Todd Cantwell: Tony Mowbray yo‘qligini his qildik
East Lancashire derbisi, odatda, his-tuyg‘ularni ayab o‘tmaydi. Bu safar ham shunday bo‘ldi, faqat maydondagi keskinlikka yana bir og‘ir omil qo‘shildi: Blackburn Rovers bosh murabbiyi Tony Mowbray sog‘lig‘i sabab ishini vaqtincha to‘xtatgan birinchi o‘yin.
Shunday fon, shunday bosim ostida Blackburn Turf Moor’dan ochkosiz qaytmaslikka erishdi. 2:2. Va bu hisobni saqlab qolgan gol – Todd Cantwellning 74-daqiqadagi sovuqqon penalti zarbasi.
Mowbraysiz birinchi kun
Ewood Park atrofida Mowbray nomi yillar davomida barqarorlik, vazminlik va ishonch bilan tenglashib ketgan. Endi esa o‘sha odam chetda, jamoa esa uning yo‘qligini ilk bor real his qilgan kun.
Cantwell o‘yindan keyin BBC Radio Lancashire’ga bergan intervyusida shuni yashirmadi: murabbiyning chekinishi ichkarida kuchli zarba bo‘lgan.
“U o‘yin oldidan ketgani ta’sirini biz biroz past baholagandek bo‘ldik, – dedi u. – Bu futbolchilar uchun ham, alohida, ham jamoa sifatida qabul qilish oson bo‘lmadı. Bugun yigitlardan, ularning xarakteridan juda faxrlanaman – bu guruh haqida ko‘p narsa bildim.”
Gap shunchaki murabbiy almashgani haqida emas. Mowbray bu tarkibga qaytganiga besh oy bo‘ldi xolos, lekin Cantwell ta’kidlaganidek, uning og‘irligi juda katta bo‘lgan.
“Bu xabar har bir futbolchiga alohida ta’sir qiladi. Murabbiy guruhga ulkan ta’sir ko‘rsatgan, bugun maydonga kelib, uni ko‘rmaslik juda real, juda g‘alati tuyuldi,” – deya davom etdi yarim himoyachi.
Jamoa o‘yin oldidan Mowbray bilan mehmonxona tark etilishidan avval gaplashishga ulgurdi. Cantwellga ko‘ra, shu ham yetarlicha kuch bergan.
“U bilan safarga chiqishdan avval gaplashib oldik. Ishonamanki, bugungi o‘yinimizdan u faxrlangan bo‘lardi,” – dedi u.
Blackburn kutilganidan barqarorroq
Mavsum oldidan Blackburn pastki qismda qiynaladigan jamoalar qatorida tilga olingan edi. Ammo uch oy o‘tib, manzara boshqacha: klub Championship jadvalida 13-o‘rinda, tushib ketish chizig‘idan 11 ochko uzoqda va pley-off zonasi bilan atigi besh ochkolik masofada.
Bu – bejiz natija emas. Ayniqsa, Mowbray atrofidagi noaniqlik, bosim, va derbi kabi ruhiy jihatdan og‘ir o‘yinlar fonida.
Cantwellning mavsum starti ham bunga mos. U uchinchi golini urdi, o‘yinlari ishonchli, o‘zi esa nihoyat Blackburndagi hayotini o‘z joyiga tushgandek his qilmoqda. Shunga qaramay, u Turf Moor’dan bir ochko bilan qaytishga to‘liq ko‘ngli to‘lmadi.
“Kengroq manzaraga qarasak, biz uchun bu yomon natija emas, – dedi u. – Lekin ich-ichimizda buni ikki ochko yo‘qotildi deb his qilyapmiz. Bu esa qanchalik o‘sib, qanchalik oldinga ketganimizni ko‘rsatadi.”
“Bolalikdagi sehrni qaytardi”
Cantwell Blackburn safida dastlabki ikki mavsumini oson bo‘lmagan, ichki va tashqi bosimlar, maydon ichidagi va tashqarisidagi muammolar bilan o‘tgan davr sifatida eslaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mowbray o‘sha murakkab davrni yumshatib, unga o‘zi izlagan erkinlikni qaytargan.
“Bugun o‘zimni ishonchli, erkin va joyimni topgandek his qilyapman. Blackburn’dagi dastlabki ikki mavsumim og‘ir bo‘ldi, maydonda ham, undan tashqarida ham ko‘p narsani yengib o‘tishimga to‘g‘ri keldi,” – dedi Cantwell.
“So‘zimni aytsam, Tony bunga yordam berdi – bolaligimdagi sehrni qayta ochib berdi. Men hech qachon ishonch yetishmasligidan qiynalmaganman, lekin hurmat qiladigan odamning bir-ikki so‘zi sendagi nimanidir uyg‘otishi hayratlanarli. Men unga qarzdorman, u men uchun juda katta ish qildi.”
Derbida urilgan penalti – shunchaki uchinchi gol emas. Bu zarba Blackburn uchun Mowbraysiz yangi sahifaning ilk satrlaridan biri bo‘ldi. Savol esa endi bitta: shu ruh, shu xarakter bilan ular mavsum oxiriga qadar qanchaga yetib borishlari mumkin?

