FIFA ortga chekinadi: Infantino savdo rejasini bekor qildi
FIFA ichida bir necha haftadir davom etayotgan keskin tortishuv yakuniga yetdi. Prezident Gianni Infantino shanba tongida e’lon qildi: tashkilot musobaqalarining tijoriy va operatsion boshqaruvini alohida kompaniyaga topshirish hamda uning ulushini xususiy investorlarga sotish rejasi bekor qilinadi.
Bu faqat texnik qaror emas. Bu – futbol siyosatidagi katta mag‘lubiyat va shu bilan birga, halokat yoqasidan qaytish.
Boykot tahdidi va yoriqning ochilishi
Rejaning markazida yangi tuzilma – FIFA Forward Enterprise (FFE) turardi. U erkaklar va ayollar jahon chempionatlari hamda boshqa global musobaqalarning tijoriy huquqlari va operatsion boshqaruvini qo‘lga olishi kerak edi. Eng bahsli nuqta esa – ushbu kompaniyaning 20 foiz ulushini xususiy investorlarga sotish g‘oyasi bo‘ldi.
Bu g‘oya qit’alar o‘rtasidagi taranglikni bir zumda yuzaga chiqardi. UEFA ochiqchasiga qarshi chiqdi, hatto o‘ziga qarashli terma jamoalar FIFA musobaqalarini boykot qilishini ma’lum qildi. Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlarini birlashtirgan CONCACAF ham rejani rad etdi. Osiyo futbol konfederatsiyasi esa FIFA boshqaruv tizimi va qaror qabul qilish mexanizmini “zudlik bilan ko‘rib chiqish”ni talab qildi. Janubiy Amerika konfederatsiyasi CONMEBOL esa qo‘shimcha ma’lumot va izoh so‘rab, ishonchsizlikni yashirmadi.
Uch qit’a ochiq rad javobi bergan paytda, loyiha amalda siyosiy maydonda yiqilib bo‘lgandi. Faqat rasmiy bayonot qolgan edi.
Infantino tormoz bosdi
Infantino o‘z bayonotida FIFA Forward Enterprise dastlab a’zolikdagi assotsiatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa yordamga eng ko‘p muhtoj mamlakatlarga ko‘proq resurs yo‘naltirish uchun mo‘ljallanganiini ta’kidladi. U loyihaning har doim FIFA a’zo assotsiatsiyalarining ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashi va ular, FIFA Kengashi, konfederatsiyalar hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuv sharti bilan bog‘langanini eslatdi.
So‘ng esa hal qiluvchi jumlani aytdi: turli tomonlarning fikrini tinganidan keyin loyiha “dastlab qo‘yilgan maqsadga zid bo‘ladigan darajada bo‘linish” keltirib chiqargani ayon bo‘lganini tan oldi.
“Bizning maqsadimiz har doim – va bundan keyin ham – birlashtirish va yaxshilash bo‘ladi”, dedi u. Shundan so‘ng asosiy xulosa: bu taklif endi amalga oshirilmaydi.
Bir jumla, lekin uning ostida oylar davomida yig‘ilgan bosim, ichki qarshilik va siyosiy risk yotibdi.
Ichki qarshilik va iste’folar
Reja nafaqat konfederatsiyalarni, balki FIFA ichini ham larzaga soldi. Prezidentning yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan Carlos Cordeiro bu mojaro fonida iste’foga chiqdi. Yana bir muhim figur – tashkilotning bosh operatsion direktori Kevin Lamour – Associated Press agentligiga bergan bayonotida bu tashabbusni “bitta odamning loyihasi” deb atadi.
Bunday ibora yuqorida qanday kayfiyat hukmron bo‘lganini ochiq ko‘rsatadi. Bu endi oddiy ishchi guruh g‘oyasi emas, balki Infantino shaxsi bilan bog‘langan, ichkarida ham to‘liq qabul qilinmagan strategiya bo‘lgan.
Rejaning atrofida yana bir sezilarli detal: xususiy investor sifatida asosiy nomzod sifatida Thrive Eternal ko‘rsatilgandi. Bu kompaniyani Joshua Kushner asos solgan – u AQSh sobiq prezidenti Donald Trump’ning kuyovi Jared Kushnerning ukasi. Kompaniya hozircha bu masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. Siyosiy fon va shaxslar kombinatsiyasi esa tanqidchilar uchun qo‘shimcha o‘tindek xizmat qildi.
Futbol siyosatining navbatdagi sinovi
FIFA uchun bu mojaro faqat bir loyihaning bekor qilinishi bilan tugamaydi. Osiyo konfederatsiyasining boshqaruv va qaror qabul qilish tizimini qayta ko‘rib chiqish haqidagi talabi, UEFA va CONCACAFning keskin pozitsiyasi, CONMEBOLning shubhalari – bularning barchasi markaziy hokimiyat va qit’a konfederatsiyalari o‘rtasidagi ishonch darajasi qanchalik nozik ekanini ko‘rsatdi.
Infantino endi “yaqin kun va haftalarda” barcha manfaatdor tomonlarni yana bir stol atrofida to‘plash niyatida ekanini bildirdi. Maqsad – o‘yin manfaatlari yo‘lida umumiy til topish va futbolni, ayniqsa eng ko‘p yordamga muhtoj mamlakatlarda, o‘sishda davom ettirish.
Savol esa ochiq qoladi: bu ortga chekinish FIFA ichidagi kuch muvozanatini qayta tiklaydimi yoki bu faqat keyingi katta to‘qnashuv oldidan qisqa tanaffus xolosmi?





