘nggi hafta hakamlar uchun og‘ir bo‘ldi. Hakamlar texnik qo‘mitasi Santander’da Mbappe foydasiga berilgan penalti VAR tomonidan bekor qilinishi kerakligini tan oldi. Xuddi shu haftada, Celta Vigo jarima maydonchasida fransiyalik hujumchining ochiqchasiga “sho‘ng‘ishi” esa texnologiya tomonidan e’tiborsiz qoldirildi, aralashuv bo‘lmadi.
Barcelona frontida esa boshqa manzara. Camp Nou’da Gordon’ga nisbatan sodir bo‘lgan qo‘pollik uchun penalti berilmadi. Bu qaror Kataloniya klubi ichida allaqachon to‘plangan norozilikni yanada chuqurlashtirdi: ular o‘zlarini ketma-ket xatolarning qurboni, raqiblarini esa maxsus himoya ostidagi jamoa sifatida ko‘ra boshlashdi.
Ko‘pchilik Barcelona atrofida bu voqealarni tasodif deb qabul qilmayapti. Ular buni yillar davomida shakllangan bosim natijasi, deb bilishadi: Real Madrid telekanali olib borayotgan kampaniyalar, Jose Mourinho’ning matbuot anjumanlaridagi hujumlari, Florentino Perez tomonidan Negreira ishi haqida tinimsiz eslatmalar. Ularning nazarida, bugun hakamlar bir tomonga og‘ishdan cho‘chiydi emas, aksincha, aynan bir tomonga og‘masa, bosim ostida qolishidan qo‘rqadi.
Qanday bo‘lmasin, Fermin Lopez ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilinganini qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Uning noroziligi “haddan tashqari” deb baholandi. Ammo katta savol ochiq qolmoqda.
Bu faqat bitta o‘yindagi xatomi? Yoki La Liga’da adolat mezoni endi hamma uchun bir xil emasligini yana bir bor eslatib qo‘ygan yangi saboqmi?

