Conor Benn va Ryan Garcia: Dopingdan Chempionlikka
To‘rt yil avval Conor Benn karyerasi muzlab qolgandi. Ikki marta ijobiy dori testi, Chris Eubank Jr bilan bo‘ladigan ulkan jang bekor, nomi esa doping mojarosi bilan birga tilga olinadigan bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, Ryan Garcia ham o‘zining eng katta g‘alabasi ortidan ostarine uchun ushlanib, bir yillik diskvalifikatsiyani o‘tab yurgan edi.
Endi esa, shanba oqshomi ikkalasi ham Las Vegasdagi T-Mobile Arena ringiga chiqadi. WBC yarim o‘rta vazn chempionligi uchun. Taxminan 30 million dollarlik jami gonorar, har biriga qariyb 15 million. Skandal ortidan kelgan “mukofot”.
Bu yo‘lga ularning har biri boshqacha marshrutdan keldi. Ayblovlar ham, natijalar ham turlicha bo‘ldi. Ikkovlon ham o‘zini dori ishlatgan sportchi sifatida tan olmaydi. Benn yakunda National Anti-Doping Panel tomonidan oqlangan. Baribir ularning yo‘li bir nuqtada kesishgani boksning achchiq haqiqatini eslatadi: mojaro karyerani chayqatishi mumkin, lekin yulduzning bozor qiymatini hamisha ham tushira olmaydi.
Doping soyasidan Vegas chiroqlarigacha
Ryan Garcia (25-2, 20 KO) – Victorville, California’dan chiqqan, Gen-Z avlodining ilk super yulduzlaridan biri. 2024 yil aprelida Devin Haney ustidan kutilmagan g‘alabadan bir kun oldin ham, bir kun keyin ham ostarine uchun ijobiy test berdi. O‘sha paytdagi hakamlar qarori – ko‘pchilik fikri bilan g‘alaba – bekor qilindi, jang natijasi “no-contest”ga aylantirildi, o‘zi esa bir yilga chetlatildi. Jamoasi buni “ifloslangan qo‘shimchalar” bilan izohladi.
Conor Benn (25-1, 14 KO) boshidan o‘tkazgani esa uzoqroq va murakkabroq bo‘ldi. 2022 yil oktyabrida Londonlik bokschining Eubank bilan jangidan oldin clomifene uchun ikki marta ijobiy natija chiqdi. Ayollar bepushtligini davolashda qo‘llanadigan, testosteronni 50 foizgacha oshirishi mumkin bo‘lgan taqiqlangan dori. Natijada ikki yil davomida Buyuk Britaniyada ringga chiqa olmadi. Benn esa boshidan oxirigacha o‘zini oqlashga urinib keldi.
Endi, uch yil o‘tib, ikkalasi ham yana markazda. Garcia fevral oyida Mario Barriosni nokdaunga yuborib, ochkolar hisobida yengib olgan WBC kamarini ilk bor himoya qiladi. Benn uchun esa bu – birinchi jahon chempionlik jangi, otasi Nigel Benn izidan borish imkoniyati. Nigel bundan o‘ttiz yildan ko‘proq avval WBC super-middleweight kamarini qo‘lga kiritgan edi.
Shanba kungi jangning o‘ziyoq professional boksning g‘alati axloqiy ekotizimini ochib tashlaydi. Yagona hukmron organ yo‘q, umumiy antidoping tizimi yo‘q, butun sport bo‘yicha qat’iy chora ko‘radigan komissar yo‘q. Haqiqiy kuch promouterlar, telekanallar va sanksiya beruvchi tashkilotlar qo‘lida. Ularning esa eng qimmat aktivlarini uzoq vaqt chetga uloqtirishga qiziqishi kam.
Garcia – iqtidor va o‘zini o‘zi sabotaj qilish o‘rtasida
Garcia ko‘p yillardan beri ikki olam orasida yashab kelmoqda. Bir tomonda – chiroyli chehra, lyuks brendlar bilan shartnomalar, 13 milliondan ortiq Instagram va 9 millionga yaqin TikTok obunachilari. Boshqa tomonda – elita darajasidagi chiqishlar bilan birga ketma-ket o‘zini o‘zi sabotaj qilish epizodlari.
Diskvalifikatsiyadan qaytishi ham shov-shuvsiz bo‘lmadi: darhol jahon chempionlik jangi, ammo 2025 yil mayida Rolando Romero qarshisida xira, ishonchsiz boks va yakunda bir ovozdan mag‘lubiyat. To‘qqiz oy o‘tib esa Barrios ustidan g‘alaba, ilk rasmiy jahon kamari. Boksda ikkinchi imkoniyatlar ko‘p bo‘ladi, Garcianiki esa rekord tezlikda “qaynatib pishirilgan” bo‘ldi.
Benn – familiya yukimi yoki imkoniyatimi?
Bennning yo‘li boshqacha, ammo jim emas. U Britaniyaga qaytib, nihoyat ringga chiqqach, 2025 yil aprelida Eubankdan yutqazdi, keyin esa oradan yetti oy o‘tib, revanishda g‘alaba qozondi. Bu duellar uning tijoriy obro‘sini qayta tikladi, lekin sport nuqtai nazaridan yarim o‘rta vaznning eng xavfli da’vogarlari qatoriga qo‘shib qo‘ymadi.
Yana bir katta savol – vazn. Benn 147 funtlik limitda to‘rt yarim yildan beri jang qilmagan. So‘nggi yillarda u o‘rta vazn atrofida yurdi, aprel oyida Regis Prograis bilan to‘qnashuv uchun 150 funtga tushdi. Endi esa yana to‘liq yarim o‘rta vaznga qaytishi kerak. Eng katta tavakkal ham shu bo‘lishi mumkin.
Benn yakuniy matbuot anjumanida o‘ziga xos ohangda gapirdi: odamlar “bu vaznga chiqib, keyin yana pastga tusha olmaysan” deyishayotganini eslatib, “xo‘p, bo‘pti, meni shunchaki kuzatinglar” degandek kayfiyat bildirdi. “Intizom g‘alaba qiladi, men vaznni chiqaraman”, dedi u.
Garcia bunga ishonmayapti. Uningcha, Benn vaznni chiqarishi mumkin, lekin haqiqiy sinov jang kuni boshlanadi. “U vaznga tushsa ham, miya tez rehidratsiya qilolmaydi. O‘sha zarbalar haqiqiy zarar qiladi”, deya ogohlantirdi u.
Stil to‘qnashuvi: kuchli tomoni – raqibning eng xavfli quroli
Mojaro, doping, familiya, ijtimoiy tarmoqlar – hammasining ostida aslida juda qiziq stil to‘qnashuvi yotibdi. Ikkala bokschi ham gapni yaxshi gapiradi, lekin shanba kuni ringda gapni qo‘l ishlatish hal qiladi.
Garcia Bennni oldinga yuradigan, bosim qiladigan, hatto “iflos usullar”ga murojaat qiladigan raqib sifatida tasavvur qilmoqda. Benn esa o‘zini “tenacity, ferocity, spite, experience” bilan ta’rifladi: birinchi raunddayoq ohangni o‘zgartirishga kelayotganini aytdi.
Mana shu yerda Benn uchun xavf yashirinib yotibdi. Garcia tabiatan ancha iqtidorli bokschi. Uning qo‘l tezligi ajoyib, chap kancasi esa ayniqsa oldinga yurayotgan raqiblarga qarshi dahshatli. Bennning g‘alabaga eltuvchi yo‘li, ehtimol, aynan shu eng xavfli qurol tomon yurishni talab qiladi.
Garcia orqaga chekinishga majbur bo‘lganda zaiflashishi mumkinligini avval ko‘rsatgan. Ammo Bennda Gervonta Davis darajasidagi tayming va aniqlik yo‘q – 2023 yilda Garcia’ni yettinchi raunddagi halokatli korpus zarbasi bilan ilk bor mag‘lub qilgan aynan Davis edi. Benn esa o‘ziga qarshi sanalayotgan deyarli barcha omillarni aksincha, foydasiga ishlayotgan bosim sifatida ko‘rmoqda.
“Bosim to‘liq Ryan zimmasida”, deydi u. “Bu jangda menga hech kim imkon bermayapti. Yigirma ta havaskor jang, to‘rt yarim yildan beri 147 ni qilmaganman, vazn muammosi, u-bu. Hech kim menga imkon bermayapti”.
“Nepo baby” bahsi va boksdagi imtiyozlar
Benn uchun bu faqat kamar emas, shaxsiy masala ham. U yillar davomida otasi Nigel Benn familiyasining ham afzalliklarini, ham og‘irligini ko‘tarib keldi. Garcia esa shu hafta bir necha bor “u shu darajaga faqat familiyasi tufayli yetib keldi” degan fikrni takrorladi.
Bu yerda keskin kinoya bor. Garcia Bennni “nepo baby”likda ayblar ekan, o‘zi ham boksdagi imtiyozlar bolasi bo‘lib ulg‘aydi. Sanoat unga berishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha qulayliklardan foydalandi, ayniqsa tezkor “reabilitatsiya” davrida.
Benn esa buni o‘ziga motivatsiya sifatida qabul qilmoqda: “Bu pozitsiyada bo‘lish, Vegasda bosh jangchi sifatida ringga chiqish, Benn familiyasini yana yorqin chiroqlarga qaytarish – bu shunchaki ne’mat”, deydi u.
Shanba oqshomi esa nafaqat ularning merosi, balki 2026 yil boksining portreti ham bo‘ladi. Bir paytlar doping mojarosi tufayli kelajagi so‘roq ostida qolgan ikki bokschi endi jahon chempionligi va navbatdagi katta chek uchun jang qiladi. Bu sportda kechagi skandal ertangi asosiy voqeaga aylanishidan tezroq narsa bormi o‘zi?







