sport pulse

Bruno Guimaraesning Newcastle'dan ketishi: Transfer jarayoni qanday pishdi?

Newcastle yozgi oynaga aniq rejalar bilan kirib kelgandi. Ularda Bruno Guimaraesni sotish degan band yo‘q edi. Hatto gap ham bo‘lmagan. Ammo futbolchi o‘zi chizib bergan chiziq klubni o‘ylashga majbur qildi.

Sport direktori Ross Wilsonning aytishicha, burilish nuqtasi aynan shunda yuz berdi.

Guimaraes o‘zini hurmat bilan tutgan, lekin his-tuyg‘ularini yashirmagan. U aniq pozitsiya bildirdi – ketmoqchi ekanini aytdi, yangi bosqichga o‘tishni xohladi. Bu darajada ochiq gapdan keyin klub avvalgidek ish tutolmaydi.

Wilson buni yashirmaydi: bu xohish avtomatik tarzda darvoza ochildi, degani emas. Lekin ma’lum bir moliyaviy diapazonga yetilganda qaror qabul qilishda bu omil jiddiy rol o‘ynaydi. Yozgi strategiyada bu transfer yo‘q edi. Reja boshqa edi. Ammo bozor va kiyinish xonasidagi kayfiyat klubni moslashuvchan bo‘lishga majbur qildi.

To‘rtinchi ustun qulab tushdi

Guimaraes ketishi bilan Newcastle bir yil ichida to‘rtinchi asosiy figurasidan ayrildi. Bu shunchaki tarkib yangilanishi emas, butun loyihaning skeleti o‘zgaryapti.

  • Sandro Tonali — Tottenham.
  • Anthony Gordon — Barcelona.
  • O‘tgan yozda esa Alexander Isak — Liverpool.

Endi esa sardorlik tasmasini taqqan, o‘yin ritmini boshqarib turgan Guimaraes ham ketdi. Bir yil ichida butun tayanch chizig‘i boshqatdan chizilayotgandek.

Bu jarayon ortida esa faqat bozor bosimi emas, klub ichidagi iqtisodiy hisob-kitoblar ham turibdi.

Arsenal bilan muzokara: pastdan boshlangan narx, yuqorida yakun topdi

Newcastle bosh ijrochi direktori David Hopkinson Arsenal dastlab ancha past taklif bilan chiqqanini tasdiqladi. London klubi o‘z odatini qilmadi: bozorni “sinab ko‘rish”, raqibning chizig‘ini aniqlash, keyin bosqichma-bosqich narxni ko‘tarish.

Hopkinson muzokaralarni “har ikki tomonda ham juda tajribali o‘yinchilar ishtirok etgan jarayon” deb ta’rifladi. Bu yerda gap maydon ichidagi futbolchilarda emas, stol atrofidagi rahbarlar va agentlar haqida ketmoqda. Har bir raqam, har bir band bosim vositasi sifatida ishlatilgan.

Oxir-oqibat Newcastle o‘z moliyaviy kutganiga mos keladigan summa oldi. Hopkinson buni yashirmaydi: agar marketing nuqtai nazaridan qaralsa, bu yoshi va pozitsiyasi bo‘yicha rekord darajadagi to‘lov. Klub aynan shuni kutgandi.

Uning ta’kidlashicha, bitim Newcastle uchun yaxshi ko‘rinadi. Lekin bu faqat bir tomonning g‘alabasi emas. Arsenal ham o‘z navbatida “juda maxsus futbolchi va inson”ni qo‘lga kiritmoqda. Moliyaviy tomondan ikki klub ham o‘zini yutqazgandek his qilmayapti.

Savol ochiq: pul o‘rnini maydonda kim bosadi?

Newcastle kassasiga tushgan bu summa klubga moliyaviy nafas beradi. Hisob-kitoblar, FFP bosimi, kelajakdagi transferlar uchun zaxira — hammasi bor. Ammo St James’ Park tribunalarini ko‘proq qiziqtiradigan savol boshqacha: Bruno Guimaraes qoldirgan bo‘shliqni maydonda kim to‘ldiradi?

Pul topish osonroq. Uning o‘rniga mos xarakter, ritm va liderlik topish esa ancha og‘ir bo‘ladi.

Bruno Guimaraesning Newcastle'dan ketishi: Transfer jarayoni qanday pishdi?