Din Thomas: Jirkanch lahza va kechikkan uzr
UFC 330 tunida yutqazgan faqat Gillian Robertson emasdi. Oktagondan tashqarida, burchakda turgan odam ham mag‘lub bo‘lgandi. O‘sha odam – uzoq yillar davomida eng yuqori darajadagi jangchilarga yo‘l ko‘rsatib kelgan murabbiy va tahlilchi Din Thomas.
U Gillian Robertson’ning burchagida turgan, u esa Mackenzie Dern bilan jangda hakamlar qarori bilan yutqazib, ayollar strawweight chempionlik kamaridan quruq qoldi. Shundan so‘ng, kechqurun bo‘lib o‘tgan post-shou efirida Thomas birdaniga qarorini e’lon qildi: endi u hech qachon jangchilarning burchagida ishlamaydi.
Efir jonli, kayfiyat keskin, natija alamli. E’lon esa portlashga teng bo‘ldi.
Noo‘rin payt, keskin reaksiya
Bu qaror va ayniqsa uning vaqti ko‘pchilikka yoqmadi. Ovozini hech qachon yashirmaydigan, o‘ta keskin chiqishlari bilan tanilgan middleweight chempioni Sean Strickland ijtimoiy tarmoqlarda darhol portladi, Thomas’ni qattiq haqorat qildi, uni murabbiy sifatida ham, inson sifatida ham yerga urdi.
Shu fon, shu bosim, shu shov-shuv ichida 49 yoshli murabbiy bir necha kundan keyin “Deep Waters” podkastida o‘tirib, hammasini tan oldi. Eng og‘iri – o‘zini.
U buni “butunlay mas’uliyatsiz”, “jirkanch” qaror deb atadi.
Yettti yil birga o‘tgan yo‘l
Thomas so‘zlarida aynan shuni urg‘uladi: bu shunchaki murabbiy va jangchi munosabati emas, yetti yil davom etgan hamkorlik, safarlar, mashg‘ulotlar, shaxsiy kurashlar edi. U Gillian’ni karerasining boshidan beri boshqarganini, ikkovlon tinimsiz ishlaganini eslatdi.
U bir epizodni alohida esladi: Robertson ko‘zida yosh bilan kelib, ketma-ket ikki, uch g‘alaba qilishni orzu qilgan paytlar. Keyin esa u shunday seriya qilgan, rekordlarni yangilagan, nihoyat kamar jangiga chiqish darajasiga yetgan.
O‘sha kechada esa, hammasi yakunlangach, Thomas o‘z e’tiborini Gillian’dan tortib oldi. O‘z qaroriga. O‘z charchog‘iga. O‘z dramasiga.
U bugun aynan shundan uyaladi.
U so‘zlarini ayamasdan aytdi: men uning lahzasini o‘g‘irladim. Kamarni ololmagan bo‘lsa ham, besh janglik g‘alabali seriyasi, chempionlik jangiga chiqishi, hatto o‘sha kechaning o‘zida so‘nggi raundni qaytarib olgani – bularning bari e’tirofga loyiq edi. O‘rniga esa sarlavhalarda murabbiyning nafaqaga chiqishi turdi.
Thomas buni “mening xudbinligim” deb atadi.
“Men xato qildim, Gillian”
Podkastda uning ohangi o‘zgacha edi: himoyalanish yo‘q, bahona yo‘q. Faqat ochiq uzr.
U Gillian’ga murojaat qildi: sevgi, hurmat, sadoqat haqida gapirdi. Yetti yil davomida qanday yonida bo‘lganini, bundan keyin ham inson sifatida yonida bo‘lishini, qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamasligini ta’kidladi. Burchakda emas, lekin yonida.
U bir necha kun davomida bu holat ichini yeganini, imkon bo‘lganda darrov uzr so‘ramoqchi bo‘lganini, lekin imkon topa olmaganini aytdi. Endi esa ochiqchasiga: “Men xato qildim, men uyalyapman, men kechirim so‘rayman”, dedi.
Bu so‘zlar murabbiydan ko‘ra ko‘proq insonning iqroridek yangradi.
Ichki kurash va charchoq
Thomas o‘sha lahzadagi ichki holatini ham ochdi. Oktagondan chiqib, bir vaqtning o‘zida ikki rolga bo‘linishi kerak edi: bir tomonda – yuragi sinib turgan murabbiy, boshqa tomonda – efirda xolis bo‘lishi kerak bo‘lgan tahlilchi.
U ichida “bu ishni endi qilgim kelmaydi, tezroq bu yerdan ketishni xohlayman” degan fikrlar aylanib yurganini tan oldi. Bu hissiyotlar, yillar davomida yig‘ilgan ruhiy charchoq, burchakdagi o‘rindan voz kechish qarorini tezlashtirdi.
Lekin tezlik hamma narsani buzdi.
U bugun shuni tan olmoqda: kayfiyat qanday bo‘lmasin, payt noto‘g‘ri edi. Jangchining kechasi – jangchinikidir. Ayniqsa, yetti yil yoningda bo‘lgan jangchining.
Din Thomas burchakdan ketadi, lekin uning bu kechikkan, og‘ir, lekin rost uzri MMA olamida uzoq esda qoladi. Endi savol bitta: Gillian Robertson bu uzrni qachon va qanday qabul qiladi – va bu, uning keyingi janglariga qanday ta’sir qiladi?






