sport pulse

Novak Djokovic: Buyuklik va ichki shubhalar

Novak Djokovic deyarli hammasini yutib bo‘ldi. Katta sahnada undan ko‘proq “Grand Slam” yakkalik unvoniga ega bo‘lgan erkak tennischi yo‘q, “Masters 1000” toifasida ham rekord uning qo‘lida. Tarix kitoblari uni allaqachon eng buyuklardan biri sifatida qayd etadi. Balki eng buyugi sifatida ham.

Lekin bu serb uchun yetarli emas. Hali ham emas. 39 yoshida ham.

Yangi hujjatli filmda u shunday deydi: “Menda bor narsalarim va kimligim bilan o‘zimni to‘liq qoniqqan his qila olmayman. Har doim ko‘proq bo‘lishga – yaxshiroq, tezroq, kuchliroq bo‘lishga intilaman. Ko‘p hollarda o‘zimni o‘zim qamoqqa tashlayotgandek bo‘laman”.

Keyinroq u yana bir chiziqni chizadi: “Men birinchi raqamli shubha qiluvchiman. O‘zimni hammadan ko‘ra ko‘proq noto‘g‘ri ekanimni isbotlashga harakat qilaman”.

24 ta “Grand Slam” unvoni, 2023-yilgi US Opendagi g‘alaba, uni umumiy hisobda Margaret Court bilan tenglashtirdi.

So‘nggi yetti yirik turnirdan oltitasida kamida yarim finalga yetib borgan, yanvar oyida esa Australian Open finaliga chiqqan eng yoshi katta tennischi sifatida tarixga kirdi.

Ichki bosim va tugamaydigan ochlik

Uning rafiqasi Jelena hujjatli filmda ochiq gapiradi: “U nafaqaga chiqish haqida aralash his-tuyg‘ularga ega. U hech qachon yetarli emasligining yukini ko‘tarib yuradi. Qanchalik ko‘p ish qilmasin, baribir yetarli bo‘lmaydigandek”.

Tennis esa u uchun oddiy sport emas. Bu uning so‘zlari bilan aytganda, o‘zini munosib his qiladigan joy.

Bolaligida televideniyeda bergan ilk intervyularidan birida kichkina Djokovic tennisni “mas’uliyat” deb ataydi. “Mening tennsdagi maqsadim – chempion bo‘lish”, deydi u o‘shanda.

Bu so‘zlar keyinchalik uning butun karerasiga muhr bo‘ldi. U qanday o‘ynashi, kortdagi harakati, tana tili – bularning bari bolalikdagi tajribalaridan oziqlangan.

Bombalar ostidagi bolalik

Novakning hikoyasi ko‘plab professional tennischilarnikidan tubdan farq qiladi. U Belgradda tug‘ilgan, 1999-yil bahorida NATO bombardimonlari ostida ulg‘aygan. Martdan iyungacha davom etgan o‘sha oylar uning xotirasiga tirnalgan iz qoldirdi.

U o‘sha kechalardan birini eslaydi: bombapana yo‘q uyi tomdan-tomga yugurayotgan oilasi bilan birga xavfsiz joy izlaydi. Yo‘lda qoqilib tushadi, oilasi esa bilmay oldinga yugurishda davom etadi. Novak ortga qaraydi va o‘z uyiga yaqin shifoxonaga samolyotdan ikki bomba tashlanganini ko‘radi.

Yillar davomida non va sut uchun navbatlarda turish. U bu haqda BBC 5 Live’ga bergan intervyusida gapirgan, bu lahzalarni “menga o‘yinchi va inson sifatida poydevor bo‘lgan burilish nuqtalari” deb atagan.

“Na afsus, na alam bor. Aksincha – qadrlash va minnatdorchilik. Hayotda hamma narsa bir sabab bilan sodir bo‘ladi”, deydi u.

Qimmat va ko‘pincha elitaga xos sportda u mutlaq chetdan kirib kelgan bola edi. Otasi uning ilk tennis safarini moliyalashtirish uchun “noto‘g‘ri odamlardan” qarz olganini Novak o‘zi aytadi. Bu ham bosim, ham mas’uliyatni yanada oshirdi.

Keyin u sahnaga chiqdi va butun tennis olami mahliyo bo‘lib turgan Roger Federer – Rafael Nadal duopoliysini buzib tashladi. Ularning fonida ko‘proq hissiyotini ko‘rsatadigan, kortda ko‘proq ovoz chiqaradigan Djokovic hammani ham birday rom qilmadi. Ba’zan uni tushunmadilar, ba’zan qabul qilishmadi.

U BBC 5 Live’ga shunday degan: “Ko‘p his-tuyg‘ularimni ichimda bosib yurishga majbur bo‘ldim, keyin ular kortda yuzaga chiqdi. Kort – o‘zimni xavfsiz va qulay his qiladigan joy edi. Tanish maydon”.

U uchun tennis oddiy o‘yin emas. “Bu – kimligimni belgilab beradigan maydon”, deydi u.

Har bir mag‘lubiyatdan keyingi savol: qachon?

Bugun har bir “Grand Slam”dagi mag‘lubiyatdan so‘ng bir xil savol yangraydi: endimi? Endi Novak Djokovic sahnani tark etadimi?

Federer 2022-yilda, Nadal 2024-yilda jarohatlar bilan kurashib, oxir-oqibat raketkani qo‘ydi. Djokovic esa so‘nggi yillarda taqvimini ancha qisqartirdi, “Grand Slam”lardan tashqari turnirlarda kamroq ko‘rinadigan bo‘ldi.

O‘tgan yili Wimbledon’da Jannik Sinner’ga yutqazgach, u yirik turnirlarning so‘nggi bosqichlarida “bak pol bo‘sh” holatda raqobatlashayotganini tan olgandi. Lekin bu charchoq ham uni yakun haqida o‘ylashga majburlab qo‘ymadi.

Hujjatli filmda u aniq aytadi: “Kareramning amal qilish muddatini belgilamaganman. Nega nafaqani muhokama qilishim kerak, hali ham o‘zimga yana yuta olishimni isbotlayotganimda? Qachonki ichimda haydovchi kuch, ishtiyoq bo‘lsa, eng muhimi, o‘zimni dunyodagi eng yaxshi tennischilardan biri bo‘la olishimni his qilsam – davom etmoqchiman”.

Bu so‘zlar ortida oddiy ambitsiya emas, ichki ehtiyoj turibdi. U o‘zini to‘xtatishni bilmaydigan raqobatchi.

Parijdagi oltin – cho‘qqi, lekin yakun emas

2024-yil Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida uzoq kutilgan oltin medalni qo‘lga kiritishi – uning karerasidagi eng yuqori nuqta sifatida ta’riflanadi. Yillar davomida qo‘l yetmay kelgan yagona yirik sovrin nihoyat qo‘lida. Ko‘plar uchun shunday yakun ideal bo‘lardi.

Ammo Djokovic uchun bu yakun emas, yangi belgi. U allaqachon 2028-yilgi Los Angeles o‘yinlariga ko‘z tikkan.

“Uzoqdek ko‘rinadi. Lekin men bunga yetib bora olishimni his qilyapman”, deydi u. “Serbiya bayrog‘ini yelkamda ko‘targancha yakunlasam, juda chiroyli bo‘lardi. Juda faxrlanadigan narsamni shunday tugatishni xohlayman”.

Bu istak oddiy orzu emas, balki butun hayotini belgilab kelgan chiziqning mantiqiy davomi. Bombalar ostidagi boladan kortni o‘zining yagona xavfsiz hududiga aylantirgan chempiongacha bo‘lgan yo‘l hali tugamagan.

Savol faqat bitta: Novak Djokovic o‘ziga qarshi bo‘lgan eng so‘nggi setni ham yutishga qancha kuch saqlab turgan?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling