David Croft: Russellning ranjishi tabiiy
Monzaning qaynagan yakshanba kuni nafaqat Kimi Antonelli uchun ertakka o‘xshash g‘alaba, balki Mercedes uchun og‘riqli savollarni ham olib keldi. Ayniqsa, George Russell uchun.
Qattiq (hard) shinalarda poygani yetaklab borayotgan Russell qizil bayroqdan keyingi uzoq stintga tikkan edi. Reja aniq edi: oxirigacha borish, temp yetarli, hammasi nazorat ostida.
Keyin esa virtual xavfsizlik mashinasi paydo bo‘ldi.
Mercedes shu paytda qaror qildi: Antonelli boksga, o‘rta (medium) shinalarga. Maqsad – Red Bull poygachisi Max Verstappenni yopish, strategik zarbani qaytarish. Russellga esa bir og‘iz buyruq: trekda qol.
Shu yerda poyga burildi.
Yangi shinalar bilan Antonelli bo‘shliqni tezda yedi. Italiyalik uch poyga qolganida Russellni quvib o‘tdi va 19-pog‘onadan start olgan holda uy poygasidagi ilk g‘alabasini tortib oldi. Russell esa ikkinchi o‘rinda cheklanishga majbur bo‘ldi.
Sky Sports Formula 1 bosh sharhlovchisi David Croft bu qarorni keskin baholadi. Uningcha, Brackley jamoasi trekda poygani boshqarib borayotgan mashinani yetarlicha himoya qilmadi.
Croft shunday deydi: Russellning ranjishi tabiiy.
Uning fikricha, Mercedes bir narsani o‘ylagan bo‘lsa, uni oxirigacha yetkazishi kerak edi: “Strategiya oxirigacha borish edi. George buni uddaladi, tempi yomon emasdi. Lekin jamoa ‘Kimi’ni Max’ni yopish uchun ichkariga chaqiramiz’ deb o‘ylagan zahoti, xuddi shu savolni berishi kerak edi: ‘Nega Georgeni ham chaqirmaymiz?’”
Bu yerda gap faqat taktika emas, tenglik haqida ham ketadi. Croft ta’kidlaydi: virtual xavfsizlik mashinasi ostida “arzon” pit-stop imkoniyati bor edi. Ha, ikki mashinani ketma-ket qabul qilishda Antonelli bir necha soniya yutqazishi mumkin edi, lekin ikkala poygachi ham yangilangan shinalarda, teng sharoitda yakuniy hujumga chiqardi.
Russell poyga ortidan intervyuda ochiq tan oldi: Antonellining bokslarga kirganini ko‘rib hayron qolgan. U hatto hech kim pit-stop qilmaydi, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Croft esa bu nuqtaga alohida urg‘u beradi: agar jamoa Antonelliga shina almashtirish zarur, degan xulosaga kelgan bo‘lsa, xuddi shu mantiq Russellga ham tatbiq etilishi kerak edi.
Shu qaror natijasida poyganing yakuniy manzarasi o‘zgardi: Antonelli yangi shinalar bilan uyida qahramonga aylandi, Russell esa o‘zini strategiya stolida yutqazgandek his qildi.
Savol esa ochiq qoladi: Mercedes keyingi safar qaysi mashinani himoya qiladi – yetaklab borayotganini yoki strategiyada eng xavfsiz yo‘lni?







