Anfielddagi mag‘lubiyat va Kyle Walker-Pep Guardiola to‘qnashuvi
Dekabr 2024. "Anfield"dagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin "Man City" ichki bosimga chiday olmadi. Yillar davomida chempionlikni odatga aylantirgan jamoa bir zumda o‘zini tanimay qoldi. Amazon Prime Video’ning “A Beautiful Obsession” hujjatli loyihasida ochilgan kadrlar esa o‘sha inqiroz lahzasining yurakni ezadigan kulislarini ko‘rsatib berdi.
"Har yig‘ilishda mening ismim"
Kiyim almashtirish xonasida kayfiyat allaqachon og‘ir edi. "Liverpool"ga yutqazilgan o‘yin "City" uchun ketma-ket yettita o‘yinda g‘alabasiz seriya boshlanishiga sabab bo‘ldi, ulardan oltitasi — mag‘lubiyat. To‘rt yil ketma-ket Premier League chempioniga aylangan jamoa uchun bu qulashi — keskin, og‘ir va kutilmagan zarba edi.
Shu fonida Kyle Walker chidab turolmadi. Hujjatli filmda ko‘rinishicha, u kiyim almashtirish xonasida Pep Guardiola ustiga boradi, o‘zini yig‘ilishlarda adolatsiz tanqid qilinayotganini aytadi. Uning ovozida alam, yuzida esa charchoq bor.
"Har yig‘ilishda mening ismimni aytasiz, — deya g‘azab bilan so‘zlaydi Walker. — Har q*** yig‘ilishda ismim tilga olinadi."
Angliya terma jamoasi himoyachisi, jamoaning sardorlaridan biri o‘zini nishonga olingandek his qilgan. Uningcha, murabbiy tanqid uchun doim bir xil manzilni tanlayotgandek edi — aynan uni.
Sardorlik, ishonch va alam
O‘sha paytda klubdagi vaziyat allaqachon tarang edi. "City"ning seriyasi, natijalar bosimi, yangi shartnoma imzolagan Guardiola zimmasidagi mas’uliyat — hammasi bir joyga yig‘ilgan. Murabbiy rahbarlik qilayotgan guruh ichida ishonch chizig‘i chizilib, kimdir uni kesib o‘tayotgandek taassurot paydo bo‘la boshlagan edi.
Guardiola vaziyatni yumshatishga urindi. U Walker ismini tez-tez tilga olishini uning maqomiga bog‘lab tushuntirishga harakat qildi: u — sardor, jamoaning yuzlaridan biri, tabiiyki, talab ham undan yuqori bo‘ladi.
Lekin bu izoh olovga suv emas, benzin sepdi.
Walker darhol javob qaytardi: "Siz meni sardor bo‘lishimni xohlamagansiz." Bu gap kiyim almashtirish xonasini muzdek sukunatga cho‘ktiradigan turdagi jumlalardan. Himoyachi o‘zini taktik xatolar uchun doimiy qurbon, aybni yopish uchun qulay nomdek his qilayotganini ham aytib o‘tadi: "Men boshqasiga reaksiya qilganman, to‘pni yo‘qotganman, lekin baribir gap orasida mening ismimni kiritasiz."
Bu endi oddiy taktika muhokamasi emas edi. Bu — sardor va murabbiy o‘rtasidagi ishonch chegarasiga qo‘yilgan savol edi.
Guardiola ko‘z yoshlari va halollik lahzasi
Shu yerda voqea butunlay boshqa yo‘nalishga burildi. Odatda taktik tafsilotlarga sho‘ng‘ib ketadigan, maydondagi har bir metrni nazorat qilishga o‘rgangan Guardiola bu safar hissiyotlarini yashira olmadi. Kamera oldida, butun birinchi jamoa qarshisida u ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyadi.
Uning so‘zlari og‘ir, ammo sodda bo‘ldi: agar u muammo bo‘lsa, buni bilishni xohlaydi.
"Agar men muammo bo‘lsam, aytishingiz kerak, — deydi Guardiola ko‘zlari namlangancha. — Men bu yerda pul uchun yoki shunchaki qolish uchun turmayman. Shartnomani sizlar bilan bo‘lishni, shu holatda kurashishni istaganim uchun uzaytirdim."
Bu gaplarda oqlanishdan ko‘ra, o‘zini o‘rtaga qo‘ygan murabbiy halolligi seziladi. U qochib ketayotgan odam emas, aksincha, bo‘shashayotgan jamoani yana bir bor qo‘lidan ushlab qolmoqchi bo‘layotgan murabbiy sifatida ko‘rinadi.
"Men sizlarni tashlab qochayotgan, sizlardan qochib ketayotgan murabbiy bo‘lib ko‘rinishni xohlamayman, — deydi u davomida. — Bo‘laklar to‘kilib tushayotgandek bo‘lganda, men: ‘Yo‘q, men sizlarga yordam bermoqchiman’, deb his qilaman."
Shundan so‘ng u sardorlarga, keyin esa butun jamoaga yuzlanadi. Agar muammo bo‘lsa, uni yashirmaslikni so‘raydi.
"Agar sizlar, avvalo sardorlar, so‘ng boshqalar ham, muammo bor deb his qilsangiz — aytinglar. Bu mening sizlarga bo‘lgan muhabbatimni o‘zgartirmaydi. Bir soniyaga ham. Lekin men kurashishni xohlayman. Hammasi shu. Kechirasizlar."
To‘rt karra chempionning sinov lahzasi
Bu sahna, aslida, natijalar jadvalidan ham ko‘proq narsani ochib berdi. To‘rt yil ketma-ket chempion bo‘lgan, "Manchester City" tarixini qayta yozgan guruh birdan o‘zini ruhiy charchoq, bosim va ichki taranglik girdobida topdi. Walkerning portlashi — faqat bir epizod, ammo u butun jamoaning ichki holatini, o‘zini doimiy bosim ostida his qilayotgan yulduzlar kayfiyatini ko‘rsatib qo‘ydi.
Guardiola esa shu epizodda bir vaqtning o‘zida ham talabchan murabbiy, ham insoniy zaifliklarini yashirmagan rahbar sifatida namoyon bo‘ldi. U o‘z pozitsiyasini himoya qildi, lekin jamoaning fikrini ham eshitishga tayyor ekanini ochiq aytdi.
Bu to‘qnashuvdan keyin "City" yana chempionlik ritmiga qayta oladimi yoki bu lahza klubning yangi davrga o‘tishidagi burilish nuqtasiga aylanadimi — savol shundayligicha qoladi. Lekin bir narsa aniq: "A Beautiful Obsession" ochib bergan o‘sha kiyim almashtirish xonasi sahnasi "Man City"ning oltin yillaridagi eng keskin burilish nuqtalaridan biri sifatida esda qoladi.






