Oxford United “United 93” yozuvi uchun uzr so‘radi
Oxford United klubi yangi kiyimlar liniyasida “United 93” yozuvini ishlatgani uchun omma oldida uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. Klub aslida o‘zining tug‘ilgan yiliga – 1893 ga ishora qilmoqchi edi. Ammo orqadagi raqam va so‘z birikmasi butunlay boshqacha, og‘ir ma’noni eslatdi.
“United 93” — 2001-yil 11-sentabr kuni AQShda o‘g‘irlab ketilgan samolyotlardan birining chaqiruv belgisi.
O‘sha reys Shanksville (Pennsilvaniya) yaqiniga qulagan, bortdagi 44 kishining barchasi halok bo‘lgan. Keyinchalik bu fojia asosida “United 93” nomli hujjatli-badiiy film ham suratga olingan.
Shu fon’da klubning yangi Campus Clothing kolleksiyasida aynan shu yozuv paydo bo‘lishi muxlislar va jamoatchilikka darhol yoqmadi. Tanqid to‘lqini ko‘tarilishi uzoq cho‘zilmadi. Kiyimlar savdoga chiqib ulgurgan, suratlari e’lon qilingan edi.
Shundan keyin Oxford United rasmiy bayonot bilan chiqdi. Klub Campus Clothing liniyasi savdodan butunlay olib tashlanganini ma’lum qildi va “xatolik uchun chin dildan uzr” so‘radi. Bayonotda bunday jumla bor: bu mahsulot “tarixiy kontekst va assotsiatsiyalar to‘liq anglanmasdan chiqarilgani” tan olindi.
Klub rahbariyati mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi: “Bu mahsulot savdo nuqtasiga yetib bormasligi kerak edi va biz tegishli tekshiruvlarni to‘liq o‘tkazmaganimiz uchun to‘liq javobgarmiz”, deyiladi matnda. Kolleksiya darhol olib tashlangani, ichki tasdiqlash jarayonlari qayta ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlandi. Maqsad aniq: bunday hodisa yana takrorlanmasligi kerak.
Oxford United 1893-yilda Headington nomi ostida havaskor jamoa sifatida tashkil topgan. Bugun u League One darajasida, ingliz futbol piramidasining uchinchi pog‘onasida o‘ynaydi. Klub uchun yangi merchandising liniyasi – brendni kengaytirish, zamonaviy ko‘rinish berish imkoniyati edi. Ammo bitta raqam va bitta so‘z noto‘g‘ri birikib, butun loyihani bir zumda to‘xtatdi.
Bu bahsning ildizi, albatta, 11-sentabr fojiasida. O‘sha kuni 19 nafar Al Qaeda a’zosi AQShda to‘rtta yo‘lovchi samolyotni o‘g‘irlab ketdi. Ikki samolyot Nyu-Yorkdagi World Trade Center egizak minoralariga urilib, ularning qulashi va minglab qurbonlarga sabab bo‘ldi. Yana biri Vashington DC yaqinidagi Pentagon binosiga borib urildi. To‘rtinchi samolyot — United Airlines Flight 93 — esa Pennsilvaniyaning chekka hududiga qulagan, uning asl manzili sifatida Vashingtondagi Capitol binosi tilga olinadi.
Hujumlar oqibatida 2 977 kishi halok bo‘ldi, yana o‘n minglab insonlar jarohat oldi. Shunday fojia bilan bog‘langan chaqiruv belgisi bugun ham AQSh va butun dunyoda juda og‘riqli ramz bo‘lib qolgan.
Shu bois Oxford Unitedning “United 93” yozuvli liboslari atrofidagi xato – bu shunchaki marketingdagi noziklik masalasi emas, xotira va hurmat masalasi ham. Klub endi nafaqat kiyim kolleksiyasini qayta ko‘rib chiqadi, balki brend atrofida ishlaydigan har bir qarorni yanada chuqurroq o‘ylashga majbur bo‘ladi.






