Las-Vegasdagi poygada Verstappen g‘olib bo‘ldi
Las-Vegas Strip chiroqlari ostida poyga emas, xayolga sig‘maydigan jang bo‘ldi. Va o‘sha betartib, nafasni qisadigan kechada yana bir bor Max Verstappen sovuqqonligini yo‘qotmadi.
50 aylana, 34 marta yetakchilik almashdi, uch yuzdan ortiq o‘tishlar. Statistikaga o‘xshamagan, kompyuter o‘yini eslatgan Gran-pri. Lekin yakunda Las-Vegasning bu “vahshiyona ruleti”dan g‘olib bo‘lib chiqqan yana Red Bull poygachisi bo‘ldi.
Slipstrim shahrida yetakchilikni ushlab qolishning iloji yo‘q edi
Startda poyga ancha odatiy ko‘rindi: polpozitsiyadan chiqqan Verstappen birinchi burilmani yetakchi bo‘lib tark etdi. Ammo Las Vegas Strip Circuit uzun to‘g‘ri chiziqlari va ulkan slipstrimi bu kechada oddiy poyga bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.
Max qancha urinmasin, raqiblardan uzilib keta olmadi. Har bir to‘g‘ri chiziq – yangi hujum, har bir DRS zonasi – yangi zarba. Avval George Russell, keyin esa yangi jahon chempioni Kimi Antonelli bir necha bor Verstappendan o‘tib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin har safar javob ham uzoq kuttirmadi.
Red Bull uchuvchisi quvvatni taqsimlashni jarrohlik aniqligida boshqardi. Oxirgi sektor oxirida Mercedesni “yeb qo‘yishga” yo‘l qo‘yar, keyngi aylananing dastlabki burilishlarida esa quvvatni ochib, pozitsiyasini qaytarib olardi. Las-Vegasda bu kecha nafaqat tezlik, balki aqllar to‘qnashuvi bo‘ldi – va Verstappen bu jangda ham sovuqqonroq chiqdi.
Mercedes bosimi, so‘ng esa kutilmagan qulashi
Poyga o‘rtalariga kelib, ritmni aynan Russell belgilab turdi. U doimiy ravishda Verstappen bo‘ynida nafas olayotgandek edi, yonidan Isack Hadjar, Lando Norris hujum qilayotgan bo‘lsa ham, Mercedes uchuvchisi ham yetakchilikka, ham raqiblarini jilovlashga urinardi.
19-aylanada Cadillac poygachisi Sergio Perez va Haas vakili Rafael Camara to‘qnashuvi Safety Car chiqishiga sabab bo‘ldi. Perez trassada qolib ketdi, orqadan esa Racing Bulls uchuvchisi Arvid Lindblad aylanishga uchrab, beshinchi o‘rindan poygani tark etdi. Peloton yana bir marotaba siqildi, hamma narsa qaytadan boshlandi.
25-aylana oxirida restart berilgach, bosim yanada oshdi. Russell bir necha bor yetakchilikni qaytarib oldi, hatto bir payt Norris ortiga tushib qolganidan so‘ng ham yana oldinga qaytdi. U 37-aylana oxirida navbatdagi zarbani berdi va birinchi o‘rinni yana qo‘lga kiritdi, ammo Verstappen javobini uzoq cho‘zib o‘tirmadi.
Shu paytdan boshlab sahnaga Antonelli chiqdi. Start oldidan olgan besh pog‘onali jarimasiga qaramay, u yana yetakchi guruhga qaytdi va Russellni ortga surib, Verstappenning asosiy raqibiga aylandi. Mercedes uchun dubl va yana bir ramziy g‘alaba hidlanayotgandek edi.
Lekin oxirgi bo‘limda hammasi buzildi.
48-aylanada Russell so‘nggi bor hujumga o‘tdi. Turn 5 ichki trayektoriyasidan Antonelliga zarba berishga urinar ekan, tormozda g‘ildirakni bloklab qo‘ydi va to‘siqqa tegib ketdi. Poygani davom ettirdi, lekin temp yo‘qoldi, o‘rinlar qo‘ldan ketdi. Verstappen ko‘zgusidan bo‘layotgan voqeani kuzatar, radio orqali quvonchini yashirmasdi.
Mercedes uchun bu hali hammasi emas edi. So‘nggi aylana boshida Antonelli quvvatni noto‘g‘ri boshqardi – gazni ko‘tarishi deploymentni yo‘qotishga olib keldi. Shunda McLaren sahnaga chiqdi: Norris va Oscar Piastri ikkovi ham uni bir zumda ortda qoldirib, jamoa uchun dubl podiumni tortib oldi.
Verstappen esa, kutganidan ham osonroq bo‘lgan so‘nggi aylana bilan g‘alabani muhrladi.
Verstappen – ikkinchi o‘rinni deyarli kafolatlagan odam
Bu g‘alaba Max uchun kalendar bo‘yicha oddiy natijadan ko‘proq narsani anglatadi. So‘nggi olti poygada to‘rtta g‘alaba, umumiy hisobda esa haydovchilar reytingida ikkinchi o‘rinni deyarli muhrlash. U endi uchinchi o‘rindagi Lewis Hamiltondan 37 ochkoga oldinda, Qatar va Abu Dhabi oldidan bu farqni yopish deyarli imkonsizga yaqin.
Red Bull uchun esa kecha biroz achchiq-shirin bo‘ldi. McLarenning so‘nggi aylanalardagi yutug‘i konstruktorlar reytingida uchinchi o‘rin uchun kurashni yana ham qizdirdi: endi McLaren Red Bulldan atigi to‘qqiz ochkoga ortda. Isack Hadjar esa Safety Car ortidan peloton siqilgan paytda old qanoti ishdan chiqib, uchinchi o‘rindan oxirgi pog‘onaga tushib ketdi va ochkosiz qoldi.
Poyga natijalarining o‘zi Las-Vegas kechasining naqadar shafqatsiz bo‘lganini aytib turibdi: Pierre Gasly beshinchi, Franco Colapinto oltinchi bo‘lib, Alpine uchun katta ochko jamladi. Hamilton barcha sarguzashtlarga qaramay yettinchilikni tortib oldi. Carlos Sainz esa finish chizig‘iga kelib Russellni “tishlab” o‘tib, Williams uchun mavsumdagi eng yaxshi natijani takrorladi – sakkizinchi o‘rin. Charles Leclerc esa o‘nlikni yopdi.
Ammo Ferrari uchun bu raqamlar fon bo‘lib qoldi. Asosiy voqea yana ichki portlash edi.
Ferrari ichida yana portlash: Hamilton–Leclerc to‘qnashuvi
So‘nggi haftalarda chempionatni Antonelli va Mercedes hukmronligi belgilab turgan bo‘lsa, dramatik sahnalar ko‘pincha Ferrari garajidan chiqmoqda. Mexico Citydan keyingi taranglik hali to‘liq so‘nmagan edi. O‘shanda Leclercning startdagi keskin hujumi jamoani deyarli kafolatli bir-birlikdan mahrum qilgandi.
Braziliyadagi suhbatlar, yarashuvga o‘xshash bayonotlar… Las-Vegas shanba kechasi bularning bari qog‘ozdagi so‘z bo‘lib chiqdi.
Yomon saralashdan so‘ng Hamilton va Leclerc 9 va 10-o‘rinlardan start olishdi. Birinchi metrlarning o‘zida kichik tegish bo‘ldi, lekin haqiqiy portlash keyinroq yuz berdi. Hamilton Norrisni trassadan tashqarida quvib o‘tib, 10 soniyalik jarima oldi, shunga qaramay, ajoyib temp bilan oldinga qaytdi va oltinchi o‘rin uchun kurashga qayta qo‘shildi.
Norrisni yana ortda qoldirishga urinayotgan paytda, Leclerc vaziyatdan foydalanmoqchi bo‘ldi. Turn 7 ichki trayektoriyasidan juda uzoq masofadan hujum qildi. Natija – to‘qnashuv, Hamilton aylanishga uchradi va orqaga qulab tushdi. Stevardlar Leclercni aybdor deb topishdi: hamkasbidan juda uzoqdan kelgani uchun Hamilton ichkarida joy qoldirishga majbur emas edi. Leclerc 10 soniyalik jarima oldi.
Hamilton radio va poygadan keyingi fikrlarida vaziyatni nisbatan xotirjam baholaydi. Lekin Ferrari ichida kayfiyat mutlaqo boshqacha edi. Jamoa boshlig‘i Frederic Vasseur radio orqali Leclercga qisqa, lekin og‘ir ma’no yuklangan murojaat yo‘lladi: poygadan keyin darhol yoniga kelishini talab qildi va keyinroq bu xatoni “jamoani juda qattiq jazolagan, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” harakat sifatida baholadi.
Ferrari allaqachon bu mavsumda ichki intizom bilan kurashayotgan edi. Las-Vegasdagi sahna esa bu jarayon tugamaganini, aksincha, Qatar mediya kuni oldidan yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatdi.
Oldinda: Verstappen–Russell qarama-qarshiligi va Ferrari savollari
Verstappen va Russell o‘rtasidagi ziddiyat bu hafta oxirida ham qaynoq mavzu bo‘ldi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan poyga – ayniqsa, Russellning xatosi va Verstappening ko‘zgudagi “tomoshadan” zavqlanishi – Qatar paddokida yana o‘nlab savollarni tug‘diradi.
Antonelli va Mercedes chempionlikni allaqachon cho‘ntagiga solib bo‘lgan, lekin Las-Vegas ko‘rsatdiki, mavsum tugashidan oldin hamon asablar tarang, obro‘ uchun kurash esa eng kuchli bosqichiga kirgan.
Endi savol shuki: Qatar va Abu Dhabi – tinch yakun bo‘ladimi yoki bu Las-Vegas tuni faqat bo‘lajak portlashlar uchun kirish qismigina bo‘lib qoldimi?

