Bow Echo Goodwoodda qiyin vaziyatdan g‘alaba qozondi
Bow Echo Goodwooddagi yozgi yomg‘irdek emas, bo‘ron bo‘lib keldi. Sussex Stakes’da (1,600 m) navbatdagi zarbasini berdi, mag‘lubiyatsiz seriyasini olti yugurishga yetkazdi va bu mavsumdagi ketma-ket uchinchi Group 1 g‘alabasini qo‘lga kiritdi. £1,5 millionlik poyga, 29-iyul, Glorious Goodwood’ning ikkinchi kuni – va tribunalar “xalq oti”ga aylanib borayotgan uch yoshli yulduzni hayqiriqlar bilan uyga eltib qo‘ydi.
Qiyin vaziyatdan kelgan zarba
George Boughey shogirdi bu yil qaytganidan beri faqat yulduzlar qatlamida yugurmoqda. Avvaliga Group 1 2000 Guineas’da (1,600 m) hayratomuz chiqish, so‘ng Royal Ascot’dagi Group 1 St James’s Palace Stakes’da yana Gstaad’ni mag‘lub etish. Shundan keyin Sussex Stakes oldidan Bow Echo’ga ishonch shunchalik baland ediki, u startga 10-11 favorit sifatida chiqdi.
Ammo poyga boshlanganda hammasi silliq kechgani yo‘q. Temp oshgan pallada Bow Echo orqaga surilib, cho‘ntagiga kirib qolgandek bo‘ldi. Tribunadan qaraganda, reja buzilgandek tuyuldi, raqiblar esa oldinda erkin nafas ola boshladi.
Shu paytda jilovni ushlab turgan 20 yoshli Billy Loughnane asabini sovuqqon saqladi. Shoshilmadi. O‘rnidan qo‘zg‘almadi. To‘g‘ri lahzani kutdi.
Yo‘l ochilgach, hammasi birdan o‘zgardi. Bow Echo Opera Ballo (William Buick) va Gstaad (Ryan Moore) tomon keskin zarba bilan yaqinlasha boshladi. So‘nggi metrlar ichida ularning yonidan emas, ustidan o‘tdi – yarim korpus farq bilan, ammo ishonchli tarzda.
Gstaad yana kumush medaldan nariga o‘tolmadi. Charlie Appleby tarbiyalagan Opera Ballo esa katta yoshli otlar orasida eng yaxshisi bo‘lib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Boughey: “Bu – uning eng zo‘r poygasi”
Boughey uchun bu faqat navbatdagi Group 1 emas edi, balki xarakter sinovi ham bo‘ldi.
“Bu poyga u uchun har doim qiyin bo‘lishi aniq edi. Dastlab juda jiddiy temp bo‘ldi, u bir-ikki marta cho‘ntagida qoldi, bugun haqiqatan ham juda mard bo‘lishiga to‘g‘ri keldi”, – dedi u.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Bow Echo Ascot’dan beri o‘zi o‘zi bo‘lib yetilmoqda: “Billy aytgan bitta narsa bor – u Ascot’dan beri juda ko‘p narsa o‘rgandi. Garchi bu g‘alabalari fonida biroz g‘alati eshitilsa-da, u hamon rivojlanmoqda, poygani o‘rganmoqda, kurashishni o‘rganmoqda.”
Goodwooddagi hal qiluvchi lahza murabbiy tasavvur qilgan manzara edi. “Bugun ko‘rsatgan tezlanishi, o‘sha turn of foot – men aynan shu poygani uning poygasi deb bilganman, hammasi shu yerga olib kelish uchun bosqichma-bosqich qurilgandek edi.”
Boughey o‘z qo‘lida qanday ot borligini anchadan beri biladi: “U favqulodda iste’dodli ot va biz buni ancha oldin sezganmiz. So‘nggi poygalarda bir-ikki marta haqiqiy jangga kirishga majbur bo‘ldi va bugun ham kurash ko‘rsatdi. Turn of foot’ini ko‘rsatdi, bu – uning karyerasidagi eng zo‘r yugurishi. Yana ko‘p narsa noto‘g‘ri ketdi, baribir g‘alaba qozona oldi, ham chiroyli uslubda.”
Uning zafarlar ro‘yxati endi hayratlanarli darajada boy: “U – Ascot g‘olibi, Guineas g‘olibi, bugun esa barcha fazilatlarini namoyon qildi.”
Xalq oti, dunyo sahnasiga tayyor
Night Of Thunder naslidan bo‘lgan bu uch yoshli endi faqat statistik raqamlar emas, tribunadagi muxlislar qalbini ham zabt etgan. Glorious Goodwood’ning ikkinchi kunida Bow Echo kelayotgan pallada tribunalarning shovqini balandlashib, uni “xalq oti” maqomiga yaqinlashtirdi.
Boughey endi uni faqat Britaniya bilan cheklab qo‘ymoqchi emas. U Bow Echo’ni “to‘liq poyga oti” deb ataydi va uni xalqaro sahnaga olib chiqishga oshiqmoqda. Rejada – Fransiya, so‘ng Amerika.
“Men avvalo poyga muxlisiman va otlarni tayyorlashni yaxshi ko‘raman. Qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, bu ishni sevaman. So‘nggi paytlarda ommaga shunday otni ko‘rsatish menga ulkan zavq berdi”, – deydi u.
Murabbiy o‘z shogirdini qisqa ta’rif bilan jamlaydi: “U yulduz. Aql-idroki zo‘r, hozirda to‘liq poyga oti ko‘rinishida. Unga mos chavandoz ham bor – haqiqiy sahna bolasi, to‘g‘rimi? U buni yaxshi ko‘radi. Ajoyib chavandoz.”
Rejalar aniq: Fransiyada Prix Jacques le Marois yoki Moulin nishonga olingan. Yakuniy manzil esa yanada ulug‘roq: “Asosiy maqsad – yil oxirida Breeders’ Cup’da qatnashish. Burilishli, bir mil masofa, kuchli temp – u uchun juda mos bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ochiq aytganman, unga tez, quruq yo‘l kerak.”
Loughnane – yulduz tug‘ilgan tun
Bu poyga faqat ot haqida emasdi. Egar ustidagi yigit ham o‘z karerasining navbatdagi zinapoyasini bosib o‘tdi. 20 yoshli Billy Loughnane uchun bu chiqish uni haqiqiy sahna markaziga olib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Uch yoshli Bow Echo tarixga yana bir satr qo‘shdi – 2000 Guineas, St James’s Palace Stakes va Sussex Stakesni bir mavsumda yutgan ilk ot bo‘ldi. Buni oxirgi marta Frankel uddalagandi. Bu taqqoslashning o‘ziyoq Bow Echo qanday qatorda turganini ko‘rsatadi.
Loughnane poygadan keyin qisqa, lekin mazmunli gapirdi: shubhalanuvchilar bo‘lsa, endi javobni ko‘rishdi. U har safar takrorlaydi – bu yoshda bunday otga minayotganini o‘zini nihoyatda baxtli his qiladi.
Taktik rejasi ham aniq bo‘lgan: u Ryan Moore’ni kuzatishni xohlagan, poyga tuzilishi temp baland bo‘lishini va bu Bow Echo kabi otlarga yoqishini bilgan. Poyga o‘rtasida Ryan bilan Christophe Soumillon (Puerto Rico) orasida qamalib qolgan bo‘lsa-da, sabr qildi. Yo‘l ochilgach esa, hammasini otning o‘zi hal qildi.
Goodwooddagi bu kecha Bow Echo uchun navbatdagi g‘alaba bo‘ldi. Loughnane uchun esa – yulduzga aylanish sari katta qadam. Endi savol bitta: bu bo‘ron kelasi manzili bo‘lgan Fransiya va Amerikada ham shu kuch bilan uradimi?






