Manchester United tarixidagi o‘zgarishlar: Mourinho va Ferguson
“Sliding doors” — Manchester United tarixidagi eshiklar qachon g‘iyq etib yopilib, boshqasi ochilmay qolgan lahza aynan shu bo‘lgan.
2013-yil bahori. Klub ichkarisida yurganlar o‘sha kunlarni hozir ham eslaydi: hamma narsa Jose Mourinho atrofida aylanardi. Sir Alex Ferguson ketishga qaror qilgan, o‘zi chuqur hurmat qiladigan, xarizmasi, g‘alabaga ochligi bilan tanilgan portugaliyalikni shaxsan ishontirgan edi. Hamma narsa tayyor ko‘ringan paytda, taqdir yo‘nalishni keskin o‘zgartirdi.
Madrid va London oralig‘idagi kelishuv
Mourinho bilan uchrashuvlar Madridda ham, Londonda ham bo‘lib o‘tgan. Sir Alex u bilan yuzma-yuz o‘tirib, 2012-13 mavsumi oxirida chekinishini aytadi. Bu Mourinho uchun ham kutilmagan zarba bo‘lgan. U allaqachon “Old Trafford”dan keyingi hayotni tasavvur qila boshlagan payt edi.
Shartlar bo‘yicha muzokaralar tezda jadal tus oladi. Klub ichidagi manbalar “haftalar davom etgan jarayon”ni eslaydi. Maosh, vakolatlar, tarkib, tuzilma – hammasi bo‘yicha kelishuv topiladi. Kelishuv bor edi. Keyin esa yo‘q edi.
Ferguson o‘sha kechani hujjatli filmda ochiq eslaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mourinho telefon qilib, yig‘lab gapirgan: u “Chelsea”ga so‘z berganini, bu so‘zni buzolmasligini aytgan. Rasmiy sabab – oila. London yaqinidagi uy, farzandlarining hayoti, 2007-yilda “Chelsea”dan ketganidan beri qaytishga bergan va’dasi.
Manchester ichida esa bunga hamon to‘liq ishonmaydiganlar bor. Biroq fakt o‘zgarmaydi: Mourinho Londonni tanladi, “Stamford Bridge”ga qaytdi. United esa qo‘lida shartnoma imzolashga tayyor turgan murabbiysiz qoldi.
O‘zgarmas bo‘lib tuyulgan davrning tugashi
O‘sha yoz klub uchun burilish nuqtasi edi. Sir Alex bilan birga uzoq yillar davomida tizimni ushlab turgan bosh ijrochi direktor David Gill ham ketayotgan edi. United rahbariyati bu oddiy almashuv emasligini yaxshi tushungan: Ferguson nafaqat bosh murabbiy, balki sport tomoni bo‘yicha deyarli hamma narsani boshqaradigan yagona shaxs edi. Uning o‘rnini bitta odam bilan to‘ldirish imkonsiz ko‘rinardi.
Mourinho esa aynan shunday og‘ir yukni yelkasiga olishga qodir nomzod sifatida ko‘rilgan. Katta ego, katta tajriba, katta sahnalar uchun yaratilgan shaxs. Uning kelishi bilan yangi tuzilma joriy etilib, bu jarayon maydondagi natijalar hisobiga “yashirilishi” mumkin edi.
Ammo Mourinho yo‘q edi. Pep Guardiola allaqachon Bayern Munich bilan kelishib bo‘lgan. United tezda yo‘nalishni o‘zgartirdi va Everton bosh murabbiyi David Moyesga o‘tdi.
“Chosen One” deb e’lon qilingan Moyes amalda bunday bo‘lib chiqmaganini tarix yozib qo‘ydi. Uning Ferguson bilan o‘xshash jihatlari bor edi – mehnatsevarlik, intizom, uzoq muddatli reja. Lekin eng yuqori darajada ishlash tajribasi yetishmasdi. Bu farq juda tez sezildi.
Mourinho kechikib kelganida
2016-yilda Mourinho baribir “Old Trafford”ga qadam qo‘ydi. Bu safar u Louis van Gaal o‘rnini egalladi, gollandiyalik murabbiy esa Crystal Palace ustidan qozonilgan FA Cup g‘alabasidan 48 soat o‘tib iste’foga chiqarilgan edi.
Lekin bu endi boshqa United, boshqa Mourinho edi.
2012-13 mavsumida Premer-ligada kamida 10ta o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan 18 futbolchidan atigi oltitasi – David de Gea, Phil Jones, Wayne Rooney, Chris Smalling, Michael Carrick va Antonio Valencia – Mourinho qo‘l ostida birinchi mavsumda ham shunday rolni saqlab qoldi. O‘sha chempion tarkib allaqachon yemirila boshlagan, yadro o‘zgargan, kiyinish xonasi ham boshqacha bo‘lib qolgan edi.
Mourinho o‘zi ham o‘zgargan. “Chelsea”ga qaytib, ikkinchi bor chempion bo‘lgan, lekin 2015-yil dekabrida klubni turnir jadvalida 16-o‘rinda qoldirib, keskin tarzda ketgan. Uning atrofidagi ziddiyatlar, ichki portlashlar Manchesterga ham yetib kelmasdan qolmadi.
Shunga qaramay, statistik jihatdan u United tarixidagi post-Ferguson davrining eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri bo‘lib turibdi. Birinchi mavsumdayoq Europa League va EFL Cupni qo‘lga kiritdi, ikki marta Champions League yo‘llanmasini oldi. 2017-18 mavsumida jamoadan 81 ochko siqib chiqardi – Ferguson ketganidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich. O‘sha mavsumni 19 ochko farq bilan Manchester City ortidan ikkinchi o‘rinda yakunlaganini Mourinho o‘zining “eng katta yutuqlaridan biri” deb atagan.
Biroq fon boshqacha edi. U klub ichida mojarolarsiz yashamadi: rekord transfer Paul Pogba bilan ochiq to‘qnashuvlar, Anthony Martial bo‘yicha rahbariyat bilan keskin kelishmovchiliklar, transferlar masalasida o‘zini yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmagandek his qilishi. Uning ketishidan keyin United ichkarisidagi tartibsizliklar yanada yaqqol ko‘rina boshladi.
“Agar u 2013-yilda kelganida…”
Bugun ko‘pchilik klub atrofida bir savolni takrorlaydi: agar Mourinho Fergusonning bevosita vorisi bo‘lganida, hammasi boshqacha bo‘larmidi?
O‘sha davrni yaxshi biladiganlar shunday deb hisoblaydi. Birinchidan, Mourinho o‘zidan oldingi buyuk murabbiyni ortda qoldirishga ishongan bo‘lardi. U uchun bu chaqiriq, motivatsiya, o‘zini yana bir bor isbotlash imkoniyati edi.
Transfer bozorida ikkilanmagan bo‘lardi. David Moyes davrida kuzatilgan sustlik, ikkilanib qolish, so‘nggi kunlardagi shoshma-shosharlik – bular Mourinho uslubiga butunlay zid. Manbalar ta’kidlaydi: Thiago Alcantara bilan kelishuv yakuniga yetgan bo‘lardi. Marouane Fellaini atrofidagi chalkashliklar, ozroq bo‘lgan release clause o‘tkazib yuborilib, oxir-oqibat 27,5 million funt evaziga deadline dayda imzolangan transfer – bular sodir bo‘lmagan bo‘lardi. Fellaini o‘zi ham bu klubga kelmagan bo‘lardi, degan fikr hukmron.
Mourinho o‘sha paytning o‘zida klubga bir qator futbolchilar bo‘yicha fikr bildirgan, jumladan, Italiya terma jamoasi markaziy yarim himoyachisi Daniele de Rossi haqida ham. U tarkibni qayta qurishni, ammo tajribali yadroni maksimal darajada ishga solishni ko‘zlagan.
Bugun ham ko‘pchilik bitta narsaga qo‘shiladi: Ferguson o‘sha so‘nggi chempionlik mavsumida tarkibdan mutlaq maksimumni siqib olgan. O‘sha jamoa o‘z potensialidan yuqoriroq o‘ynagan. Lekin shundan keyingi qulsh – yettinchi o‘rin – shu darajada keskin bo‘lishi kutilmagan edi. Hatto o‘yinchilarning o‘zi ham bu tushkunlikning aniq sababini topa olmaydi.
Mourinhoning o‘sha paytdagi borligi ularni boshqacha darajada bosim ostiga qo‘yishi, raqobatga majbur qilishi mumkin edi, degan fikr kuchli. Uning qattiq talablari, g‘alabani talab qiladigan muhitiga o‘sha tarkib boshqacha javob bergan bo‘larmidi?
Sir Alexning eslashlari va bitmayotgan savol
Netflix uchun suratga olingan yangi hujjatli serialda Ferguson o‘sha telefon qo‘ng‘irog‘ini, Mourinho ovozidagi titroqni, ko‘z yoshlari bilan aytilgan “yo‘q”ni juda tiniq tasvirlaydi. Bu nafaqat ikki buyuk murabbiy o‘rtasidagi shaxsiy lahza, balki klub tarixidagi burilish nuqtasi sifatida ham qayta jonlanadi.
Manchester United o‘sha kechada murabbiy emas, butun bir yo‘lni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Bugun ham savol ochiq turibdi: o‘sha eshik ochiq qolganida, klub bugungi o‘zini qidirish davriga tushib qolarmidi yoki Mourinho bilan birga boshqa yo‘ldan yurgan bo‘larmidi?





