Tennisning yangi sinovi: auditoriya va etikett
Yorug‘liklar, kamera, sukunat: tennisning yangi sinovi
Arthur Ashe Stadium – dunyodagi eng katta tennis sahnasi. Bu yerda shovqin bo‘lishi odatiy hol, tribunadagi suhbatlar maydon atrofida doimiy g‘uvillab turadi. Lekin bu safar shovqin boshqa tomondan keldi.
Turnir uchun Nyu-Yorkda taxminan 100 nafar influencer va kontent yaratuvchiga akkreditatsiya berildi. Bu o‘tgan yilga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘p. Shu bilan birga, savol ham keskinlashdi: tennisni yangi auditoriyaga ochish qanchalik chiroyli bo‘lmasin, bu jarayonda sportning nozik odob-axloq qoidalari qanchalik himoya qilinmoqda?
“Red carpet”ga jinsida kelmaysan
Dunyo reytingida to‘rtinchi raqamli Coco Gauff bu masalani qisqa, lekin aniq tasvirlab berdi.
U shunday dedi: yangi auditoriya, yangi demografiya – sportni o‘stiradi, bu yoqimli. Lekin uning fikricha, hammasi kontekstga bog‘liq: “Agar seni red carpet’ga taklif qilishsa, sen jinsida bormaysan. Sportning etiketi bor, shuni hurmat qilish kifoya.”
Tennisning yozilmagan qoidalari ko‘p: netdan tegib tushgan to‘p uchun raqibdan uzr so‘rash, chiziqdagi holatni halol aytish, ikki marta sakragan to‘pni tan olish, o‘yin tugagach, qo‘l berib ko‘rishish. Tomoshabinlar uchun esa eng oddiy talab – ochko davom etayotgan paytda sukut saqlash.
Aynan shu nuqtada yangi “kontent davri” bilan klassik tennis madaniyati to‘qnash kelyapti.
Naomi Osaka va ring light mojarosi
Ikki karra chempion Naomi Osaka uchun bu to‘qnashuv bevosita birinchi bosqichdayoq sezildi. Arthur Ashe’dagi o‘yin chog‘ida bir guruh mehmonlar o‘zlarining hospitality-lojalarida fotoseans uyushtirishga qaror qildi.
Ular portativ ring light yoqdi. Aynan Osaka serv qilayotgan paytda.
Hakamboshi darhol ogohlantirish berdi. Bu kichik detal emas: tennisda yorug‘lik, harakat, kutilmagan shovqin – barchasi servisga jamlangan e’tiborni buzishi mumkin.
Osaka keyingi o‘yinga qaytganda ham vaziyat o‘zgarmadi. Aksincha, hakam bu safar tomoshabinlarni tinchlantirishga odatdagidan ko‘ra ko‘proq majbur bo‘ldi.
“Bugun hakam tomoshabinlarga jim bo‘lishni odatda eshitganimdan ko‘ra ko‘proq aytdi,” dedi Osaka. U odatda o‘yin va kortga to‘liq diqqatini qaratishini ta’kidladi, lekin bu safar hammasi boshqacha bo‘lgan: ba’zi paytlarda qichqiriqlar shunchalik ravshan eshitilganki, bu nafaqat unga, balki raqibiga ham halal berganini aytdi.
Bir video ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqaldi: Osaka ilk o‘yinida bo‘lgan paytda bir guruh odamlar baland ovozda gaplashib, o‘zlarini suratga olayotgani ko‘rinadi. Natijada hakam ularni to‘xtashga majbur bo‘ladi.
Osaka pozitsiyasi aniq: sport tadbiriga kelsang, sportni hurmat qilasan. Uningcha, tennis etiketi haqida hech bo‘lmaganda biroz o‘qib chiqish – oddiy odob masalasi. U influencerlarning o‘z auditoriyasiga tennisni ommalashtirishi ijobiy bo‘lishi mumkinligini tan oladi, lekin bu boshqarilmagan holga aylanmasligi kerak, ayniqsa, o‘yinlarning o‘ziga bevosita ta’sir qilayotgan vaziyatlarda.
“Upside”ga ishongan Medvedev
Arthur Ashe’dagi shovqin hammani bezovta qilmaydi. Ba’zi o‘yinchilar uchun bu – energiya manbai. Ba’zilari esa bunday fonni mutlaqo yoqtirmaydi.
Yettinchi raqamli Daniil Medvedev Nyu-York tomoshabinlari bilan munosabatlarida allaqachon murakkab tarixga ega. Shunga qaramay, u bu borada ancha pragmatik: kim bo‘lishidan qat’i nazar, tennisga ko‘proq ko‘zlar qadalishi – foyda, degan fikrda.
U sport ommalashishi, USTA qarorlari va yangi auditoriyaga chiqish harakatlarida ko‘proq ijobiy tomonlarni ko‘radi. Uningcha, xavfdan ko‘ra imkoniyat ko‘proq, shuning uchun “boriga bor” deyish kerak.
Amerikalik Frances Tiafoe esa US Open’ning o‘ziga xosligini aynan tribuna rang-barangligida ko‘radi. Uning fikricha, turli kasb, turli hayot yo‘li, turli xarakterdagi odamlarning bir stadionda jam bo‘lishi – turnirning eng katta jozibalaridan biri. U tomoshabinlarning turli xatti-harakatlariga nisbatan ancha bag‘rikeng.
“Bu allaqachon hurmatsizlikka o‘tyapti”
Biroq hamma ham bunday yondashmaydi. Dunyo reytingida uchinchi raqamli Jessica Pegula ayrim sahnalarni ko‘rganidan keyin ochiqchasiga norozilik bildirdi.
U influencerlarning US Open tajribasini namoyish etishini tushunadi, qadrlaydi ham. Lekin selfi chiroqlari, kadr izlab, suratga tushish, pastda esa o‘z kasbini bajarayotgan, martabasi, reytingi, shon-shuhrati uchun kurashayotgan o‘yinchilar borligi – bularni yonma-yon ko‘rish unga ko‘ra “biroz emas, ancha hurmatsizlik”.
Pegula bu yil bu holat “biroz oshib ketganini” aytadi. Uningcha, bir tomonda – marketing va shou, ikkinchi tomonda – bevosita o‘yin jarayonini to‘xtatayotgan harakatlar. Chiziq shu yerda keskinlashadi.
“Tennis Disneyland” sari yo‘l
So‘nggi yillarda US Open o‘zini oddiy “turnir” emas, tajriba maydoni sifatida ko‘rsatmoqda. 2024 yilda erkin harakatlanish siyosati joriy qilindi: tomoshabinlar endi faqat gemlar oralig‘ida emas, istalgan vaqtda o‘rinlariga qaytishi mumkin.
Bir yil o‘tib, turnir 15 kunga cho‘zildi. Yakkalik asosiy to‘ridan oldingi hafta “Fan Week” sifatida sotilmoqda: yangilangan aralash juftliklar, o‘tmish va hozirgi yulduzlar o‘rtasidagi ko‘rgazmali uchrashuvlar, tomoshabinga yaqin formatlar. G‘oya aniq: turnir rahbari Craig Tiley buni “tennis Disneyland”iga aylantirmoqchi.
U turnir oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida influencerlar akkreditatsiyasi haqida gapirar ekan, yangi auditoriyalarga chiqish zarurligini urg‘uladi. Uningcha, bugungi kunda odamlar media bilan boshqacha uslubda muloqot qiladi, “creator credential” esa aynan shunga moslashish vositasi. Turnir shunday yo‘l bilan odamlar tennisni qaysi kanalda, qaysi formatda iste’mol qilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerga borishga harakat qilmoqda.
Chegara qaerda?
Osaka bilan bog‘liq voqeadan so‘ng kort atrofidagi ekranlarda xabarlar ko‘paydi: tomoshabinlardan o‘yinga halaqit berishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatdan tiyilish so‘ralmoqda – baland ovoz, chaqnaydigan fotoapparatlar, ring light’lar.
USTA rasmiy bayonotida maqsad ikki tomonlama ekanini aytdi: bir tomondan, tennisni mamlakat bo‘ylab o‘stirish, yangi auditoriyalarni jalb qilish, ikkinchi tomondan esa kortdagi kurashga aralashmaslik, sportchilar ishiga halaqit bermaslik. Ular tomoshabinlarga nima mumkin va nima mumkin emasligini tushuntirish yo‘llarini izlashda davom etayotganini bildirdi.
Savol esa ochiq qoladi: Arthur Ashe’dagi chiroqlar ostida, ring light va selfilar davrida, tennis o‘zining eng muhim boyligini – kortdagi sukunat va hurmatni – qanchalik saqlab qola oladi?







