Arda Güler: Mourinho bilan Madridda yutuqlarga tayyormi?
Real Madrid uchun o‘tgan mavsum og‘ir yakunlandi. Tanqidlar ko‘p bo‘ldi, savollar ham. Lekkin bir futbolchi deyarli hech kimning nishoniga tushmadi. Bu – Arda Güler.
Yosh turk yarim himoyachisi muntazam asosiy tarkibda bo‘la turib, baribir tanqid shamolidan deyarli omon qoldi. Sababi bor edi: u Xabi Alonso qo‘l ostida ham, Alvaro Arbeloa davrida ham o‘yinning markazida qoldi, qaror chiqaradigan nuqtada bo‘ldi. Eng yorqin lahza esa Bayern Munichga qarshi chorak final javob uchrashuvida keldi – Gülerning ikki goli “qaymoqranglilar” qaytishiga o‘t yoqdi. Maqsad – bosqichdan o‘tish – baribir amalga oshmadi, lekin o‘sha kecha uning mavsumini belgilab berdi.
Jahon chempionatidan Valdebebasga eng birinchi bo‘lib
Arda Güler yozni ham bekor o‘tkazmadi. Turkiya terma jamoasi bilan Jahon chempionatida maydonga tushdi, o‘yinlari bilan e’tibor qozondi, ammo jamoa guruh bosqichidayoq turnirni tark etdi. Shu bilan hammasi tugamadi – aksincha, Real Madrid uchun yangi sahifa boshlandi.
U jahon chempionatida qatnashgan futbolchilar ichida Valdebebasga eng birinchi bo‘lib qaytdi. Dushanba kuni allaqachon mashg‘ulot maydonida edi. Dam olishdan keyingi dastlabki besh kun yetarli bo‘ldi: Diario AS yozishicha, Güler yangi bosh murabbiy Jose Mourinho va uning shtabini allaqachon hayratga solishga ulgurgan.
Jismonan zo‘r holatda, ruhiy tomondan esa och, ochko‘z futbolchi. Shunday kayfiyatda qaytdi. Mashg‘ulotlarda murabbiylar shtabidan bir necha bor bir xil jumla eshitilgan: “Güler uchyapti!”
Bu so‘zlar Madrid bazasida hazil emas, balki baho sifatida aytilmoqda.
Raqobat kuchayadi, sahnaga yulduzlar chiqadi
Biroq kelayotgan mavsum Güler uchun yanada murakkab bo‘lishi aniq. Endi u nafaqat o‘zini isbotlashi, balki yangi yulduzlar bilan kurashishi kerak bo‘ladi.
Bernardo Silva – yozgi transfer oynasida klubning eng katta garovlaridan biri. Uning kelishi hujumkor yarim himoya zonasidagi raqobatni keskinlashtiradi. Aynan shu chiziqda u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Arda bilan joy uchun kurashadi.
Bunga qo‘shimcha, Endrick ham bor. Uning o‘ng qanotda o‘ynay olish qobiliyati turk futbolchisi uchun yana bir to‘siq, yana bir sinov. O‘ng tarafda ham, “o‘nlik” pozitsiyasida ham bo‘sh joy kamroq bo‘ladi.
Shunday fon ichida bitta muhim ustunlik Güler tomonida: u allaqachon Mourinho nazarida “o‘z odami”.
Istanbuldan boshlangan ishonch
Jose Mourinho uni birinchi marta endi ko‘rayotgani yo‘q. Portugaliyalik murabbiy Fenerbahce boshqaruviga kelgan paytda ham Gülerni qo‘l ostida ko‘rishni istagan edi. O‘sha davrda Istanbulda futbolchi bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tgan.
O‘sha paytda yo‘l Madridga qarab ketdi, lekin murabbiyning xotirasida Güler obrazi qolib ketdi. Endi esa yo‘llari nihoyat bir jamoada kesishdi.
Shu bois Mourinho uchun bu yozgi tayyorgarlik – shunchaki baholash emas, balki o‘z vaqtida ishonch bildirgan futbolchini nihoyat to‘liq ixtiyoriga olgan lahza ham. U Gülerdan o‘tgan mavsumdagi darajani kamida takrorlashni kutadi.
Statistika buni tasdiqlaydi: 51 o‘yinda 6 ta gol va 14 ta golli uzatma. Raqamlar haddan tashqari shov-shuvli emas, lekin yosh, bosim ostidagi futbolchi uchun yetarlicha jiddiy ko‘rsatkich. Ayniqsa, muhim pallalarda maydonga ta’sir o‘tkaza olgani esda qolgan.
Endi bahona yo‘q mavsum
Endi esa bahona qolmaydi. Raqobat kuchli, murabbiy talabchan, klub kutishlari esa yanada baland. Real Madrid unga sarmoya kiritdi, vaqt berdi, maydon ham berdi. Endi navbat Gülerda – bu ishonchni qaytarish, uni yanada kattaroq darajaga ko‘tarish.
Mourinho uni allaqachon maqtayapti, shtab “Güler uchyapti” deya hayratlanmoqda. Savol bitta: bu uchish pre-sezon bilan tugaydimi yoki nihoyat Madrid osmonida doimiy parvozga aylanadimi?






