PSG Eli Junior Kroupi transferini ko‘zlayapti
Parijda qishda tinchlik bo‘lmaydi. Paris Saint-Germain allaqachon yanvar oyning o‘ziga xos “operatsiya”sini rejalashtirib bo‘ldi va nishonda – AFC Bournemouth hujumchisi Eli Junior Kroupi.
Bu oddiy bozor qiziqishi emas. Bu – majburiyat.
Ikki asosiy hujumchi birin-ketin tiz cho‘kdi. Khvicha Kvaratskhelia oktyabr oyida Barcelonaga qarshi o‘yinda tizzasidan og‘ir jarohat oldi. Yaqinda esa Désiré Doué bilan fojia takrorlandi: OGC Nicega qarshi uchrashuv, uzilgan ACL va darhol mavsum taqdirini o‘zgartirgan tashxis. Klub ma’lumotiga ko‘ra, fransiyalik futbolchi shu oy oxirigacha jarrohlik amaliyotini o‘tkazadi.
Ikkalasi ham deyarli butun mavsumni o‘tkazib yuborishi kutilmoqda. Shu bilan hujum chizig‘ida bo‘shliq paydo bo‘ldi. Katta, xavfli bo‘shliq.
Shu fon’da Le Parisien xabariga ko‘ra, PSG skautlari ko‘pdan beri kuzatib kelayotgan ismga qaytdi: Eli Junior Kroupi, 20 yosh, dinamik, tez, kichik zonalarda o‘ynashni yoqtiradigan qanot futbolchisi. U yaqinda jarohatdan tiklandi, milliy terma jamoadagi debyutini o‘tkazdi va darhol gol urdi. Bunday kirish – yevropalik grandlar e’tiborini uyg‘otmasdan qolmaydi.
PSG aynan shunday profilni izlayapti. Klub ichkarisidagi manbalarga tayanib yozgan Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar tor zonalarda o‘zini erkin his qiladigan, birga-bir vaziyatlarda raqibini bemalol yenga oladigan qanot futbolchisini olib kelmoqchi. Qisqasi, tizimni o‘zgartirmasdan, darhol Lucho tizimiga mos tushadigan o‘yinchi kerak.
Bosim ortib bormoqda. Chempionlar ligasi, ichki chempionat, kuboklar – rotatsiyasiz bu marafonni yengib o‘tish qiyin. Ayniqsa, ikkita asosiy hujumchi safdan chiqqan paytda.
Kroupi – yagona variant emas. AS Monaco futbolchisi Paris Brunner ham ro‘yxatda. Lekin hozircha eng baland ovoz – aynan Bournemouth hujumchisi atrofida. Yevropa chempionlari bo‘lgan PSG uchun bu transfer oddiy “zaxira” emas, balki mavsum taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan qarorga aylanishi hech gap emas.
Endi savol bitta: yanvarda Parij kimga ishonch bildiradi – allaqachon terma jamoada o‘zini ko‘rsatgan Kroupiga yoki ro‘yxatdagi boshqa nomga?

