Andoni Iraola va Victor Munoz: Liverpulning yangi rejasi
Andoni Iraola Anfilddagi ilk matbuot anjumanidayoq o‘zini yashirmadi. U yangi Liverpul qanday bo‘lishini bir jumlada chizib berdi: “Biz juda ko‘p ishlaydigan, intensiv va tajovuzkor jamoa bo‘lishimiz kerak”.
Bu niyatga eng aniq shaklni esa bitta ism beradi – Victor Munoz.
Iraola rejasi va yangi qurol
23 yoshli ispaniyalik vinger yozda Osasuna safidan 34,5 million funt evaziga keldi. Narxning o‘ziyoq undan nimadir kutilayotganini aytib turibdi, lekin Munoz bu bosimdan cho‘chimaydi. U nima uchun aynan Iraola uni Anfildga taklif qilganini o‘zi ham aniq biladi.
“El Pais”ga bergan intervyusida u shunday deydi: “Mening to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ynashim, o‘yinlarni yorib kirishga bo‘lgan urinishlarim, pressing va raqibni bo‘g‘ishga bo‘lgan intilishim. U vingerda aynan shularni izlaydi va bu uning qarorida katta rol o‘ynadi”.
Bu so‘zlar havoda qolmadi. Yakshanba kuni Anfildda “Monaco”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida Munoz ilk bor Liverpul libosida maydonga tushdi. Zaxiradan chiqqan zahoti qanotdan yashin tezligida o‘tib, o‘ziga biriktirilgan himoyachini ortda qoldirib, Kop tomonga uchib ketdi. Kichik epizod, lekin katta ishora. Tomoshabinlar yangi kelgan futbolchidan nimani kutish mumkinligini his qildi.
Yuqori pressing qaytmoqda
Iraola hujumchilardan nimani talab qilishini yashirmaydi. Buni u Bornmutda allaqachon ko‘rsatib bo‘lgan. O‘tgan mavsumda Marcus Tavernier Premyer-ligada hujum uchinchi zonasida to‘pni eng ko‘p qaytarib olgan futbolchilardan biri bo‘ldi – bu ko‘rsatkich bo‘yicha u hatto Liverpulning barcha o‘yinchilaridan ustun chiqdi.
Evanilson va Junior Kroupi ham shu ro‘yxatning yuqori qismida bo‘lishdi. Iraola futbolining markazida aynan shu bor. Uning Bornmuti uch mavsumning har birida sprintlar soni bo‘yicha Premyer-ligada ilk ikki o‘rin ichida bo‘ldi. Jamoa raqibni nafas oldirmasdi.
Shu uchun ham u bu yerda. Arne Slot davrida jamoa o‘yiniga kirib kelgan loqaydlik, sekinlik, tribuna bilan munosabatni sovutgan holatlarni yo‘qotish uchun. Faqat shiorlar bilan emas, tarkibni o‘zgartirish, maydondagi yuzlarni almashtirish orqali.
34 yoshli Mohamed Salah endi avvalgi kabi doimiy ravishda pressing qiladigan, raqibni uchinchi zonada quvib yuradigan futbolchi bo‘la olmaydi. Vaqt o‘z so‘zini aytdi. Balki endi bu rolni Munoz o‘z zimmasiga oladi. O‘tgan mavsum LaLigada u hujum uchinchi zonasida to‘pni 22 marta tortib olgan – butun chempionatda bundan ko‘proq qilgan atigi olti nafar futbolchi bo‘lgan.
Liverpulning mashhur yuqori pressingi yana qaytishga tayyor.
La Masia, Valdebebas va Pamplonadan Anfildgacha
Munozning yo‘li ham tanish, ham g‘alati. Bir tomondan, u 2014–2017 yillarda “Barcelona”ning mashhur La Masia akademiyasida tarbiya ko‘rgan. Fermin Lopez, Alejandro Balde, Xavi Simons kabi ismlar bilan birga o‘sgan. Texnika, qaror qabul qilish, pozitsion o‘yin – hammasining asosi u yerda qo‘yilgan.
Keyin esa “Real Madrid”. U yoshlar jamoalari bo‘yicha asta-sekin yuqoriga ko‘tarildi va o‘tgan yili LaLiga doirasida “Barcelona”ga qarshi o‘yinda Vinicius Junior o‘rniga maydonga tushib, debyutini nishonladi. Klassikoda maydonga chiqish – bu har qanday ispaniyalik yosh futbolchi uchun alohida bosqich.
Ammo bu hikoya shunchaki “Barcelona”dan “Real Madrid”gacha bo‘lgan silliq yo‘l emas. U “Barcelona”dan bo‘shatilgan. “Real”da ham o‘zini to‘liq ko‘rsata olmadi va imkoniyat izlab Osasunaga yo‘l oldi. Ispaniya yoshlar terma jamoalarida hech qachon o‘ynamagan. Shunga qaramay, bugun u jahon chempioni medali sohibi.
CF Damm maslahatchisi Carlos Domenech uni “odatiy ekstrovert futbolchi emas” deb ta’riflagan. Ispaniya terma jamoasini jahon chempioniga aylantirgan Luis de la Fuente esa uning kamtarligini alohida e’tirof etgan: “O‘sishning eng yaxshi yo‘li – shu”.
Statistikada elita bilan yonma-yon
Munozning Osasunadagi ishlari, ayniqsa jamoaning maqomini inobatga olsak, yanada ta’sirli ko‘rinadi. O‘tgan mavsum LaLigada undan ko‘proq dribbling qilgan atigi uch futbolchi bo‘ldi – Lamine Yamal, Vinicius va Kylian Mbappe. Bu ro‘yxatning o‘ziyoq uni kimlar qatorida turganini ko‘rsatadi.
Burchak zarbalari ishlash bo‘yicha ham u faqat Ispaniyaning ikki grand jamoasi futbolchilaridan ortda qoldi. Raqib maydonining yarmidan uzoq (10 metrdan ortiq) to‘p olib o‘tish, jamoani oldinga ko‘tarish bo‘yicha esa Viniciusdan boshqa hech bir hujumchi undan ko‘p bunday yurish qilmagan.
Bu raqamlar bir narsani aytadi: Munoz raqib maydonida o‘yinni o‘zgartira oladigan, sur’at qo‘sha oladigan futbolchi. Liverpul uchun u qarshi hujumlarda qurol bo‘lishi kutilmoqda – tezligi bilan raqibni yorib o‘tish, past blokka qarshi esa fint va dribbling bilan yechim topish.
Kamchiliklar va sinov – qaror qabul qilish
Albatta, Angliyaga moslashish oson bo‘lmaydi. Osasunada u katta erkinlikka ega edi. O‘tgan mavsum u zarbalar soni bo‘yicha LaLigada ilk o‘ntalikda bo‘ldi, lekin gol bo‘yicha qirqtalikdan ham tashqarida qoldi. Bu ko‘rsatkich uning ko‘plab zarbalari uzoq masofadan yoki juda tor burchaklardan yo‘llanganini ko‘rsatadi.
Har bir zarba uchun kutilayotgan gol ko‘rsatkichi – atigi 7,2 foiz. Taqqoslash uchun: Hugo Ekitike – 15,2 foiz, Florian Wirtz – 13,8 foiz, Salah – 12,0 foiz. Demak, Munoz ko‘p uradi, lekin hamisha ham eng to‘g‘ri nuqtadan emas.
Liverpulda esa vaziyat boshqacha bo‘ladi. Bu yerda imkoniyatlar ko‘proq, lekin uzatish variantlari ham shuncha ko‘p. Qaror qabul qilish sifati – asosiy sinov. U qachon zarba berish, qachon esa sherigini topish kerakligini tezroq, aniqroq hal qilishi lozim bo‘ladi.
Jamoa ham unga moslashishi kerak
Iraola va Munozning so‘zlarida bitta yashirin xabar bor: faqat futbolchi yangi jamoaga moslashmaydi, jamoa ham unga moslashadi. Iraola shunday degan edi: “Shtab bilan yaxshi ishlayotgan narsalar va boshqacha qilishi mumkin bo‘lgan jihatlar haqida gaplashdim. Men buni ‘yaxshiroq’ emas, ‘boshqacha’ deb atagan bo‘lardim”.
Bu nuqtai nazar Anfilddagi kayfiyatga mos keladi. Tribunalar Salahning xayrlashuv nutqida tilga olingan “rock-and-roll futbol”ga qaytishni xohlaydi. Yuqori pressing, tez o‘tishlar, raqibni maydon bo‘ylab quvish, shiddatli hujumlar – Liverpul muxlisi shuni kutyapti.
Iraolaning vazifasi aniq: bu sahnani qayta tiklash. U buning uchun Munozni olib keldi. Endi savol bitta – Anfild yangi ritmga qanchalik tez moslashadi va bu ritmni Premyer-liga bo‘ylab kim to‘xtata oladi?






