Arteta tibbiy bo‘limni o‘zgartiradi: Arsenalning yangi strategiyasi
Mikel Arteta yozgi tanaffusda klub ichida eng sezilmaydigan, lekin eng og‘riqli jarrohliklardan birini amalga oshirdi. U bu safar transfer bozorida emas, tibbiyot xonasida keskin qarorlar qabul qildi.
Yillar davomida u bir narsani takrorlab keldi: agar Arsenal eng yuqori cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lsa, asosiy futbolchilar sog‘-salomat bo‘lishi shart. Ayniqsa, mavsum yakuniga yaqin hal qiluvchi uchrashuvlarda. Ammo haqiqat boshqa bo‘ldi – jamoa muhim pallalarda jarohatlar girdobiga tortildi.
Bukayo Saka, William Saliba, Kai Havertz – barchasi muhim davrlarda uzoq muddat safdan chiqqan ismlar. Har bir yo‘qotish taktika rejalarini buzdi, ritmni sindirdi, chempionlik poygasida mayda, ammo hal qiluvchi nuqsonlarga aylandi.
Shu fon ortida klub tibbiy bo‘limi ostona ostidan siljiy boshladi.
Dr Zafar Iqbal – sports medicine bo‘yicha bosh mutaxassis – Paris Saint-Germainga qarshi bo‘lgan Champions League finalidagi mag‘lubiyatdan ko‘p o‘tmay ishdan bo‘shatildi. Oradan ko‘p o‘tmay, sports science va performance bo‘yicha rahbar Tom Allen ham klubni tark etdi. Iyunning oxirida esa lead performance coach Sam Wilson bilan ham xayrlashildi. Bir qarashda ko‘rinmaydigan, ammo klub yuragi hisoblangan bo‘limda ketma-ket katta yo‘qotishlar yuz berdi.
Bu tasodif emas edi. Arsenal o‘tgan mavsumdayoq tibbiy bo‘lim ishini keng qamrovli ko‘rib chiqishni boshlagan, Artetaning uzoq yillik do‘sti Joaquin Acedo esa bu jarayonda asosiy figuraga aylangan edi. Tahlil tugadi, xulosalar esa qattiq bo‘ldi.
Arteta ketganlar haqida iliq gapirdi, lekin ohangi aniq edi: o‘zgarishlar zarur edi.
«Avvalo, klub, futbolchilar va o‘zim uchun qilgan ajoyib ishlari uchun ularga rahmat», – dedi u. – «Qayergacha olib kelishganini bilamiz va ayrim yo‘nalishlarda yaxshilanib, rivojlanishimiz kerak».
U gapni cho‘zmay, klub miqyosidagi qarorlar haqida ham ochiq gapirdi: «Biz butun klub bo‘ylab qarashimiz, o‘rganishimiz kerak edi va o‘rta hamda uzoq muddatda bizni yaxshiroq qilamiz, deb hisoblagan qarorlarni qabul qildik. Gap insonlar haqida ketayotganida, munosabatlar shunchalik kuchli bo‘lganda bu juda og‘ir bo‘ladi».
Shu og‘ir qarorlarning ortidan yangi yuzlar paydo bo‘ldi.
Real Betis tarkibidan ketgan Eneko Angulo – endi Arsenalning reabilitatsiya bo‘yicha bosh mutaxassisi. Klub shuningdek, Aston Villa safidan ajralgan Arnaldo Abrantesni bosh shifokor sifatida ishga oldi.
Abrantesning tarjimai holi odatiy tibbiyot xodimidan butunlay farq qiladi. U ilgari professional sprinter bo‘lgan, Portugaliya sharafini 2008 yilgi Olimpiada o‘yinlarida himoya qilgan. Futbolchilar yuguradigan masofalarni, zarba paytidagi tana reaksiyalarini, tezlanish va tiklanish oralig‘ini u faqat kitobdan emas, trekdan biladi.
Arteta aynan shu jihatni alohida urg‘uladi: «U yaxshi atlet bo‘lgan», – dedi u qisqa, ammo ma’noli tarzda.
Keyinroq u tanlovning falsafasini ochib berdi: «Biz tarkibni, jamoani, munosabatlarni rivojlantirmoqchi bo‘larkanmiz, o‘yin qayerga qarab ketayotganini ko‘rib, boshqa sifatlarni jalb qilishni xohladik. U shularning biri – o‘zi shu jarayonlardan o‘tgan, hammasini boshqa burchakdan his qilgan. Shuningdek, uning bilimlari, tajribasi borasida men juda qiziqqan ko‘p narsalar bor edi. Biz uni to‘g‘ri nomzod deb hisobladik. U olib kirayotgan narsalaridan juda mamnunman».
Bu so‘zlar ortida oddiygina «tibbiy bo‘limni yangiladik» degan gap emas, butun klub falsafasini qayta sozlash yotibdi. Arsenal endi jarohatlar oqibatiga shikoyat qilmaydi, ularni oldini olish tizimini noldan qurmoqda.
Savol endi bitta: bu og‘riqli, ammo rejalangan jarrohlik London klubini nihoyat sog‘lom va barqaror chempionlik poygasiga olib chiqadimi?







