sport pulse

Britaniyada sport va moda ittifoqi: muxlislar xarid qilishga tayyormi?

Britaniyada sport va moda tobora bir-biriga yaqinlashib bormoqda. Podium bilan tribuna orasidagi chiziq xira bo‘lib ketdi, lekin bitta savol hanuz ochiq: muxlislar buni faqat tomosha sifatida qabul qilyaptimi yoki chindan ham do‘kondagi tanloviga ta’sir qilayaptimi?

YouGov o‘tkazgan yangi so‘rov shu sahnaning orqasiga chiroq tutadi.

Tribunada shov-shuv bor, lekin hamma ham voqif emas

So‘rovda qatnashgan Britaniya kattalarining atigi 42 foizi sport jamoalari, ligalar, musobaqalar yoki sportchilar va moda brendlari o‘rtasidagi hamkorliklardan xabardor ekanini aytgan. 43 foiz esa bunday kelishuvlarni umuman eshitmaganini bildirgan, yana 15 foiz ikkilanib qolgan.

Yoshlar esa bu trendni ancha yaqindan kuzatyapti. 18–24 yoshdagilar orasida xabardorlik 49 foizga chiqadi. 45–54 yosh oralig‘ida esa bu ko‘rsatkich beshdan uchga ham yetmaydi – 37 foiz.

Demak, sport va modaning yangi ittifoqi avvalo yosh auditoriyaning koʻziga tashlanmoqda.

Ralph Lauren – Wimbledonga chiqqan “kapitan”

Hamkorliklardan xabardor bo‘lganlar orasida eng taniqli duet aniq: Ralph Lauren × Wimbledon. Ularning 34 foizi aynan shu nomni eshitganini aytgan. Britaniya yozining klassik tennis manzarasi – yashil kortlar, oq liboslar – va Ralph Lauren’ning imzosi muxlis xotirasida mustahkam joy olgan.

Keyingi qatorda ikkita kuchli juftlik yonma-yon turibdi: adidas × Mercedes-AMG Petronas Formula One Team va Nike × NBA – har biri 30 foiz darajada tanilgan. Ularning ortidan Louis Vuitton × Formula 1 (25 foiz), Tommy Hilfiger × Formula 1 (24 foiz) va Lacoste × Roland-Garros (24 foiz) keladi.

Yosh avlod esa yangi to‘lqinni tezroq ilg‘ayapti. 18–24 yoshdagilar orasida Louis Vuitton × FIFA hamkorligini 24 foiz eslaydi, Gucci × Jannik Sinner juftligini esa 16 foiz tanigan.

Futbol – modaning eng katta maydoni

Sport va moda ittifoqini biladiganlar orasida “Qaysi sport turini moda brendlari bilan ko‘rishni xohlaysiz?” degan savolga javob deyarli kutilgan bo‘ldi. 32 foiz – futbolni tanlagan.

Formula 1 – 19 foiz, tennis – 18 foiz bilan ortda qoladi. Lekin raqamlarning ichiga kirgan sayin manzara yanada aniqroq ko‘rinadi: 18–24 yoshdagilarning 46 foizi, 25–34 yoshdagilarning esa 47 foizi aynan futbol hamkorliklarini ko‘rishni istaydi.

Xuddi shunday tendensiya sportchilar bo‘yicha ham takrorlanadi. Respondentlar eng ko‘p ko‘rishni istagan “yuzi” – futbolchilar (29 foiz). Keyin Formula 1 haydovchilari (19 foiz), tennischilar (18 foiz) va Olimpiya sportchilari (18 foiz) keladi.

Shu bilan birga, 42 foiz umuman hech qanday sportchi-modachi duetiga qiziqmasligini aytgan. Stadion to‘la, lekin hamma ham podiumga qarab o‘tirmagan.

Kim sportga eng mos? Javob deyarli bir ovozdan

Sport homiyligi uchun qaysi turdagi moda brendlari eng mos, degan savolda esa manzara juda aniq.

So‘rovdan xabardor qatnashchilarning 67 foizi – sportswear brendlar eng to‘g‘ri tanlov, deb hisoblaydi. Demak, muxlislar sport bilan bog‘liq hamkorlikda avvalo funksionallik va sport ruhi bilan yo‘g‘rilgan brendlarni kutyapti.

Ikkinchi o‘rinda – poyabzal brendlari (46 foiz). Ularning ortidan esa hayot tarzi brendlari (18 foiz), ommabop ko‘cha modasi (14 foiz), luxury moda brendlari (12 foiz), premium moda (12 foiz) hamda zargarlik va soat brendlari (12 foiz) ancha orqada keladi.

25–34 yoshdagilar orasida sportswear’ga ishonch yanada balandroq – deyarli to‘rtdan uch qismi, 73 foiz, aynan shu toifani sport uchun eng mos deb biladi.

Sahna shov-shuvli, lekin xarid va’da bermaydi

Barcha yorqin hamkorliklar, reklama kampaniyalari va stadionlardagi logotiplarga qaramay, bitta muhim nuqta o‘zgarmayapti: xarid odatlari.

Respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi – 63 foizi – moda brendining sport musobaqasi, jamoa yoki sportchi bilan bog‘lanishi ularning o‘sha brenddan xarid qilish- qilmasligiga umuman ta’sir qilmasligini aytgan.

23 foiz – bunday hamkorlik tufayli brenddan xarid qilish ehtimoli oshishini tan oladi. Ulardan 6 foizi “anchagina ko‘proq” xarid qilishini bildirgan. Aks tomonda esa 10 foiz – bunday aloqalar sababli brendni kamroq tanlashini aytadi.

Yoshlar bu yerda ham alohida qatlam sifatida ajralib turadi. 18–24 yoshdagilarning 45 foizi sport bilan bog‘langan moda brendidan xarid qilish ehtimoli yuqoriligini bildirgan. 55 va undan katta yoshdagilar orasida bu ko‘rsatkich atigi 12 foiz.

Demak, bugun hamkorliklar ko‘proq imij va brend qurish uchun ishlayapti. Sotuvdagi sakrash esa, asosan, yosh auditoriyada seziladi.

So‘rov ortidagi raqamlar

Tadqiqot YouGov Surveys: Serviced platformasi orqali 25–26 iyun 2026 kunlari o‘tkazilgan. So‘rov onlayn tarzda, 18 yosh va undan katta 2 107 nafar Britaniya kattalaridan iborat milliy namuna bilan amalga oshirilgan. Ma’lumotlar yosh, jins, ta’lim, mintaqa va ijtimoiy toifa bo‘yicha og‘irlik kiritilgan bo‘lib, Buyuk Britaniya kattalar aholisi tarkibini aks ettiradi.

Shunday qilib, stadionlarda Louis Vuitton, Ralph Lauren, Jacquemus kabi nomlar tobora ko‘proq ko‘rinmoqda, futbol esa bu sahnaning markazida turibdi. Endi asosiy savol: kelgusi yillarda bu yorqin hamkorliklar muxlisning dididan tashqariga chiqib, uning bank kartasiga ham ta’sir o‘tkazadimi?