sport pulse

Damon Hill: Silverstone poygasi va britaniyalik uchuvchilar bosimi

Silverstone yana to‘lmoqda. Bu hafta oxiri Britaniya Gran-prisiga 565 mingdan ortiq muxlis kelishi kutilmoqda – bu rekord. Tribunalar to‘lib-toshadi, shovqin quloqni teshib yuboradi, har bir burilishda britaniyalik uchuvchilar nomi jaranglaydi.

Aynan shu bosim haqida 1996-yilgi jahon chempioni Damon Hill gapirdi. U bu poygani yaxshi biladi – o‘z uyidagi trekda yelkaga tushadigan og‘irlikni boshidan o‘tkazgan.

U shunday deydi: bu yoqimli, albatta, lekin ayni paytda bo‘g‘adigan darajadagi mas’uliyat.

Hill uy poygalari yillarini eslab, o‘sha hissiyotlar hali ham aniq ekanini aytadi. U mashinadan paddokka qaytayotganda, atrofdagi lagerlar, palatkalar, uning ismi yozilgan bayroqlarni ko‘rgan paytlarini tasvirlaydi. Minglab odamlar bir narsani kutadi – g‘alaba.

“Hammasi seni oldinga itaradi. O‘sha paytda ichingdan: ‘Xo‘p, demak yutishim kerak ekan’, degan fikr o‘tadi”, – degan mazmunda u o‘zini eslaydi.

Besh britaniyalik, bitta tarixiy sahna

Bu yil Silverstone start panjarasida besh nafar britaniyalik bor – bunday manzara so‘nggi 30 yilda birinchi marta kuzatilmoqda. Ular orasida chempionlik uchun kurashayotgan George Russell ham bor.

Lando Norris o‘tgan mavsumda aynan shu trekda ilk bor uy g‘alabasini qo‘lga kiritib, keyinchalik birinchi jahon chempionligiga yo‘l ochgandi. Bu safar ham tribunada o‘ziga xos “Landostand” bo‘ladi – muxlislar sektori allaqachon uning nomi bilan ataladi.

Lewis Hamilton esa Silverstone bo‘yicha mutlaq mezon: to‘qqizta g‘alaba. Bu raqamning o‘ziyoq bu trekda qanday meros qurilganini ko‘rsatadi.

Hillning fikricha, Hamilton va Norris endi bu bosimni nafaqat ko‘tarishni, balki undan foyda olishni ham biladigan darajaga yetgan:

“Ular endi haqiqiy veteranlar. Tomoshabinlar bilan qanday ishlashni, ularga nima kerakligini bilishadi. Bu tomoshning o‘zi-ku. Har yili shu lahzani intiqlik bilan kutib, katta pul to‘lab keladigan ulkan olomonni ko‘rish hayratlanarli”, – deya ta’kidlaydi u.

Williams qayta qurilish yo‘lida

Hill bugun ham paddokda – u o‘zining 30 yil oldin jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Williams jamoasining elchisi sifatida ishlaydi.

Williams uchun bu mavsum oson bo‘layotgani yo‘q. Jamoa mavsumoldi sinovlarini Barselonada o‘tkazib yubordi, mashina esa vazn bo‘yicha talab etilgan darajadan og‘ir bo‘lib chiqdi. Natijada birinchi yarim mavsum – doimiy quvib yetish, yo‘l-yo‘lakay tuzatishlar bilan o‘tdi.

Shunga qaramay, Grove bazasidagi jamoa taslim bo‘lgani yo‘q. Jamoa rahbari James Vowles Silverstone uchun yangilanish tayyor ekanini, keyingi bosqichlarda ham yangi paketlar kelishini ma’lum qildi.

Hill bu o‘zgarishni ko‘rayotganini yashirmaydi. U Vowlesning jamoaga kelgan paytdagi ta’rifini eslatadi: yangi uyni sotib olgan odam singari, ichkariga kirgachgina aslida nimalar kerakligini ko‘rasan.

Hillning fikricha, Williamsda zarur resurs ham, iroda ham bor. Masala faqat vaqtda.

“Poyga qilayotganingda, raqiblarni quvib yetish uchun ikki baravar tez ishlashing kerak. Ular bilan bir xil tezlikda yurishning foydasi yo‘q, – deydi u. – Oldinga o‘tish uchun tezlikni oshirish shart.”

2026-yil qoidalari va Silverstone xavotiri

Silverstone – Formula 1 taqvimidagi eng tezkor va oqimli treklardan biri. Lekin 2026-yilda kuchga kiradigan yangi texnik qoidalar fonida bu trek kelajagi haqida savollar ko‘paydi.

Yangi avlod bolidlari gibrid kuch qurilmasiga tayanadi: quvvatning katta qismi ichki yonuv dvigateli va elektr energiyasi o‘rtasida bo‘linadi, elektr quvvati asosan tormozlanish paytida tiklanadi.

Aynan shu narsa Silverstone kabi yuqori tezlikdagi, tormozlanish zonalari kam bo‘lgan trekda muammoga aylanishi mumkin. Mashhur tezkor uchastkalar o‘z jozibasini yo‘qotishi, bolidlar to‘liq quvvatni ishlata olmasligi haqida xavotirlar bor. Hamilton bu yo‘lni “butunlay boshqa trekka aylanadi”, deb baholagan bo‘lsa, Max Verstappen ham bu konfiguratsiya bu kabi trassaga mos emasligini aytgan.

Hill texnik tomonni qisqacha izohlaydi: bu “energiya kambag‘al” trek. Ya’ni, elektr quvvatini tiklash uchun zarur bo‘lgan tormozlanish zonalari yetarli emas. Bu esa strategiyani murakkablashtiradi.

Uning fikricha, aynan shu jihat poygani qiziqarli qilishi ham mumkin. Yonilg‘i tugayotgandek ovoz chiqarayotgan motorlarni hech kim eshitgisi kelmaydi, lekin taktik o‘yinlar, quvvatni boshqarish, xavfga borish – bular ham sahnaning bir qismi.

Hill shu mavsumni kuzatib, bir narsani alohida ajratadi: poygalar sifat jihatidan yaxshilangan.

U bolidlarning shassisi haydovchilar uchun ancha qulaylashganini, bu esa ularni biroz “ozod qilganini” ta’kidlaydi. Haydovchilar ko‘proq tavakkal qilmoqda, o‘zini erkinroq namoyon etmoqda.

Silverstone tribunalarida esa bu hafta oxiri aynan shuni kutishadi – bosim ostida bo‘lsa ham, o‘zini erkin his qiladigan, chegarani siljitishga tayyor britaniyalik uchuvchilarni. Shu bosim kimni ko‘taradi, kimni esa ostiga bosib qoladi? Paddokdagi eng katta savol hozircha shunday.