Andoni Iraola: “Liverpool”ning standart vaziyatlardagi o‘zgarishlari
Andoni Iraola “Liverpool”dagi ilk mavsumiga shunchaki yangi murabbiy sifatida emas, balki butun shtab falsafasini olib kirayotgan odam sifatida kirib kelmoqda. U “Bournemouth”da yonida bo‘lgan ishonchli yordamchilarini “Anfield”ga ko‘chirib keldi va ularning vazifalari allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan: birinchi navbatda, jamoaning standart vaziyatlardagi og‘riqli nuqtalarini davolash.
Men juda omadli bo‘ldim
Iraola “Bournemouth”dagi murabbiylik davrini eslar ekan, o‘sha paytda shakllangan ichki doirani endi “Liverpool”da davom ettirayotganini yashirmadi. U klubga kelganidan so‘ng, “boyhood” “Liverpool” muxlisi Tommy Elphick va Shaun Cooper birinchi jamoa murabbiylari sifatida shtabga qo‘shildi. Uzoq yillik hamkori Pablo de la Torre esa assistent murabbiy bo‘lib keldi. Darvozabonlar bilan ishlashni esa besh yil “Napoli”da ishlagan Alejandro Rosalen zimmasiga oldi.
Iraola uchun eng muhim figura — De la Torre. Ular birga ilk murabbiylik ishini AEK Larnaca’da boshlashgan, keyin “Rayo Vallecano”da ham yonma-yon ishlashgan.
“Men uchun ularning men bilan birga kelishi juda muhim edi, – deydi Iraola. – Pablo rasmiy ravishda jismoniy tayyorgarlik murabbiyi, lekin u men murabbiylik qilgan deyarli barcha yillarda yonimda bo‘lgan. U faqat ‘fizik’ emas, to‘laqonli assistent. Biz bir-birimizni juda yaxshi bilamiz.”
Iraola “Bournemouth”ga ilk bor kelgan pallani ham eslab o‘tdi. O‘shanda u asosiy yordamchisi Iñigo Pérez’ni ish ruxsati muammosi sabab yoniga olib kela olmagan. Vaziyat noxush bo‘lgandek ko‘ringan, lekin yakunda qiziq burilish bo‘ldi: Pérez hozir “Villarreal” bosh murabbiyi.
“Bu men uchun omadsizlikdek tuyulgandi, lekin oxir-oqibat u uchun juda yaxshi bo‘lib chiqdi. Endi u ‘Villarreal’ni boshqarayapti. Balki biz uni Chempionlar ligasida uchratarmiz”, – deydi Iraola.
Shu bo‘shliqni Tommy va Shaun to‘ldirgan. Ularning darajasi Iraolaga yangi assistent izlash zaruratini his qildirmagan.
“Tommy va Shaun bilan ishlaganimda, bizga yana bitta assistent kerakdek tuyulmadi, – deydi u. – Ular juda yaxshi tayyorlangan, menga ingliz futbol madaniyatini tushunishda katta yordam berishdi: futbolchilarning mentaliteti, mashg‘ulotlarda nimani yoqtirishlari, nimaga o‘rganishgan, Ispaniyadan farq qiladigan mayda detallar… Tommy’ning Aston Villa, Bournemouth, Brighton, Huddersfield’dagi tajribasi ham bor. Ular futbolchilarga juda yaqin bo‘la olishadi, o‘zlarini ularga ko‘proq o‘xshash his qilishadi. Men esa biroz kattaroqman, ayrim futbolchilar hatto o‘ynagan paytlarimni bilmasligi mumkin.”
Liverpoolning og‘riqli nuqtasi: standart vaziyatlar
Yangi shtab oldidagi eng keskin vazifalardan biri allaqachon aniqlangan: standart vaziyatlardagi zaiflikni yo‘qotish. O‘tgan mavsumda bu “Liverpool” uchun og‘ir zarbaga aylangan.
Raqamlar shafqatsiz: ligada faqat uchta jamoa – “Bournemouth” (26 ta), “Crystal Palace” (25 ta) va “Leeds” (24 ta) standart vaziyatlardan “Liverpool”dan ko‘proq gol o‘tkazib yubordi. “Liverpool” 23 ta golni aynan shunday epizodlarda boy berdi. Bu esa Arne Slotning birinchi mavsumida chempionlikni qo‘lga kiritganidan keyingi, oxirgi mavsumida eng ko‘zga tashlangan muammolardan biri bo‘ldi.
Iraola bu frontda ishlashga allaqachon kirishgan.
“Ular juda yaxshi murabbiylar, – deydi u o‘z shtabi haqida. – Biz o‘yinni bir xil ko‘ramiz, lekin har birining murabbiylar shtabida o‘ziga xos roli bor. Standart vaziyatlar bo‘yicha ham yordam berishadi. Men ularni aynan shuning uchun ham o‘zim bilan olib yurdim.”
Vazifalar taqsimoti aniq: Tommy Elphick — himoyaviy standartlar bo‘yicha mas’ul. Raqibning burchak zarbalari, jarima zarbalari, ikkinchi to‘plar, chiziqdagi tartib – barchasi uning ko‘z ostida. Shaun Cooper esa aksincha, hujumkor, ijodkor standartlar uchun javobgar. Kombinatsiyalar, qisqa burchaklar, chalg‘ituvchi yugurishlar, darvoza oldidagi murakkab sxemalar — uning maydoni.
Bu ishlar faqat maydondagi murabbiylar bilan cheklanmaydi. Klub ichidagi mavjud resurslar ham ishga solingan.
“Bu yerda standart vaziyatlar bo‘yicha analitik Lewis Mahoney bilan juda yaxshi ishlayapmiz, – deydi Iraola. – U o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida juda yaxshi ish qilgan. U allaqachon klubda, shuning uchun ular birgalikda ustida ancha narsalarni ishlab chiqishyapti.”
Demak, “Liverpool”ning yangi murabbiylar shtabi aniq reja bilan ish boshladi: statistikada eng og‘riqli bo‘lim bo‘lgan standart vaziyatlarni jamoaning kuchli tomoniga aylantirish. Endi savol bitta: “Anfield”dagi bu yangi tartib raqiblar uchun yana bir qo‘shimcha qo‘rquv omiliga aylanadimi yoki raqamlar yana bir bor ogohlantirish bo‘lib qoladimi?






