sport pulse

Formula 1 Las-Vegas: Max Verstappenning 75-g‘alabasi va baholar

Las-Vegas, neonlar, 50 aylana va Max Verstappenning 75-g‘alabasi. Bu kecha Formula 1 tarixiga alohida satr bilan yoziladi.

Bu safar haydovchilarni eski maktabdagi jamoa rahbari nigohi bilan baholaymiz – sovuq telemetriya emas, bosim ostidagi haqiqiy ish.

Max Verstappen – 10/10

Sifatlash: 2 | Poyga: 1

Kimi Antonelli jazosi tufayli meros qilib olingan pol, lekin g‘alaba – sof san’at edi. Max 50 aylana davomida Mercedeslarga qarshi nafaqat tezlik, balki aql bilan kurashdi. Mashinani to‘g‘ri joylashtirdi, kech tormoz berdi, energiyani ip ustida yurgandek boshqardi. Oxirgi bosqichlarda raqiblarni nafaqat orqasida, balki boshida ushlab turdi. Bosim hech bir lahzada uni sindira olmadi. Shu kungacha bo‘lgan 75 g‘alabasidan eng to‘lig‘i, eng yetilganiga juda o‘xshaydi.

Lando Norris – 8/10

Sifatlash: 4 | Poyga: 2

McLaren to‘g‘ri chiziqlarda tormoz bo‘lib turgan bir kunda Lando undan hammasini siqib oldi. Poyganing betartib, shovqinli birinchi yarmida ochkolar zonasidan ham tushib ketdi. Shunda u va muhandislari batareya ishlatilishini qayta o‘ylab chiqishdi – poyga shu yerda burildi. Xatolardan yiroq, toza yurish, Antonelli va Oscar Piastriga qarshi kech bo‘lsada, o‘ta aniq hujumlar. Ikkinchi o‘rin – qog‘ozda shunchaki podium, amalda esa deyarli g‘alaba kabi tuyuldi.

Oscar Piastri – 8/10

Sifatlash: 7 | Poyga: 3

17-o‘rindan start, dvigatel jazosi, past yopishish – yosh haydovchi uchun dahshatli to‘plam. Piastri esa bunga chidaydigan darajada pishiq ekanini ko‘rsatdi. To‘g‘ri chiziqlarda McLarenning og‘ir kamchiligiga qaramay, u har bir imkoniyatni siqib chiqardi, ikki mashinani birga chaqirishgan pit-stopdan ham jon saqlab chiqdi. Energiya boshqaruvi, xavf va foyda balansini topishi – bularning barchasi yetuklik ishorasi. Poyga oldidan podiumni tasavvur ham qilmaslik mumkin edi, ammo u uchinchi o‘rinni tortib oldi.

Kimi Antonelli – 5/10

Sifatlash: 1 | Poyga: 4

Eng tezkor vaqt, pole – Antonelli Las-Vegasni o‘z sahnasiga aylantirgandek ko‘rindi. Poygada ham Verstappen bilan g‘alaba uchun halol kurashdi, overtake rejimini ehtiyotkorlik bilan boshqardi. Lekin yakuniy sahnada bitta xato hammasini buzdi. Orqa to‘g‘ri chiziqda Verstappendan orqada qolish uchun gazni ko‘tarib, yana bosishi batareyani butunlay bo‘shatdi. Natija: oxirgi aylana, to‘liq himoyasiz qolgan Kimi va uni yutib ketgan McLarenlar. Podium deyarli qo‘lida edi – o‘z qo‘li bilan boy berdi.

Pierre Gasly – 9/10

Sifatlash: 9 | Poyga: 5

Alpine uchun mavsumdagi eng yaxshi kechalardan biri bo‘ldi va uning markazida Pierre Gasly turdi. Poyga boshida uchinchi o‘ringa chiqib, hatto g‘alaba uchun yashirin nomzodga o‘xshab qoldi. Keyin esa dvigatel qizishi 45 aylana davomida uni qiynadi. Ayrim bosqichlarda aylana boshiga bir soniyadan ko‘proq yo‘qotdi, lekin oqilona slipstrim, texnikani ehtiyotlash – va baribir beshinchi o‘rin. Bu natija oddiy “yaxshi poyga” emas, imkoniyatdan maksimum olish namunasidir.

Franco Colapinto – 9/10

Sifatlash: 10 | Poyga: 6

Alpine past bosimli qanot sozlamalaridan maksimal foyda ko‘rdi, Colapinto esa bu qurolni to‘g‘ri ishlatdi. Eski softlarda ushlash bilan qiynaldi, ikki mashinalik pit-stopda vaqt yo‘qotdi. Shunga qaramay, qayta startda jonlandi, McLaren va Ferrari bilan bir slipstrim poyezdida kurashdi. Undan talab qilinadigan narsa bitta edi – mashina qanchaga qodir bo‘lsa, shunga yetkazish. U aynan shuni qildi.

Lewis Hamilton – 6/10

Sifatlash: 12 | Poyga: 7

Q2da erta chiqib ketish, ustiga-ustak Lando Norrisni trek tashqarisida o‘tgani uchun 10 soniyalik jazo. Shundan keyin Hamiltonga faqat bitta yo‘l qoldi – hujum. U Ferrari bilan, to‘g‘ri chiziqlarda tezlik yetishmayotganiga qaramay, poyga bo‘ylab o‘nlab, hatto yuzlab duelga kirishdi, o‘zini yana podium kurashiga qaytardi. Lekin Charles Leclerc bilan navbatdagi to‘qnashuv nafaqat uning, balki butun jamoaning konstruktorda muhim ochkolaridan ayrilishiga olib keldi. Shaxsiy qayta tiklanish – bor, jamoaviy natija – yo‘q.

Carlos Sainz – 9/10

Sifatlash: 14 | Poyga: 8

250-start, lekin orqa qator, dvigatel jazosi. Sharoit murakkab, ammo Sainz bundan ko‘p bora chiqib ketgan. Dastlabki aylananing o‘zida to‘qqiz pozitsiya yutdi, so‘ngra “50 ta sifatlash aylanasiga teng poyga”ni o‘zi tasvirlaganidek, haqiqatan ham shunday yurdi. Williamsning kamchiliklarini slipstrim va batareya bilan mohirona yashirdi. Mavsumdagi eng yaxshi sakkizinchi o‘rin, oxirgi chiziqda George Russelldan pozitsiyani tortib olish – bu uning taslim bo‘lmas xarakterining jonli isboti va Williams uchun kuchli ruhiy turtki.

George Russell – 4/10

Sifatlash: 3 | Poyga: 9

Tezlik bor edi. Hatto g‘alaba uchun. Max Verstappen bilan kech bo‘yi yetakchilik almashdi. Lekin 48-aylana hammasini ag‘darib tashladi. Kimi Antonelliga qarshi Turn 5 ichki, chang bosgan chiziqda juda jasur hujum – va tormoz bloklanishi. Devor, zarba, orqaga qaytish. Mashinani devordan chiqarib, poygani davom ettirdi, ammo deyarli aniq podiumni o‘z qo‘li bilan yo‘q qildi. Yakunda Sainzga ham o‘rin boy berishi – unutilmaydigan, lekin yaxshi ma’noda emas, tun bo‘ldi.

Charles Leclerc – 2/10

Sifatlash: 11 | Poyga: 10

Ferrari uchun og‘riqli kecha. Q2dagi xato uni ilk o‘nlikdan tashqariga uloqtirdi. Poygada esa jamoaning aniq ko‘rsatmalariga qaramay, slipstrimdagi jamoaviy o‘yin o‘rniga yakka kurashni tanladi. Mexico, Brazil, Las-Vegas – ketma-ket uch poygada Hamilton bilan to‘qnashuv. Bu safar ham 10 soniyalik jazo, yana konstruktorda yo‘qotilgan ochkolar. Poyga tugashi bilan Fred Vasseurning g‘azabi bejiz emasdi – bu chiqish izoh topmaydigan darajada zaif bo‘ldi.

Nico Hülkenberg – 5/10

Sifatlash: 13 | Poyga: 11

Uzun to‘g‘ri chiziqlarga mos kelmaydigan Audi, lekin Hülkenberg o‘z ishini jim, ammo to‘g‘ri bajardi. Kuchli startni past batareya darajasi birdan yo‘qqa chiqardi, keyin esa u o‘rtamiyona janglar ichida qamalib qoldi. Shunga qaramay, ochkolardan bir pog‘ona past, 11-o‘rin va jamoa ichida eng yaxshi natija. Ko‘proq emas, lekin real imkoniyat darajasida.

Gabriel Bortoleto – 5/10

Sifatlashdan oldingi texnik muammolar fonida bu poyga undan osongina nazoratdan chiqishi mumkin edi. Bortoleto bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi: sokin, hisob-kitobli yurish, to‘g‘ri chiziqlarda notinch, “o‘ynoqi” mashinani jilovlab bordi. Ollie Bearman bilan shiddatli g‘ildirakdan-g‘ildirakka jang esa unga qimmatga tushdi – yetakchi guruh slipstrimidan uzilib qoldi va oldindagi jazolardan foyda ko‘rish imkonidan mahrum bo‘ldi.

Oliver Bearman – 8/10

Sifatlash: 22 | Poyga: 13

35 pog‘onalik jazodan keyin so‘nggi qatordan start. Haas bugun mo‘’jiza ko‘rsatadigan mashina emasdi. Lekin Bearman o‘zidan kutilganidan ko‘proqni berdi. Sekin burilishlarda tezlik yetishmadi, u esa hujumlarni kechiktirib, energiyani tejash va slipstrimda Audi’larni ushlab qolishga urinib yurdi. Muammolardan yiroq, toza poyga, to‘qqiz o‘rin yutib, 13-o‘ringa chiqish – bu texnika darajasidan yuqori ish.

Liam Lawson – 5/10

Sifatlashda sakkizinchi o‘rin – zo‘r poydevor edi. Lekin hammasi startgacha bo‘lgan yo‘lda buzildi: yoqilg‘i sizib chiqishi, pit-leyn starti, poyga boshlanmasdan bir aylana ortda qolish. Safety car ortida to‘rt aylana kutib, o‘zini qayta ochish huquqini olguncha, u allaqachon 25 soniya ortda edi. Slipstrim poyezdlari hukmron bo‘lgan sharoitda bu deyarli hukm bilan barobar. Oxirgi bosqichlarda bo‘sh trekda yaxshi tezlik ko‘rsatdi, lekin bu faqat o‘zini oqlashga urinish bo‘lib qoldi.

Isack Hadjar – 5/10

Sifatlash: 5 | Poyga: 15

Kuchli sifatlash, dastlabki bosqichda munosib tarzda podium zonasi. Keyin esa g‘alati, tushuntirish qiyin bo‘lgan old qanot nosozligi – majburiy pit-stop va butun strategiya barbod. Poygadan keyin esa safety car ortida jamoa buyruqlari bilan ortiqcha sekin yurishi uchun 10 soniyalik jazo va 15-o‘ringa tushish. Tezlik borligini ko‘rsatdi, lekin natija qog‘ozda sovuq ko‘rinadi.

Rafael Camara – 4/10

Sifatlash: 17 | Poyga: 16

Faqat ikkinchi to‘liq mavsum starti, shunga qaramay, dastlabki janglar va qayta startlarda umidli ko‘rinish berdi. Lekin Turn 14da Sergio Perezning overtake rejimidagi ulkan tezlik bilan yaqinlashayotganini o‘z vaqtida ko‘rmay qoldi. To‘qnashuv, aylanish, to‘siq. Poygani davom ettirdi, ammo raqobatbardosh bo‘lmagan Haas bilan 16-o‘rindan nariga o‘ta olmadi. Tajriba – bor, taassurot – sust.

Lance Stroll – 5/10

Sifatlash: 20 | Poyga: 17

Aston Martin to‘g‘ri chiziqlarda jiddiy yo‘qotayotgan bir kechada Strolldan mo‘’jiza kutish qiyin edi. Jazolar tufayli orqa qatordan start qilib, u asosan Fernando Alonso va Valtteri Bottas bilan pozitsiya almashib yurdi. Mavsum bo‘yi batareya ishonchliligi bilan qiynalayotgan jamoa uchun mashinani yetakchi aylana ichida, zararsiz 17-o‘rinda olib kelish – zararlarni cheklash vazifasini bajarish demakdir.

Valtteri Bottas – 5/10

Sifatlash: 21 | Poyga: 18

Umumiy tezligi yetishmaydigan Cadillac, lekin Bottas xatosiz poyga o‘tkazdi. Safety car paytida softlarga o‘tib, Aston Martinlar bilan kichik, ammo keskin guruh jangiga qo‘shildi. Mashinani shikast yetkazmasdan, yetakchi aylana ichida marraga olib kelish – bugungi kunda mavjud bo‘lgan maksimal natija edi.

Fernando Alonso – 5/10

Sifatlash: 19 | Poyga: 19 (DNF)

Quvvat tanqisligi uni allaqon sifatlashdan boshlab qiynay boshladi. To‘g‘ri chiziqlarda soniyalarni yo‘qotib, burilishlarda jasorat bilan yutib olishga urinishi – Alonso uchun odatiy manzara, lekin bu safar hammasi dvigatelga borib taqaldi. Slipstrim poyezdida ilinish uchun o‘zini yo‘qotdi, oxir-oqibat esa so‘nggi aylanalarda texnika taslim bo‘ldi. 19-o‘rinda tasniflangan, lekin bu raqam uning mehnatini aks ettirmaydi.

Arvid Lindblad – 3/10

Sifatlash: 6 | Poyga: DNF

Karyerasidagi eng yaxshi start – beshinchi o‘rin, dastlabki aylanalarda uchinchi pozitsiyagacha ko‘tarilib, peshqadamlar bilan ochiqchasiga jang qildi. Yangi avlod tayyor ekanini eslatadigan dadil chiqish. Ammo hammasi shinalarni qizdirish jarayonidagi xato bilan yakunlandi. Devor, poyga yakuni va deyarli kafolatlangan ilk beshlik, ehtimol podium imkoniyatini havoga uchirish. O‘z aybini tan oldi, lekin bu uni qimmat xatodan qutqarmaydi.

Sergio Perez – 3/10

Sifatlash: 18 | Poyga: DNF

Tezligi yetishmaydigan Cadillacda ham Perez dastlabki aylanalarda yaxshi kurash ko‘rsatdi, atrofidagi raqiblarga toza, lekin keskin hujumlar qildi. Biroq Turn 14da overtake rejimidagi ulkan tezlikni noto‘g‘ri baholashi hammasini o‘zgartirdi. Rafael Camara bilan torayib borayotgan chiziqda yonma-yon kirishga urinish – va kech qolgan qaror. To‘qnashuv, ikkala mashinaga jiddiy shikast, Perezga esa Qatar uchun besh pog‘onali start jazosi. Ruhiy zarba ham, sport nuqtai nazaridan og‘ir oqibat ham birgalikda keldi.

Alex Albon – N/A (DNS)

Sifatlash: 16 | Poyga: DNS

Uning kechasi start chizig‘igacha yetib bormadi. Butun hafta davomida tormoz haroratini ushlash bilan qiynalgan Albon, gridga yo‘lda tormozlar birdan qizib, yonib ketishi oqibatida poygadan chetlatildi. Williams xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘ydi va mashinani qaytarib oldi. Ba’zan eng og‘ir qarorlar ham shunday, trek tashqarisida qabul qilinadi.

Las-Vegasdagi bu shovqinli, betartib, lekin hayratlanarli poyga ko‘p narsani o‘zgartirdi: Verstappenning merosi, McLarenning jasorati, Mercedes ichidagi taranglik va Ferrari ichidagi intizom savollari. Endi savol bitta: bu tun – mavsum burilishimi yoki kelayotgan bo‘ronning faqat birinchi chaqmog‘imi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil