Alderweireld chaqiruvi: “Tottenham”ga Osimhen kerak
“Tottenham” o‘tgan mavsum tushkunlikning eng tubini ko‘rdi. Qutulib qolishdi, xolos. Endi esa klub rahbariyati tarkibni yangilashga millionlab funtlar sarflab, yangi davrni boshlab yubordi. Lekin sobiq himoyachi Toby Alderweireldning fikricha, asosiy savol hanuz ochiq: old chiziqda kim gol uradi?
Rekord transferlar, lekin baribir bo‘sh turgan pozitsiya
Yozgi oynada shimoliy London klubi pulni ayamadI. Transfer rekordi ikki marta yangilandi: Mateus Fernandes va Sandro Tonali uchun jami 185 million funt atrofida to‘langan. Bunga qadar Jan Paul van Hecke, Marcos Senesi, Andy Robertson va Martin Dubravka ham kelgan.
Himoya va yarim himoya qayta qurildi. Ammo hujum chizig‘idagi bo‘shliq – hanuz.
Klub ichkarisida ham, atrofida ham bitta fikr tobora balandroq yangramoqda: oyna yopilishidan oldin aniq, isbotlangan to‘purarga ehtiyoj bor. Shunchaki qanot o‘yinchisi emas, markaziy hujumchi. Jarima maydonida o‘yinni hal qiladigan futbolchi.
“Savinho emas, haqiqiy to‘purarga boringlar”
“Tottenham” bir necha oydan beri qanot futbolchilari bilan bog‘lanib kelmoqda: Savinho, Cody Gakpo, Pedro Neto kabi nomlar tilga olinmoqda. Lekin Alderweireld bu yo‘nalishni ikkinchi darajaga surish kerak deb hisoblaydi.
Uningcha, klub barcha kuchini Victor Osimhen transferiga tashlashi lozim.
“Spurs Victor Osimhen kabi hujumchidan foyda ko‘rardi, ularga uning gollari kerak, chunki o‘tgan mavsum aynan shu narsa yetishmadi,” – deya ta’kidlagan Alderweireld Hajper bilan suhbatda.
Bu fikrda keskinlik bor. O‘tgan mavsumdagi qiynalish, ko‘plab yaxshi epizodlar, lekin yakunda zarba beradigan odamning yo‘qligi – bularning barchasi hali unutilgani yo‘q. Shuning uchun ham sobiq himoyachi gapni cho‘zmaydi: klubga “bosh hujumchi” kerak.
Yosh yulduz ortidan quvish emas, balansni topish
Osimhen atrofidagi katta savollardan biri – yoshi. Alderweireld ham bunga to‘xtaladi: “Arsenal, Chelsea, Liverpool va Manchester United kabi klublar uchun ehtimol yagona xavotir – uning yoshi. U endi eng yosh futbolchi emas va hamma yetti-sakkiz yil gol ura oladigan 23 yoshli super yulduzni izlayotgandek. Buni tushunaman, lekin yaxshi balans ham kerak”.
Bozor bugun shafqatsiz: skautlar doimo keyingi “superprojekt”ni qidiradi. Lekin tajribali futbolchi ham kiyinish xonasida, ham maydonda boshqacha qiymatga ega. Aynan shu nuqtani Alderweireld o‘z faoliyati orqali tushuntiradi.
U Niderlandiyadagi eng muvaffaqiyatli davrini eslaydi, “Ajax”dagi o‘sha g‘alati, lekin mukammal aralashmani: “Shuning uchun ham tajribali, isbotlangan futbolchilarni olish muhim bo‘lishi mumkin – ular nimaligini biladi, jarayonni tushunadi va yonlaridagi yosh, potensial super yulduzlarni o‘zlari bilan birga olib yurishadi, chunki eng yaxshi namuna bo‘la olishadi. Men o‘zimning Ajax davrimni o‘ylayman. O‘sha paytdagi mix – butunlay boshqa darajada edi. Bizda Dusan Tadic va Daley Blind bor edi, yonidan Frenkie De Jong va Matthijs de Ligt chiqib kelardi. Kerak bo‘ladigan narsa – mana shunday mix”.
Osimhen ham aynan shunday rolni bajarishi mumkin – maydonda ham, kiyinish xonasida ham. Hujumni boshqaradigan, yosh futbolchilarga mezon bo‘ladigan figura.
“Arsenal” soyasi va murakkab muzokaralar
Biroq bu transferni amalga oshirish – oson ish emas. Nigeriyalik hujumchi allaqachon “Arsenal”ning jiddiy qiziqishi markazida turibdi. Londonning ikkinchi tomonida ham hujumni kuchaytirish ustida bosh qotirilmoqda.
Xabarlar shuni ko‘rsatadiki, Galatasaray yaqinda “Arsenal” bilan uchrashib, Gabriel Martinelli va Ethan Nwaneri bo‘yicha ehtimoliy kelishuvlarni muhokama qilgan, shu jarayonda Osimhen nomi ham almashuv variantlaridan biri sifatida “suhbatga tashlangan”. Hozircha faol muzokaralar yo‘q, lekin bu bozor – bitta qo‘ng‘iroq ham manzarani butunlay o‘zgartirishi mumkin.
Shu fon’da Alderweireldning “Tottenham”ga qilgan chaqiruvi yanada keskinroq eshitiladi: agar klub chindan ham yuqori maqsadlar qo‘yayotgan bo‘lsa, raqiblar qaror qilguncha o‘zi birinchi bo‘lib zarba berishi kerak.
Osimhenning javobi – maydonga qaratilgan ko‘z
Shu orada Victor Osimhen o‘zi atrofidagi shov-shuvni bir chetga surishga urinmoqda. U o‘tgan haftada bergan qisqa bayonotida faqat hozirgi jamoasiga e’tibor qaratishini aytdi: “Men ishime e’tibor qarataman. Keyin nima bo‘lishini o‘shanda ko‘ramiz va o‘ylaymiz”.
Qisqa, sovuqqon javob. Lekin transfer oynasi oxiriga qadar bu sokinlik qancha davom etadi?
“Tottenham” allaqachon katta pul sarfladi. Ammo haqiqiy sinov endi boshlanadi: bu jamoa yana o‘rtamiyonalik va tushish xavfi atrofida adashib yuradimi yoki nihoyat old chiziqda o‘z yetakchisini topadimi?
Javob, ko‘rinib turibdiki, bitta ismga borib taqaladi: Victor Osimhen.







