Atlético Madridning Julián Álvárez uchun urushi
Atlético Madrid bu yozda bir emas, uch frontda jang qilyapti: maydonda, bozor ortida va sud yo‘lagida. Markazida esa bitta ism turibdi – Julián Álvarez.
“100 ham, 150 ham, 200 ham yo‘q”
Klub rahbari Gil Marínning pozitsiyasi shubha qoldirmaydi. U ochiq aytdi: “Biz Julián uchun 100, 150 yoki 200 millionni ham qabul qilmaymiz”. Gap shunchaki keskin ibora emas, orqasida 500 million yevrolik band turibdi. Atlético bu raqamni qog‘ozda emas, siyosatda ham himoya qilishga kirishdi.
Diego Simeone jamoasi yozda sifat jihatidan boshqa bosqichga o‘tishga urindi. Cuti Romero, Hummels, Kang-in Lee, Grimaldo va Arnau Ortiz kabi og‘ir vaznli futbolchilar keldi. Lekin bu loyihaning haqiqiy tayanchi – hujum chizig‘i.
Simeone “Villarreal” bilan durangdan keyin ochiqchasiga ta’kidladi: agar sovrin yutmoqchi bo‘lsak, birlashgan bo‘lishimiz va muhim hujumchilarga ega bo‘lishimiz kerak. Ular bor, demak, saqlab qolish shart. Bu gap ortida aynan Álvarez turibdi.
Eng qimmat uchlikda
Raqamlar ham Cholo tomonida. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Julián Álvarez bugun dunyodagi eng qimmat uch hujumchidan biri – 120 million yevro. Uning oldida faqat Haaland va Mbappé turibdi. O‘tgan mavsum Chempionlar ligasida kiritilgan 10 gol jamoani yarim finalga olib chiqdi. Buni u to‘pig‘idagi jarohatga qaramay uddaladi.
Bunday o‘yinchini bozor aqldan ozgan, narxlar “haqiqiy qiymat”dan 43 foizga oshib ketgan paytda almashtirish deyarli imkonsiz. Ayniqsa, klubni sotishga majbur qiladigan “financial fair play” bosimi yo‘q paytda. Aksincha, Apollo investitsion fondi kelishi bilan klub ambitsiyasi oshdi. Bunday vaziyatda yulduzni sotish – bir necha yilga orqaga chekinish bilan barobar.
FIFAga shikoyat, federatsiyaga bosim
Masalaning ikkinchi qatlami – shaxsiy va huquqiy. Atlético faqat rad javobi bilan cheklanib qolmadi. Klub FIFA va Ispaniya futbol federatsiyasiga rasmiy shikoyat yubordi. Ayblov – Barcelona Julián bilan klubdan yashirincha muzokara olib borgan.
Eng nozik nuqta shundaki, bu bosim Atlético va Barcelona Chempionlar ligasi hamda Copa del Rey doirasida yuzma-yuz to‘qnash kelgan pallaga to‘g‘ri kelgan. Madrid klubi versiyasiga ko‘ra, katalonlar futbolchiga “bosim va ta’qib” o‘tkazgan, uni klubdan ketishga majburlashga uringan.
Atlético, shuningdek, Álvarezning 22 iyunda qilgan bayonotlarini ham shubha ostiga qo‘ydi. Ularning fikricha, bu oddiy intervyu emas, balki Barcelona va futbolchining agentlari o‘rtasida kelishilgan rejaning bir bo‘lagi bo‘lgan: narxni tushirish, Premyer-liga klublari kabi raqib xaridorlarni chetga surib qo‘yish.
Raqibga sotish – o‘z joniga qasd
Uchinchi sabab – strategiya. Atlético o‘zini Barcelona bilan har frontda bevosita raqib deb biladi. O‘tgan mavsum katalonlar ularni Chempionlar ligasi va Kubokdan chiqarib yubordi. La Liga esa hanuz eng katta maqsad.
Shunday paytda eng yaxshi futbolchingni to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibingga sotish? U bilan yana Superkubok yarim finalida va boshqa sovrinlar uchun to‘qnash kelishing aniq bo‘lganida? Bu Madrid klubi uchun sport nuqtai nazaridan o‘z joniga qasd bilan teng.
Shu sabab rad javobi Real Madridga kelgan taklifda ham xuddi shunday keskin bo‘ldi. Florentino Perez qayta saylangach, 150 million yevrolik rasmiy taklif yuborildi. Javob esa o‘zgarmadi: Julián sotilmaydi. Agar ketishi kerak bo‘lsa, faqat chet elga. Eng oxirgi variant sifatida Arsenal yoki Chelsea tilga olinmoqda, xolos.
“Nico Williams” ssenariysi va mazax qilingan taklif
Barcelona nihoyat rasmiy taklif bilan chiqdi. 100 million yevro. Hammasi birdan emas, bir necha yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan. Atlético buni haqorat darajasida past deb baholadi.
Madrid klubi ijtimoiy tarmoqlarda keskin, hatto kinoyali ohangda javob qaytardi. Ular bu harakatni “Nico Williams” ssenariysining navbatdagi nusxasi sifatida ko‘rsatdi: futbolchini omma oldiga sudrab chiqish, uni ochiqchasiga ketishni so‘rashga undash, so‘ngra bozor qiymatini tushirib, raqobatchilarni yo‘ldan olish.
Barcelona uchun bu odatdagi o‘yin bo‘lishi mumkin. Atlético uchun esa – chiziqdan o‘tish.
Yulduz ketishni xohlaydi, tribunalar g‘azabda
Endi esa klub murakkab burilishda turibdi. Bir tomonda – ketishni istayotgan yulduz. Ikkinchi tomonda – sobiq sevimlisiga qarshi chiqqan muxlislar. Ular o‘zlarini sotib ketilganini his qilmoqda.
Uchinchi tomonda esa Simeone. U yaxshi biladi: titul yutish uchun nafaqat sifatli, balki o‘zini shu klubning bosh qahramoni sifatida ko‘radigan markaziy hujumchi kerak. Hozirgi vaziyatda esa uning eng muhim o‘yinchisi boshqacha kelajak haqida o‘ylayapti.
Bu hikoyaning yakuniy bobigacha hali bir necha hafta bor. Muddati aniq belgilangan: 1 sentabr, soat 23:59. Shu daqiqagacha Julián Álvarez Atlético ramzi bo‘lib qoladimi yoki raqib libosida “Metropolitano”ga qaytadigan navbatdagi “xoin qahramon”ga aylanadimi?







