NBA jarohatlari: sog‘liqni saqlash va sport tibbiyoti
Hech kim jarohat xohlamaydi. Na yulduzlar, na murabbiylar shtabi, na klublar, na muxlislar, na liga rahbariyati. Lekin jarohatlar baribir yuz beradi. Har mavsum. Har sport turida.
NBA esa bu haqiqatdan qochmayapti, aksincha, unga tik qarayapti. Liga jarohatlarni kamaytirish va sog‘liqni asrashni rasmiy ustuvor yo‘nalaklardan biriga aylantirgan. Shifokorlar, sport olimlari, atletik tayyorgarlik murabbiylari, tibbiyot mutaxassislari – butun tizim bir maqsadga ishlayapti: o‘yinchilarni maydonda saqlab qolish.
NBA sport tibbiyoti bo‘yicha direktori doktor John DiFiori buni ochiq aytadi: bu kundalik kurash.
Uning so‘zlariga ko‘ra, liga har kuni jarohatlar bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatadi, tendensiyalarni tahlil qiladi, nimadir o‘zgarayotgan bo‘lsa, darhol sababini izlaydi. Mavsum hali erta bosqichda bo‘lishiga qaramay, xotirjam bo‘lishga ham, vahimaga tushishga ham asos yo‘q – lekin kuzatuv to‘xtamaydi.
Yulduzlar maydonda, raqamlar esa ligani quvontiryapti
Mavsumning dastlabki uch haftasida bir nechta noodatiy jarohatlar va katta ismli o‘yinchilarning safdan chiqishi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, NBAning jarohatlar bo‘yicha kuzatuv ma’lumotlari kutilmagan manzarani ko‘rsatmoqda.
22-noyabr holatiga ko‘ra:
- yulduz o‘yinchilar o‘yinlarning 76 foizida maydonga tushgan (o‘tgan mavsumda bu ko‘rsatkich 64 foiz edi);
- yulduzlar orasida o‘yin o‘tkazib yuborishga majbur qilgan jarohatlar soni mavsumdan mavsumga 15 foizga kamaygan;
- asosiy tarkib darajasidagi o‘yinchilar orasida bunday jarohatlar 18 foizga qisqargan.
DiFiori bu raqamlarni “so‘nggi yillarga nisbatan deyarli xuddi shu diapazon” deb ta’riflaydi. Ya’ni, umumiy fon o‘zgarmagan, ammo yulduzlarning ko‘proq maydonga tushayotgani – liganing sezilarli yutug‘i.
Biroq bu oddiy masala emas. DiFiori ham, NBA o‘yinchilar salomatligi bo‘yicha katta vitse-prezidenti Drew Galbraith ham bir so‘zga qayta-qayta murojaat qiladi: “ko‘p omilli”. Jarohatni bitta sababga bog‘lab bo‘lmaydi. O‘yin uslubi, yuklama, avvalgi jarohatlar, yoshligidagi musobaqalar hajmi – hammasi bitta zanjirning bo‘g‘inlari.
O‘yin maydoni kengaydi, tezlik oshdi – tanaga nima bo‘lyapti?
Bugungi NBA – bu 1980-yillar oxiridagi ligadan butunlay boshqa olam. Galbraith buni raqamlar va ko‘z bilan ko‘rinadigan tafovutlar orqali tushuntiradi.
Endi butun maydon ishlatiladi. O‘yinchilar 25–30 fut uzoqlikda ham himoyachini yonida ko‘radi, pressing uch chorak maydonga cho‘ziladi. Har bir hujumda bir nechta o‘yinchi yuqori tezlikda oldinga va orqaga yuguradi, tezlanish va keskin to‘xtashlar soni oshgan.
So‘nggi o‘n yillik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, intensivlikni belgilovchi ko‘plab ko‘rsatkichlar – tezkor yugurishlar, keskin yo‘nalish o‘zgarishlari, hujumlar soni va ularning sifati – barchasi oshgan. Natija? Oxirgi yillarda jarohatlar avvalgi o‘n yilliklarga qaraganda ko‘proq uchrayapti.
O‘yin chiroyli bo‘ldi. Tomoshabinlar yutdi. Lekin tana-chi?
Jarohatning eng katta “bashoratchisi” – o‘tmishdagi jarohat
Ligani tashvishga solayotgan yana bir yo‘nalish bor: o‘yinchi NBAga kelguniga qadar nimalarni boshdan kechirgan?
DiFiori sport tibbiyoti va jarohatlar epidemiologiyasi bo‘yicha mutaxassislarning umumiy fikrini eslatadi: eng kuchli xavf omili – bu avvalgi jarohat. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda yoshlar sportida, xususan, basketbolda yuklama hajmi keskin oshgani, tiklanish va monitoring yetarli emasligi ligani o‘ylantirayotgan savolga aylanmoqda.
Yoshligida haddan tashqari ko‘p o‘ynagan, dam olmagan, jarohatini to‘liq davolamagan bolalar keyinchalik NBA darajasiga chiqqanda, bu o‘tmish qanday “hisob-kitob” qiladi? Liga bu savolni stol ustida qoldirmayapti – tadqiqotlar davom etyapti, boshqa tashkilotlar va olimlar ham bu borada xavotirda.
Inson tanasining chegarasi qayerda?
Bugungi basketbolchilar – inson fiziologiyasining eng yuqori nuqtalaridan biri. Bo‘yi baland, kuchli, chaqqon, portlovchi tezlikka ega. Kuch, tezlik, sakrash qobiliyati, moment va zarba kuchi – barchasi tarixda bo‘lmagan darajada.
Bu ham jarohatlarga ta’sir qilmay qolmaydi.
Galbraith aniq bitta qatlamni aytib bo‘lmasligini tan olsa-da, mantiqiy zanjir yaqqol: atletizm chegaralari kengaygani sari tana ham yanada ko‘proq sinovdan o‘tadi. O‘yinchilar o‘z tanasini maksimal ishlatishga urinadi, mashg‘ulot usullari, dam olish, maydondan tashqaridagi hayot – hammasi hisobga olinadi. Lekin inson tanasining ham tabiiy chegarasi bor. Balki hozir biz ana shu chegaraga juda yaqinmiz.
Mavsumni qisqartirish – yechimmi yoki yangi muammo?
Har mavsumda takrorlanadigan savol: o‘yinlar sonini kamaytirish kerakmi? 82 o‘yin o‘rniga 70? Yoki o‘yin vaqtini 48 daqiqadan 40 daqiqaga tushirish?
Galbraith aytganidek, nazariy jihatdan kamroq o‘yin – kamroq xavf. Ammo liga yillar davomida mavsumning har haftasidagi jarohat ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan va bitta qiziq xulosaga kelgan: jarohatlar darajasi mavsum davomida deyarli o‘zgarmaydi.
Faqat ikkita nuqtada kichik sakrash bor: mavsum starti va All-Star tanaffusidan keyingi dastlabki uch hafta. Aynan o‘sha paytda yumshoq to‘qima jarohatlari biroz ko‘proq uchraydi. Sababi ham tushunarli – tana bir necha kun parketdan uzoqlashadi, so‘ngra keskin ravishda yuqori intensivlikka qaytadi.
Eng qiziq jihat: pley-off davridagi jarohatlar darajasi muntazam mavsumga qaraganda ancha past. O‘yinlar esa ancha keskin, stavkalar yuqori, har bir epizodning bahosi oshgan payt.
Doktor Brian Sutterer ham ijtimoiy tarmoqlarda shunga yaqin fikr bildirdi: qisqaroq mavsumning yagona aniq foydasi – jarohatlanish mumkin bo‘lgan o‘yinlar sonining kamayishi, xolos. Ma’lumotlar jadval zichligi, back-to-back o‘yinlar yoki oddiy “load management”ning jarohatlarni kamaytirganini isbotlamaydi.
DiFiori esa yana bir murakkablikni eslatadi: agar mavsumni qisqartirsak, har bir o‘yin, har bir hujumning bahosi yanada oshadi. Intensivlik ham ko‘tarilishi mumkin. Bu esa jarohatlar bo‘yicha kutilmagan oqibatlar berishi ehtimoli bor.
Savol shunda: mavsumni qanchaga qisqartirish kerakki, bu haqiqatan sezilarli ta’sir ko‘rsatsin? 5 o‘yinni olib tashlash bilan hech narsa o‘zgarmasligi aniq. Demak, bu oddiy matematik emas, murakkab strategik qaror.
Mavsum boshlanishidagi “ramka”: tayyorgarlik yetarlimi?
Jarohatlar mavsumning ilk haftalarida nisbatan ko‘proq kuzatilayotgan bo‘lsa, ko‘zlar tabiiy ravishda tayyorgarlik davriga, training camp va preseason jarayonlariga qaratiladi.
Galbraith aytishicha, liga klub tibbiyot shtablari bilan birga yozgi davrni, individual mashg‘ulotlarni va preseasonni qanday tashkil qilish bo‘yicha muntazam ishlayapti. NBAning NFLdan farqi shundaki, yozda rasmiy tarzda belgilangan OTAs kabi majburiy bosqichlar yo‘q. O‘yinchilar ko‘proq o‘z dasturi bo‘yicha tayyorlanadi.
Shuning uchun ham liga klub mutaxassislari va o‘yinchilarning shaxsiy murabbiylari bilan bir yo‘nalishda ishlashga urinmoqda: mavsum boshlanishiga kelib, organizm 82 o‘yinlik yuklamaga tayyor bo‘lishi kerak. Preseason faqat taktik va texnik tayyorgarlik emas, balki jismoniy moslashuv davri bo‘lishi shart.
Bu yerda ham hamkorlik kalit so‘ziga aylanadi. Liga metodik tavsiyalar beradi, klub shtablari esa ularni har bir o‘yinchining tanasi va o‘tmishiga moslashtiradi.
DiFiori ta’kidlaganidek, bu faqat liga darajasidagi siyosat emas. Har bir klub, har bir tibbiyot va fizpodgotovka bo‘limi har kuni bitta maqsadga ishlayapti: jarohatni oldini olish va sodir bo‘lganda, o‘yinchini maydonga sog‘lom qaytarish.
Savol esa ochiq qoladi: bugungi intensivlik, yoshligidan boshlangan yuklama va atletik chegaralarning kengayishi fonida, NBA yanada xavfsizroq bo‘la oladimi yoki biz allaqachon inson tanasining tabiiy chegarasiga kelib qolganmiz?

