AQShda futbol portlashi: USMNT mag‘lub bo‘ldi, rekordlar yangilandi
Belgiyaga qarshi 4:1 hisobidagi achchiq mag‘lubiyat. Ammo ekran ortida – tarixiy g‘alaba.
AQSh erkaklar terma jamoasi ketma-ket ikki o‘yinda mamlakat tarixidagi eng tomosha qilingan futbol translyatsiyasi rekordini yangiladi. Belgiyaga qarshi so‘nggi 1/8 final bahsi natijasi bo‘yicha muxlislar hafsalasi pir bo‘ldi, lekin o‘yindan oldingi shovqin, umid va hayajon ekranlarga millionlab tomoshabinni tortdi.
Nielsen Media ma’lumotlariga ko‘ra, Belgiyaga qarshi uchrashuvni umumiy hisobda 33,086 million kishi tomosha qilgan. Eng yuqori nuqta esa Sharqiy soat bilan 21:15 dan 21:30 gacha bo‘lgan oraliqda qayd etildi – shu paytda tomoshabinlar soni 41,033 millionga chiqqan. Bu nafaqat futbol, balki umuman televideniye uchun ulkan raqam.
Fox kanali – AQShdagi Jahon chempionati ingliz tilidagi rasmiy translyatoriga ko‘ra, bu ko‘rsatkich fevral oyida o‘tkazilgan Super Bowl LX dan beri istalgan tarmoqdagi eng ko‘p tomosha qilingan ichki efir bo‘ldi. O‘shanda 125,6 million kishi o‘yinni kuzatgandi. Shuningdek, Fox bu uchrashuvni 2016 yilgi beysbol bo‘yicha World Series’ning 7-o‘yinidan beri eng ko‘p tomosha qilingan non-NFL translyatsiyasi sifatida qayd etdi.
Qiziq tomoni shundaki, bu rekord allaqachon USMNT tomonidan yangilangan edi. Oldingi bosqichda, 1/16 finalda Bosniya va Gersegovina ustidan qozonilgan g‘alaba ham o‘z vaqtida tarixiy natija bergan: o‘sha uchrashuvni ingliz tilidagi efirda 26,4 million tomoshabin kuzatgan.
Demak, amerikaliklar endi faqat “o‘z bolalari”ni ko‘rish uchun emas, futbolning o‘zini ko‘rish uchun ham televizorga yopishmoqda.
Buni boshqa raqamlar ham tasdiqlaydi. Nielsen Media haftaning boshida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Fox orqali bo‘lib o‘tgan Meksika – Angliya 1/8 final bahsini 21,742 million tomoshabin tomosha qilgan. Bu – AQSh tarixida USMNT ishtirokisiz o‘tkazilgan Jahon chempionati o‘yinlari orasida ingliz tilidagi eng ko‘p tomosha qilingan translyatsiya.
Rasm yanada ta’sirli ko‘rinadi, Telemunоdo va Peacock auditoriyasi ham qo‘shilganda. Uchala platforma bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 44,84 million tomoshabinga yetdi. Bu raqamlar nafaqat futbol, balki butun Amerika sport telebozoridagi kuchlar nisbatini qayta chizmoqda.
Yakuniy ko‘rsatkichlar NBA Finals’da New York Knicks’ning chempionlikni hal qilgan 5-o‘yinini changda qoldirdi – o‘sha kechada 24,5 million tomoshabin bo‘lgan xolos. Futbol reytinglari hatto konferensiya finali darajasidagi futbol (AFC va NFC) amerika futboli o‘yinlariga yaqinlashdi: ular mos ravishda 48,6 va 46,1 million tomoshabin yig‘gan.
USMNT maydonda turnirdan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Lekin raqamlar bir narsani aniq ko‘rsatmoqda: futbol AQShda endi chet el mehmoni emas, katta sport sahnasining to‘laqonli o‘yinchisiga aylanmoqda. Savol bitta: keyingi Jahon chempionatida bu raqamlar qanchaga yetadi?






