sport pulse

Aston Martin va Adrian Newey: Qachon tiklanadi?

Aston Martin bu mavsum jadvalning tubida sarson. Ammo paddokdagi hamma ham umidsiz emas. Sobiq Formula 1 yulduzi Juan Pablo Montoya bu loyihaga hali ham ishonadi – ayniqsa rulda Adrian Newey bo‘lsa.

Newey davrining og‘ir starti

Adrian Newey 2025-yilda Aston Martin’ga managing technical partner va aksiyador sifatida qo‘shildi, 2026-yildan esa jamoa boshlig‘i lavozimini ham oldi. Uning zimmasida ulkan mas’uliyat: 2026-yilgi yangi texnik reglamentlarga moslashish, Honda bilan yangi power unit hamkorligini yo‘lga qo‘yish va jamoani yana peshqadamlar safiga qaytarish.

Hozircha esa manzara unchalik chiroyli emas. Aston Martin Vengriya Gran-prisi arafasida konstruktorslik kubogida 10-o‘rinda. Silverstone jamoasi uchun bu – ambitsiyalarga nisbatan keskin pasayish.

Shu fon’da Hungaroringga B-spec bolid olib kelinishi jamoa ichida ham, paddokda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Lawrence Stroll boshchiligidagi loyiha aynan shu yangilanishlar bilan mavsumni burib yuborishga umid qilmoqda.

Alonso bosimi va Montoya talqini

F1 TV Weekend Warm-Up dasturida Montoya Aston Martin’ning uzoq muddatli istiqbollari haqida gapirar ekan, ikki karra chempion Fernando Alonso chiqishlariga ham to‘xtaldi. Ispaniyalik yaqinda Neweyga bo‘lgan ishonchini ochiq aytib, Honda bilan hamkorlikni ham qo‘llab-quvvatlagandi.

Montoya bu so‘zlarni faqat diplomatik maqtov deb qabul qilmadi, unda aniq signalni ko‘rdi:

Uning fikricha, Alonso jamoani ichkaridan uyg‘otishga urinmoqda – xuddi Max Verstappen Red Bull’da qilayotgandek. “Men qolmoqchiman, lekin siz yaxshiroq ishlashingiz kerak”, degan mazmundagi bosim.

Montoya nazarida Alonso ayni paytda eng to‘g‘ri joyda turibdi: agar kimdir bu loyihani to‘g‘ri yo‘lga solishi mumkin bo‘lsa, bu – Adrian Newey va Aston Martin.

“Savol – qachon?”

Montoya uchun asosiy masala shubha emas, muddat. U aniq aytadi: bu jamoa qayta tiklanadimi-yo‘qmi degan savol emas, qachon tiklanadi degan savol.

U hozirgi natijalar hech kimni qoniqtirmasligini tan oladi. Biroq Newey qo‘l ostida jamoa “katta sakrashlar” qilishiga ishonadi. Vengriyaga olib kelingan B-spec aynan shunday sakrashlarning birinchisi bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Montoya Hungaroringdagi ko‘rinishdan haddan tashqari xulosa chiqarmaslikni ogohlantiradi. Uningcha, bu gran-pri Aston Martin’ning bir-ikki oydan keyingi haqiqiy darajasini to‘liq ochib bera olmaydi.

Monza, Baku, Madrid – sinov yo‘laklari

Montoya nazarida manzara yangi power unit ishga tushgach va paket to‘liq shakllangach aniqroq ko‘rinadi. U aynan Monza, Baku, Madrid kabi bosqichlarni Aston Martin uchun real mezon sifatida ko‘radi.

To‘g‘ri, hozircha bu faqat istiqbol. Lekin kolumbiyalikning tasavvurida manzara ancha ravshan: Madridga kelguncha Aston Martin kamida Williams darajasiga yaqinlashsa yoki Alpine atrofida kurashsa, bu jamoa uchun ulkan yutuq bo‘ladi.

U buni “ajoyib manzara” sifatida tasvirlaydi – Alonso va uning hamkasbi yana o‘rta pelotondan yuqoriga qarab kurashayotgan, Newey konsepsiyasi esa nihoyat natija bera boshlagan poyga.

Kelajak – bolid qo‘lida

Shunga qaramay, Montoya romantik kayfiyatdan yiroq. U Aston Martin oldida turgan xavfni ham ochiq aytadi: agar bolid raqobatbardosh bo‘lib bormasa, jamoa ikki poygachisini birdan yo‘qotishi mumkin.

Uning fikricha, agar mashina nihoyat “uchib ketsa”, hozirgi ikkilikni kamida yana bir necha yil paddokda ko‘ramiz. Ammo bolid pastda qolaversa, savol paydo bo‘ladi: bu darajadagi haydovchi yana qancha vaqt shunday sharoitga ko‘nikib yuradi?

Aston Martin uchun bu mavsum shunchaki og‘ir yil emas. Bu – Adrian Newey loyihasining sinov bosqichi. Vengriyadagi B-spec faqat boshlanishi bo‘lishi mumkin. Asl hukm esa Monza, Baku va Madrid asfaltida chiqadi. Jamoa o‘sha paytga borib haqiqatan ham uyg‘onadimi yoki bozor yana ikkita katta ismni qo‘lga kiritish uchun navbatga turadimi?