sport pulse

2026-yilgi F1 yengil va chaqqon bolid konsepsiyasi

Formula 1 yangi texnik davrga kirar ekan, gap ko‘p oylar davomida faqatgina gibrid quvvat bloklari va energiya boshqaruvi atrofida aylangandek tuyuldi. Ammo shovqin ostida bir muhim o‘zgarish deyarli e’tibordan chetda qoldi: trek bo‘yicha uchayotgan mashinalarning o‘zi sezilarli darajada o‘zgardi.

FIA bu bosqichni “nimble car concept” – ya’ni chaqqon, yengilroq shassi falsafasi bilan e’lon qilgan edi. Yangi avlod bolidlari kichikroq, torroq va nihoyat biroz yengilroq bo‘ldi. Raqamlar katta inqilobga o‘xshamasligi mumkin, lekin tendensiya keskin burildi.

Kichikroq, torroq, yengilroq – lekin hanuz ham yirtqich

2026-yilgi reglamentga ko‘ra, bazaning uzunligi 20 santimetrga qisqardi, shassi esa 10 santimetrga toraydi. Minimal og‘irlik 768 kilogramm qilib belgilandi – o‘tgan mavsumga nisbatan 32 kilogramm kam.

Bunga sezilarli darajada qisqartirilgan aerodinamik bosim qo‘shiladi. Natijada rulda o‘tirgan haydovchi yana mashina bilan kurashishga majbur bo‘ladi, bolidlar esa rels ustida yurgan poyezdga emas, tirik, o‘ziga bo‘ysundirishni talab qiladigan texnikaga o‘xshay boshladi.

Shu bilan asosiy maqsadlar bajarildi: kichikroq o‘lchamlar, biroz yengilroq massa, ko‘proq harakatchanlik va ortidan quvib kelayotgan raqibga tozaroq havo oqimi. Biroq mavsumning ilk sakkiz oyida deyarli hech kim bu haqida gapirmadi – hamma energiya boshqaruvi va quvvat bloklaridan nolidi.

Shassi bo‘yicha esa, FIA bir o‘rindiqli bolidlar bo‘yicha direktori Nikolas Tombazis yangi qoidalar to‘plamini ijobiy qadam deb hisoblaydi.

U tan oladi: ish tugagan emas. Lekin u shunga ishongan – mashinalar bir-birini endi ancha yaqindan quvib bora oladi.

FIA hisob-kitoblariga ko‘ra, “iflos havo” effekti avvalgi reglamentning ilk yilidagiga teng darajaga tushirilgan. Tombazis bu safar jamoalar qoidalarning ruhini buzadigan hiyla-nayranglarni topish imkoniyati ancha qisqarganini ta’kidlaydi.

U avvalgi avloddagi old qanot uchlari, pol chetlari va old g‘ildirak atrofidagi murakkab aerodinamik “mebel”ni eslatadi. Ana shu zonalar mashinaning ortida qoladigan havo oqimini ancha yomonlashtirgan, quvib o‘tish imkoniyatini bo‘g‘ib qo‘ygan edi. Endi esa, deydi u, shunday “konsepsiyani sindiradigan” yechim topilmadi.

Haydovchilar uchun hanuz sinov: bu bolidni buvingiz hayday olmaydi

Yangi shassining yana bir muhim jihati – u haydovchi uchun hanuz sinov bo‘lib qolmoqda. Tombazis uchun bu prinsipial nuqta.

Uning fikricha, reglamentdagi ba’zi aerodinamik cheklovlar jamoalarga burilishning har bir nuqtasini mukammal silliqlab, mashinani “hammaga mos” darajada oson boshqariladigan qilib yuborishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu esa poygachilarni xatoga majbur qiladigan, ularni haqiqiy mahoratini ko‘rsatishga undaydigan zonalarni saqlab qoladi.

U buni ochiq aytadi: dunyodagi eng yaxshi 22 nafar poygachiga mo‘ljallangan texnika buvingiz rulga o‘tirib hayday oladigan darajada yengil bo‘lmasligi kerak.

Yana bir muhim farq – jismoniy yuklama xarakteri. Oldingi yer-effekti davrida bolidlar juda past va juda qattiq sozlangan, poygachilar bo‘yniga ulkan yon kuchlari tushardi. Endi esa, yo‘l balandligi biroz oshirildi. Bu mashinalarni “yumshatib” yuborgan emas, lekin o‘tgan yilgi shafqatsiz darajadagi qattiqlikdan bir qadam uzoqlashtirdi.

Og‘irlikka qarshi kurash: 2031 uchun katta maqsad

Shunga qaramay, Tombazis o‘zini to‘liq qoniqqan deb hisoblamaydi. Uning ko‘z o‘ngida keyingi katta sakrash allaqachon turibdi.

Keyingi reglament to‘lqini – reja bo‘yicha 2031-yilda (yoki yetarli qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, 2030-yilda) kuchga kirishi kutilayotgan davr – shassini yanada yengillashtirishga qaratiladi. Maqsad – yana qariyb 80 kilogrammni “kesib tashlash” va mashinalarni yanada ixchamlashtirish.

Bugungi bosqich? Uning nazarida bu – zarur, ammo oraliq qadam. Yaxshi, lekin yakuniy nuqta emas.

U kelajak uchun aniq manzilni ko‘rsatadi: yengillik bo‘yicha yana bir katta sakrash, og‘irlikni sezilarli darajada pasaytirish, shu bilan birga soddalashtirilgan quvvat bloklari.

Shu bilan birga u bitta faktni alohida qadrlaydi: F1 tarixidagi uzoq davom etgan og‘irlashish trendlari nihoyat teskari tomonga burildi. Unga ko‘ra, bu birinchi marta taxminan 2000-yildan beri, balki undan ham oldin ro‘y bermoqda.

Formula 1 endi faqat tezlikni emas, o‘lcham va og‘irlikni ham qayta o‘ylayapti. Savol shunday: keyingi avlod bolidlari nihoyat tez, yengil va chaqqonlik o‘rtasidagi mukammal muvozanatni topa oladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil