Curtis Jones ketishi: Anfield ruhi yo‘qolayaptimi?
Curtis Jones 21-avgust kuni Inter bilan shartnoma imzolagan payt, ko‘pchilik buni shunchaki vaqt masalasi deb bilardi. Liverpool deyarli tanlovsiz qolgan edi: Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi shartnomasining so‘nggi yiliga kirgan, yangisini imzolash niyati yo‘q, Anfieldda o‘sib ulg‘aygan yigit esa endi bu yerda o‘zini baxtli his qilmasdi.
O‘tgan mavsum yakunida Arne Slot ishdan ketdi, Jones esa o‘ng qanot himoyachisi sifatida “zaxira yechim” darajasiga tushib qolgandi. Ammo murabbiy o‘zgarishi ham vaziyatni o‘zgartirmadi. 25 yoshli futbolchi o‘zining tabiiy pozitsiyasi – yarim himoyada muntazam o‘ynashni xohlardi, Andoni Iraola qo‘l ostida esa bu kafolatlanmagan edi. Natija aniq edi: ketish.
Arzon narx, qimmat yo‘qotish
Transferning moliyaviy tomoni alohida bahs uyg‘otdi. Jones atigi 25 million funt evaziga ketdi – xuddi shu yozda tushib ketgan West Ham o‘zining Mateus Fernandesini Spursga bundan uch baravar qimmatga sotgan bir paytda. Liverpool esa uning o‘rniga kimnidir olib kelarmikan, degan xavotir yanada kattaroq bo‘ldi.
Bu qo‘rquv asossiz emasdi. Iraola ish boshlagan kundan boshlab yarim himoyaga ko‘proq variant kerakligini ochiq aytib keladi, kam emas. Shunga qaramay, u Jonesni ushlab qolishni xohlaganini ham yashirmadi – va bu faqat futbol sifati uchungina emasdi.
“Uning Scouse bo‘lgani juda muhim, u bu yerdan chiqqan”, – degandi Iraola yozda Jones kelajagi haqida so‘ralganda. Murabbiy uni “juda yuqori baholashini” ham qo‘shimcha qilgan.
Bu fikrlar Iraola uchun tabiiy. Faxrli bask sifatida, karerasining asosiy qismini Athletic Club safida o‘tkazgan odam, u klub va shahar o‘rtasidagi rishtaning qanchalik muhimligini boshqalardan ko‘ra chuqurroq his qiladi. Amerika safari chog‘ida u buni ochiq aytdi: Liverpool va Bilbao o‘rtasida “o‘ziga xoslik, tegishlilik hissi va akademiya bilan aloqadorlik” borligini ta’kidladi.
Shu fon’da bitta savol bo‘rtib chiqadi: Jones ketishi bilan Liverpool zamonaviy davrda ilk bor asosiy tarkibida birorta ham Scouser qoldirmadi. Bu nimani anglatadi?
Klub ruhi va stadion narxi
Jones ketishidan oldin ham “klub o‘z yuzini yo‘qotyapti” degan gaplar ko‘paygandi. Fenway Sports Group (FSG) moliyaviy jihatdan ajoyib ish qildi: bankrotlik yoqasida turgan klubni dunyoning eng daromadli jamoalaridan biriga aylantirdi. Lekin bu yo‘lning narxi ham bor.
Spirit of Shankly (SOS) kabi muxlislar guruhlari yillardan beri chiptalar narxining o‘sishidan norozi. Ularning fikricha, mahalliy muxlislar sekin-asta Anfielddan siqib chiqarilmoqda. SOS bu yil boshida FSG’ga yo‘llagan ochiq xatida “matchday daromadi umumiy tushumning kichik qismini tashkil qilsa-da, aynan o‘sha daromad sodiqlik va ishonch hisobidan olinayotgani”ni yozdi.
Shu fon’da 1892 Holdings – ortida Amazon asoschisi Jeff Bezos turgan konsortsium – klub aksiyalarining 38 foizini sotib olgani haqidagi xabar yanada keskinroq qabul qilindi. Yaqin 12 oy ichida to‘liq sotib olish imkoniyati ham bor. Bu esa “Liverpool ildizlaridan tobora uzoqlashyapti” degan qo‘rquvni kuchaytirdi.
‘The Price of Football Podcast’ muallifi Kieran Maguire bu haqda gapirar ekan, Liverpool “juda faxrli ishchi sinf shahri” ekanini eslatdi va an’anaviy muxlislar bazasining chetga surilishi xavfi yanada kuchayganini aytdi. Ko‘plab muxlislar chiptalar yanada boy odamlarga, yanada balandroq narxda berilishidan xavotirda. Anfieldga kelish tajribasi “o‘ziga xosligi suyultirilishi”, “Disney-fikatsiya” kuchayishi – shahar tarixi va o‘zligining bir bo‘lagi bo‘lgan klubni shunchaki sayyohlik attraksioniga aylantirishi mumkin.
Endi bunga yana bitta omil qo‘shildi: maydonda mahalliy yigitlar yo‘q.
Scouserlar izidan qolgan bo‘shliq
Klub afsonasi Steven Gerrard yozda ochiq aytdi: u Jonesning sotilishiga qarshi bo‘lgan, sababi oddiy – u tug‘ma Scouser.
“Biz, Liverpoolda ulg‘ayganlar, klub talablari, uslubi, muxlislar nimani xohlashini juda yaxshi tushunamiz, – degandi u BFM Radio’ga. – Bu bizning ichimizga singib ketgan, chunki shaharni boshdan-oyoq bilamiz. Shuning uchun akademiya juda muhim, biz uchun o‘zimizda yetishib chiqqan futbolchilarni yetishtirish kalit masala.”
Gerrard Michael Owen, Jamie Carragher, Robbie Fowler, Steve McManaman, Trent Alexander-Arnold, shuningdek, Jay Spearing va Stephen Warnock kabi ko‘proq zaxira roli o‘ynagan, lekin “maydonga tushganda klub qadriyatlari va prinsiplari nimadan iboratligini tushunib kirgan” futbolchilarni eslatdi. Bu ro‘yxat Liverpool tarixining genetik kodi kabidir.
Ammo aynan o‘sha Carragher bugun klubning transfer siyosatiga qarab bosh qotiryapti. U Football Ramble’ga bergan intervyusida o‘tgan yozni yoqtirmaganini aytdi. Uning tasvirlashicha, bu “Real Madrid yoziga” o‘xshab ketgan: Florian Wirtz, Alexander Isak, keyin Hugo Ekitike – 80 million funtlik yana bir hujumchi, allaqachon 125 millionlik forvard bor bo‘lsa ham.
Bu yozda ham asosiy shov-shuv – Bradley Barcola. Carragher “Klopp davrida jamoa qurgan paytlar qayerda qoldi?” deya so‘raydi. O‘sha paytlarda klub bozorni titratmagan, balki bahosi uncha yuqori bo‘lmagan, lekin to‘g‘ri tanlangan futbolchilar orqali superjamoa yaratgandi. U o‘sha modelga qaytishni istaydi. U yolg‘iz emas.
Qimmat transferlar soyasidagi akademiya
Shu bilan birga, akademiya butunlay yo‘q bo‘lib ketgani yo‘q. Rio Ngumoha rasmiy raviyda Chelsea tizimidan keldi, lekin u ham yoshlar futbolida o‘zini ko‘rsatgan. Trey Nyoni o‘tgan mavsumda Chelsea ustidan qozonilgan Carabao Cup g‘alabasida zaxirada qoldi, ammo aynan o‘sha kecha Jurgen Klopp uchun g‘urur manbai bo‘lgandi. Endi esa Nyoni bu mavsumda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Yaqinda safga qaytadigan Danns ham yana asosiy jamoa eshiklarini taqillatishi mumkin. Ayniqsa, hozirgi tarkibda Isak yagona tabiiy “9-raqam” bo‘lib turgan bir paytda, Ekitike esa 2027 yilgacha safdan tashqarida qolishi kutilayotganda.
Biroq Carragher ta’kidlaganidek, Anfielddagi transfer siyosati aniq burilish yasagan: klub tarixidagi eng qimmat to‘rt transferning bari so‘nggi ikki yozda amalga oshirildi. Bu esa akademiya bitiruvchilariga yo‘l topishni yanada mushkullashtiradi.
Barcola’ning Paris Saint-Germain’dan kelishi bilan Liverpool endi birgina o‘yinda – juma kungi Premier League bahsida Ipswich Town’ga qarshi Portman Road’da – maydonga uch nafar 100 million funtdan qimmat futbolchini tushira oladi. Iraola esa birorta ham mahalliy yigitni tanlash imkoniga ega bo‘lmaydi.
Klopp aytgani – so‘nggi qo‘ng‘iroqmi?
Shu ma’noda Kloppning Carabao Cup g‘alabasi haqidagi so‘zlari bugun yanada og‘ir eshitiladi. U o‘sha g‘alabani “takrorlanishi deyarli imkonsiz” deb atagandi. Faqat yoshlar bilan kubok yutish qiyin bo‘lgani uchun emas.
Bugun ko‘rinib turibdiki, masala yanada chuqurroq: Anfield atrofidagi ba’zi qaror qabul qiluvchilar uchun Scouse ruhi – “hammasidan ustun” bo‘lishi kerak bo‘lgan narsa – asta-sekin ikkinchi planga surilayotgandek. Savol shunda: Liverpool qanchaga boyidi – va buning evaziga aslida nimani yo‘qotdi?







