sport pulse

De Zerbi qattiq ohangda: Bergvall qoladi, Sarr kelajagi esa ochiq

Tottenham yozgi inqilob o‘rtasida turibdi. Pul sarflandi, standart ko‘tarildi, kayfiyat o‘zgardi. Lekin Roberto De Zerbi uchun bir savol allaqachon yopilgan: Lucas Bergvall bu mavsumda klubda qoladi. Pape Matar Sarr haqida esa bunday qat’iy gapni ayta olmaydi.

Bergvall qarorini o‘zgartirdi

Yoz boshida hammasi boshqacha edi. 20 yoshli Bergvall jahon chempionatiga ketishidan avval klub rahbariyatiga ochiq aytdi: yangi chaqiriq, yangi rol, ayniqsa “sakkizlik” pozitsiyasida o‘sish uchun boshqa joy izlamoqchi edi.

Newcastle va Nottingham Forest taklif bilan chiqdi. Tottenham rad etdi. De Zerbi esa javobni maydonda berdi: yosh yarim himoyachini butun mavsumoldi davrida asosiylar orasida sinab, ko‘p daqiqa berdi, unga jiddiy ishonch bildirdi.

Natija? Italiyalik mutaxassisning fikricha, Bergvall endi o‘zi ham qolishni xohlayapti.

“Lucas Bergvall, 100 foiz qoladi. Mavsumoldida juda ko‘p gaplashdik. U top futbolchi, ulkan potensialga ega. Uning qolayotganidan xursandman va hozircha u ham qolishni xohlaydi, muammo yo‘q”, – deydi De Zerbi.

Sarr uchun bozor eshiklari hanuz ochiq

Ammo Pape Matar Sarr masalasida bunday aniq javob yo‘q. 23 yoshli senegallik pre-seasonni kech boshladi – avgustning birinchi haftasigacha Senegal bilan bo‘ldi, jamoaga kech qo‘shildi.

Bu orada klub markaziy chiziqni tubdan yangiladi: Sandro Tonali va Mateus Fernandes uchun jami 185 million funt sarflandi. Raqobat keskinlashdi, rotatsiya chuqurlashdi, kimdir chetga surilishi aniq.

“Pape yaxshi futbolchi. U qoladimi yo‘qmi, bilmayman, vaziyatni tahlil qilishimiz kerak, lekin u ham juda juda muhim o‘yinchi”, – deydi De Zerbi.

Yani, Sarr uchun eshiklar yopilmagan. Transfer oynasi yopilguncha uning atrofidagi gap-so‘zlar tinmaydi.

377 millionlik yoz va va’dasiga sodiq rahbariyat

Tottenham yozgi oynani portlatdi. Manchester City hujumchilari Savinho va Omar Marmoush kelishi bilan umumiy xarajat 377 million funtga chiqishi mumkin. O‘tgan mavsumdagi deyarli tushish xavfidan keyin klub egalaridan biri bo‘lgan Lewis oilasi “so‘z emas, ish bilan” va’da bergan edi. De Zerbi ularning va’dasiga ishonganini yashirmaydi.

Uning ta’kidlashicha, bu pul “murabbiy uchun emas” – klub, muxlislar, tarix va obro‘ uchun sarflanmoqda. Ikki mavsumlik tushkunlikdan keyin kayfiyatni butunlay almashtirish, klubga kuchli turtki berish maqsad qilingan.

“Itkizgan ikki mavsumdan so‘ng kayfiyatni butunlay o‘zgartirishimiz kerak. Transfer bozorini yakunlaganimizdan keyin uzoq vaqt davomida ko‘p narsa kerak bo‘lmaydi, hamma bir yo‘nalishda ishlashi uchun ideal sharoit yaratiladi. Shundan keyin bosqichma-bosqich nimanidir maxsus qurish yoki jadvalning yuqori qismi uchun kurashishimiz mumkin”, – deydi u.

U katta so‘zlardan qochsa-da, bir narsani aniq aytadi: bu tarkib bilan istalgan stadionda “yuzma-yuz” o‘ynashga jur’at bor. Endi bu qog‘ozda emas, maydonda isbot talab qiladi.

Raqiblarning noroziligi – qo‘shimcha yonilg‘i

Raqib muxlislar va sharhlovchilar Tottenhamning bu yozdagi sarflaridan norozi. Klub esa stadion daromadlari va sotuvlar orqali – yozda 213 million funt atrofida tushum topib – moliyaviy qoidalar ichida ish ko‘rayotganini ta’kidlaydi.

De Zerbi tashqaridan kelayotgan shovqinni tushunmaydi, lekin undan foydalanishni biladi.

“Men uchun bosim yo‘q, muammo ham emas. Nega odamlar Tottenham yaxshilanishini yoqtirmasligini tushunmayman. Bu biz uchun yana bir motivatsiya. O‘tgan mavsum ham boshqa klublar bizni ‘yo‘q qilishni’ xohlagandi. Bu ham futbolning bir qismi”, – deydi u.

Murabbiy bu tuyg‘uni har hafta eslatib turishini, Everton bilan tushish uchun kurashgan o‘yin va yaqindagi Hoffenheim bilan o‘rtoqlik uchrashuvi orasidagi farqni futbolchilarga ko‘rsatganini aytadi. Bosimni unutish emas, uni eslab turish – De Zerbi falsafasining bir qismi.

“Qog‘ozda tayyormiz, endi navbat maydonga”

Murabbiyga ko‘ra, hozirgi Tottenham deyarli uning xohlagan jamoasiga yaqin. Qog‘ozda. Asl sinov endi boshlanadi.

“Qog‘ozda juda yaqinmiz. Maydonda esa hali ko‘rishimiz, ishlashimiz kerak. Tajribam yetarli, shuning uchun ortiqcha gapirmayman. Skuaddan juda xursandman, lekin uni to‘liq shakllantirishimiz kerak. Maydondan keladigan javoblar mening orzularim va rahbariyat bilan o‘ylaganlarimizga mos bo‘lishi kerak”, – deydi u.

De Zerbi futbolni “aloqa”, “sehr” deb ta’riflaydi: murabbiy g‘oyasi bilan o‘yinchilar fikri birlashgan, zaxiradagi futbolchilar asosiy tarkibdagilarning eng katta muxlisiga aylangan jamoani qurmoqchi. Unga ko‘ra, shunday muhit bo‘lmasa, yuqori darajada raqobat qilishning imkoni yo‘q.

Tonali – klubning 100 millionlik yuragi

Yozgi inqilob ramzi – Sandro Tonali. Newcastle’dan rekord narxga kelgan, 100 million funtlik yarim himoyachi endi klubning yangi markazi sifatida ko‘rilmoqda.

De Zerbi uni yillar davomida tanigan, ammo yonma-yon ishlagach, fikri yanada o‘zgargan.

“Sandro Tonali men o‘ylaganimdan ham yaxshiroq ekan – ham futbolchi sifatida, ham inson sifatida. Uning oilasini, agentlarini bilaman, barchasi yaxshi odamlar. U to‘g‘ri joyda, to‘g‘ri futbolchi. Biz uni loyihaning ichiga qo‘ymoqchimiz. Uning bu joyda bo‘lishi uchun zarur sifatlari, xarakteri, qadriyatlari bor”, – deydi De Zerbi.

Tonali nafaqat maydonda, balki kiyinish xonasida ham standartni belgilashi kutilmoqda.

Ichki raqobat: kim qabul qilmasa, eshik ochiq

Transfer oynasi tugashiga 11 kun qoldi. Skuad kattalashmoqda, daraja oshmoqda. Bu esa bir savolni tug‘diradi: hammani baxtli qilish kerakmi?

De Zerbi javobni qisqa va aniq beradi: yo‘q.

“Bugun 21-avgust. Har bir futbolchi skuadni allaqachon biladi. Agar kimdir maydondagi yoki kiyinish xonasidagi raqobatni qabul qilmasa, ketishi mumkin. Men ochiq gapirishni yaxshi ko‘raman. Eng yaxshi birinchi 11ni topish uchun qo‘limdan kelgan eng to‘g‘ri qarorni qabul qilaman. Agar jadvalning yuqori qismi uchun kurashmoqchi bo‘lsak, 11 futbolchi yetmaydi, 15 futbolchi ham yetmaydi”, – deydi u.

U misol sifatida Liverpool, Arsenal, Chelsea, Manchester City, Bayern Munich, Barcelona, Real Madrid, Juventus va Milan kabi klublarni tilga oladi: bunday jamoalarda kiyinish xonasining o‘zida ulkan raqobat bor. Tottenham ham o‘sha qatlamga qaytishni maqsad qilgan bo‘lsa, bundan qochib bo‘lmaydi.

Mikey Moore va akademiya yulduzlari uchun to‘g‘ri yo‘l

Yangi hujumchilar kelishi fonida savol tug‘iladi: bu Mikey Moore uchun nimani anglatadi? 19 yoshli hujumchi Brentfordga qarshi Premyer liga ochilish o‘yinida maydonga tushishi kutilmoqda, shu bilan birga uning Bundesliga klubi Koln ga ijaraga ketishi ham muhokamada.

De Zerbi hozircha yakuniy qaror haqida gapirishdan tiyiladi, lekin ohangi ijobiy.

“Men Mikey Moore’dan juda xursandman, u yaxshi ishlayapti, yaxshi futbolchi. Ijaraga ketadimi-yo‘qmi, bilmayman. U klub uchun katta potensialga ega. Biz har bir futbolchi uchun eng yaxshi yechimni topishga harakat qilamiz – xuddi Luca Williams-Barnett yoki Malachi Hardy kabi. Ular akademiyamizdan chiqqanidan faxrlanamiz. Ularni imkon qadar to‘g‘ri boshqarishimiz kerak”, – deydi u.

Bu so‘zlar Tottenham akademiyasi uchun ham, uning eshiklari oldida navbat kutayotgan navbatdagi iste’dodlar uchun ham signal: yo‘l bor, lekin raqobat shafqatsiz bo‘ladi.

“Tottenham ruhi” va yetishmagan bir afsona

De Zerbi yozgi inqilobni faqat transferlar bilan cheklab qo‘ymadi. U klubning o‘tmishi va bugungi jamoani bog‘lash uchun katta guruh afsonaviy futbolchilarni bazaga taklif qildi. Glenn Hoddle, Gary Mabbutt, Steve Perryman va boshqalar hozirgi futbolchilarga klubning “ruhi” haqida gapirib berdi.

“Futbolchilar, ayniqsa legionerlar bu klub darajasini tushunishi kerak. Ketma-ket ikki mavsumni 17-o‘rinda yakunlaganimiz hech narsani o‘zgartirmaydi. Klub darajasi o‘zgarmaydi. Afsonalar Premier League va Yevropada Tottenham qanday bo‘lganini mendan ham, sizdan ham yaxshiroq tushuntirib bera oladi”, – deydi De Zerbi.

Shunga qaramay, u bir insonni ko‘rishni juda istagan, ammo u kelmagan.

“Chris Waddle’ni ko‘rmaganimdan afsusdaman. U bolaligimda sevimli futbolchilarimdan biri bo‘lgan, ayniqsa Marseille davrida. Waddle Kudus, Kulusevski, Xavi Simons, Mathys Tel uchun juda foydali bo‘lardi, chunki u ajoyib futbolchi edi”, – deydi u.

Tottenham hozir o‘z tarixini qayta yozishga urinayotgan bir paytda, De Zerbi o‘tmish afsonalarini hozirgi yulduzlar bilan bog‘lab, klubning yo‘nalishini aniq belgilamoqda: katta so‘zlar emas, katta ishlar. Endi so‘z navbati maydonga o‘tadi.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling