sport pulse

Eddie Howe davri tugadi: “Newcastle” yangi yo‘l boshida

Eddie Howe “St James’ Park”ni tark etdi. Qariyb besh yil davom etgan davr, klubning yaqin tarixidagi eng yorqin bo‘limlardan birini yopdi.

2021-yil noyabr. Saudiya sarmoyasi endigina kelgan, tribunalar umid va xavotir o‘rtasida qolgandi. Steve Bruce ketgan, “Newcastle United” esa Premer-ligada quyi uchlikda, xavfsiz chiziqdan besh ochko ortda. Shunday fon’da sobiq “AFC Bournemouth” bosh murabbiyi Howe keladi va hammasi o‘zgaradi.

Qutqaruvdan to‘rtinchi o‘ringa

Howe birinchi navbatda cho‘kishni to‘xtatdi. 2021/22 mavsumida jamoani pastdan sug‘urib oldi, xavf zonasi bilan xayrlashdi va yakunda 11-o‘ringa olib chiqdi. Bu oddiy ko‘tarilish emasdi, bu kayfiyatni, standartni, ambitsiyani o‘zgartirgan burilish edi.

Keyingi yil esa bu o‘zgarish raqamlarda yorqin aks etdi: 2022/23 mavsumida “Newcastle” Premer-ligani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. “St James’ Park” uchun bu nafaqat jadvaldagi sakrash, balki yillab orzu qilingan qaytish – yuqori pog‘onaga, “UEFA Champions League” sahnasiga yo‘l edi.

56 yillik qurg‘oqchilikni tugatgan kubok

Howe nomi klub tarixiga bir satr emas, butun bo‘lim bo‘lib yoziladi. Eng yorqin sahifa – 2025-yilgi “EFL Cup” finali. “Liverpool” ustidan 2:1 hisobidagi g‘alaba va 56 yillik sovrinsiz davrga nuqta.

Bu kubok “Newcastle” uchun ramzga aylandi: yangi davr, yangi mentalitet, “biz bu yerda qolish uchunmiz” degan ochiq bayonot.

“Champions League”ga qaytish va tarixiy bosqich

Howe boshchiligida “Newcastle” ikki marta “UEFA Champions League” yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2023-yilda, 20 yillik tanaffusdan so‘ng, klub nihoyat yana Yevropaning bosh sahnasiga qaytdi.

Keyingi mavsumda esa bu qaytish shunchaki ishtirok bilan cheklanib qolmadi. “Magpies” ilk bor o‘z tarixida “Champions League” pley-off bosqichiga, 1/8 finalga chiqdi. Klub uchun bu sport natijasidan ham ko‘proq narsa – o‘zini katta futbol xaritasida yana jiddiy o‘yinchi sifatida e’lon qilish edi.

Raqamlar tilida Howe merosi

Howe “St James’ Park”ni tark etar ekan, u Premer-liga davridagi barcha “Newcastle” murabbiylari orasida g‘alabalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi: 84 g‘alaba. G‘alaba foizi bo‘yicha esa faqat marhum Kevin Keegan oldinda – 51,2 foiz. Howe ko‘rsatkichi – 46,9 foiz, undan keyin Sir Bobby Robson, Glenn Roeder va Alan Pardew keladi.

Bu raqamlar ortida esa juda sodda haqiqat yotadi: Howe “Newcastle”ni qayta tikladi, uni yana yuqori qatlamga qaytardi.

“Hayotimdagi eng katta sharaf” – ketish sababi

Shu fon’da uning qarori yanada og‘irroq ko‘rinadi. Howe bunday dedi:

“Shaxsiy mulohazalar davridan so‘ng, endi “Newcastle United” bosh murabbiyi sifatidagi vazifamni topshirish uchun to‘g‘ri vaqt, degan qarorga keldim. Qariyb besh yil davomida butun hayotimni, yuragim va jonimni klubga bag‘ishladim. Endi esa o‘zim va klub manfaatlari uchun chetga chiqib, kuch to‘plash va tanaffus qilishim kerak deb hisoblayman. Bu qarorni qabul qilish juda qiyin bo‘ldi, lekin yuragimda bu to‘g‘ri ekanini bilaman. Bu yerda bo‘lgan har bir qarorimda “Newcastle” manfaatini o‘zimnikidan ustun qo‘ydim, bu safar ham shunday. “Newcastle United” bosh murabbiyi bo‘lish – hayotimdagi eng katta sharaf bo‘ldi”.

Bu so‘zlar ortida charchoq, yuksak talab va yangi bosqichga ehtiyoj sezilib turibdi. Klub ham bu qarorni qabul qildi va rasmiy bayonotida Howe’ga “favqulodda hissasi uchun” minnatdorlik bildirdi.

Sahnada katta o‘zgarish: ketayotgan yulduzlar, kelayotgan bolalar

Yozgi oynada “Newcastle” faqat murabbiy bilan xayrlashmayapti. Jamoaning ikki asosiy figuralari allaqachon boshqa yo‘lni tanladi: Anthony Gordon “Barcelona”ga, Sandro Tonali esa “Tottenham Hotspur”ga ketdi.

O‘rnini esa yoshlar to‘ldirmoqda. Klub yo‘nalishi aniq: bozorning yuqori qavatidan tayyor yulduz emas, ertangi kun liderlarini olib kelish.

Hozirgacha bo‘lgan transferlar ro‘yxati buni yaqqol ko‘rsatadi: “Hoffenheim”dan vinger Bazoumana Toure, “Ajax”dan yarim himoyachi Sean Steur, “Reims”dan darvozabon Ewen Jaouen, “Monaco”dan tayanch yarim himoyachi Alhadji Bamba. To‘rtta futbolchining o‘rtacha yoshi – 19,5.

Bu qadar keskin yosharish fonida murabbiylik shtabida ham o‘zgarish tabiiy ko‘rinadi. Yangi “Newcastle” endi nafaqat maydonda, balki texnik zonada ham boshqa yuzga muhtoj.

Yangi davr eshigida: Jaissle nomzodi va kutilayotgan e’lon

Klub rahbariyati yangi bosh murabbiy bo‘yicha jarayon “yakunlanish arafasida” ekanini bildirdi. Rasmiy ism hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, asosiy nomzod sifatida 38 yoshli nemis mutaxassisi, hozirda “Al-Ahli”ni boshqarayotgan Matthias Jaissle tilga olinmoqda.

U Osiyoda allaqachon o‘z nomini mustahkamlagan: “Al-Ahli” bilan ketma-ket ikki marta “AFC Champions League”ni yutdi. Uning qo‘l ostida Ivan Toney, Edouard Mendy, shuningdek, “Newcastle” muxlislarining sevimlisi Allan Saint-Maximin va Riyad Mahrez kabi yulduzlar to‘p surdi.

Jaissle yo‘li “Red Bull Salzburg”da boshlangan. U yerda avval “FC Liefering”ni boshqargan, keyin asosiy jamoa bilan ikki marta Avstriya Bundesligasida chempionlik, Avstriya Kubogini qo‘lga kiritgan. Tajriba, yosh, agressiv futbol falsafasi – bularning barchasi “Newcastle”ning hozirgi yo‘nalishiga mos keladi.

So‘nggi o‘yin va oldinda turgan sinovlar

Howe uchun so‘nggi uchrashuv ramziy bo‘lib qoldi: 29-iyul kuni “Bristol City”ga qarshi safardagi nazorat o‘yini 1:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Natijadan ko‘ra, bu kun tarixda boshqa sabab bilan eslanadi – bir davrning yopilishi sifatida.

“Magpies”ni esa yangi mavsum oldidan yana to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi kutmoqda:

  • 8-avgust – “Valencia” (safarda)
  • 12-avgust – “Everton” (neytral maydon)
  • 15-avgust – “Bayer Leverkusen” (“St James’ Park”da)
  • 16-avgust – “Strasbourg” (yana uyda)

23-avgust, yakshanba kuni esa 2026/27 yilgi Premer-liga kampaniyasi start oladi. Birinchi xalqaro tanaffusgacha beshta tur o‘ynaladi – yangi murabbiy, yosharayotgan tarkib va baland kutilyotgan natijalar fonida bu beshta o‘yin allaqachon sinov sifatida ko‘rinib turibdi.

Howe klubni tarixiy cho‘qqilar bilan tark etmoqda. Endi savol bitta: “Newcastle” bu poydevor ustiga yanada balandroq qura oladimi yoki bu davr keyinchalik oltin standart sifatida eslanib qoladimi?