Arsenal Arteta bilan uzoq muddatga kelishib oldi
Premier League chempioni bo‘lgan Arsenal klubida eng muhim savollardan biri nihoyat javobini topdi. Mikel Arteta yangi, ancha yaxshilangan shartnomaga og‘zaki rozilik berdi va bu London klubining yaqin yillarga bo‘lgan rejalarini aniq chizib berdi.
Ispaniyalik murabbiyning amaldagi shartnomasi bu mavsum oxirida yakuniga yetishi kerak edi. So‘nggi oylarda muzokaralar tinimsiz davom etdi, klub ichkarisida ham, muxlislar orasida ham noaniqlik sezila boshlagan paytlar bo‘ldi. BBC Sport bu oy boshidayoq tomonlar kelishuvga juda yaqin turganini xabar qilgandi. Endi esa bu jarayon yakuniga yetdi: Arteta Arsenal bilan qoladi.
Aniq muddat hozircha oshkor qilinmagan, ammo bitim uni kamida klubdagi o‘ninchi yiliga olib kirishi kutilmoqda. Arteta 2019-yil dekabrida Emiratesga kelganini hisobga olsak, bu Arsenal rahbariyatining unga bo‘lgan ishonchi qanchalik chuqur ekanini ko‘rsatib turibdi.
Yangi shartnoma moliyaviy jihatdan ham murabbiy maqomiga moslashtiriladi. Uning hozirgi yiliga 10 million funtlik maoshi va 5 million funt bonuslari sezilarli darajada oshiriladi. Chempionlikdan keyingi bu mukofot klubning aniq signaliga aylandi: bu loyiha Arteta atrofida quriladi.
Murabbiy o‘tgan hafta shartnoma borasidagi savollarga javob berar ekan, o‘z pozitsiyasini aniq bayon qilgandi: “Ular [muhlislar] bu haqda umuman xavotir olmasligi kerak, chunki men bu yerda bo‘lishni xohlayman. Men bu yerda juda baxtliman va yonimda ishlayotgan odamlarga nihoyatda minnatdorman”, – degan edi u.
Arsenal uchun bu faqat qog‘ozdagi bitim emas. Bu — chempionlikdan keyingi davrga berilgan strategik javob. O‘yinchilar tarkibi yangilanadi, raqiblar kuchayadi, bosim ortadi. Ammo klub eng muhim nuqtani hal qildi: kemaning boshida kim turishi masalasini. Endi savol boshqa — Arteta bilan bu Arsenal qanchalik uzoqqa bora oladi?






