FIFA, pul va hokimiyat uchun jang: Jahon chempionati taqdiri
Bir haftaning o‘zida futbol olami ostin-ustin bo‘ldi. Oddiy transfer mish-mishlari emas, navbatdagi korrupsiya ishi ham emas. Gap bevosita Jahon chempionati taqdiri haqida ketmoqda.
Seshanba tushdan keyin xabar tarqaldi: Fifa butun Jahon chempionati tijoriy huquqlarini boshqaradigan alohida kompaniya tuzmoqchi, bu tuzilma ulushini esa investorlar qo‘liga sotadi. Eng hayratlisi shundaki, Fifa Kengashi a’zolarining o‘zi ham bu rejadan bexabar bo‘lgan. Hikoyani birinchi bo‘lib oshkor qilgan gazeta – The Times – emas, hatto Gianni Infantino ham, aytilishicha, bu darajada tez fosh bo‘lishini kutmagandi.
Fifa reja oshkor bo‘lib ketgach, rejani “sokinlikda pishitish” niyatidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Endi esa butun dunyo qarab turibdi.
“Jahon chempionati sotilyaptimi?”
Shu savol bir zumda futbol siyosatining markaziga aylandi. Rejaning nomi – Fifa Forward Enterprise (FFE). Mazmuni esa yanada keskinroq: Jahon chempionati va boshqa yirik turnirlar tijoriylashtirilishini chuqurlashtirish, uchinchi tomon kapitali va qarz mablag‘larini jalb qilish, “yuqori daromadli” hamkorliklar va musobaqalarni ustuvor qilish.
Bu – raqobatdagi barcha boshqa turnir tashkilotchilariga bevosita zarba. Fifa nafaqat o‘z turnirlarini kengaytirish, balki bozorga tashqi investorlarni ham olib kirish orqali o‘yin qoidalarini butkul o‘zgartirmoqchi.
Rejaning tayyorlanish uslubi ham ko‘pchilikni g‘azablantirdi: hech qanday kengash, maslahatlashuvsiz, siqilgan muddatlar bilan, deyarli yopiq eshiklar ortida. Futbol byurokratiyasi bunga o‘rganmagan, lekin bu safar zarba juda qattiq bo‘ldi.
Fifa hujumga o‘tadi
Oqimga qarshi suzish o‘rniga, Fifa o‘zi tashabbusni qo‘lga oldi. Rasmiy bayonotlarda yangi tuzilma orqali 211 a’zo assotsiatsiya uchun qo‘shimcha 10 milliard dollar mablag‘ yaratish va’da qilindi. Ishtirok, deya ta’kidlanmoqda, “ixtiyoriy”.
Investorlar guruhi boshida Joshua Kushner turishi kutilmoqda – u AQSh sobiq prezidenti Donald Trump kuyovi Jared Kushnerning ukasi. Fifa izohiga ko‘ra, bu guruh faqat “minoritar ulush” oladi va “operatsion qarorlarga aralashmaydi”.
Gianni Infantino esa Instagram sahifalarida FFE-ni “shunchaki taklif” sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. U buni “demokratik maslahatlashuv jarayoni” deb atadi va yangi tuzilma “hozirgacha ochilmagan iqtisodiy qiymatni ochib beradi”, “erkaklar, ayollar va yoshlar futbolining har bir burchagida salohiyatni ishga soladi”, deya turib oldi. Muddatlar, rejalarga tuzatish kiritish? Yo‘q. Orqaga qadam yo‘qdek ko‘rinmoqda.
Qarshilik fronti kengaymoqda
Ammo bu safar Fifa tanqidchilari odatdagidan ancha keskin javob qaytardi. So‘nggi yillarda Jahon chempionati chiptalari narxi, Fifa Tinchlik mukofoti yoki uning Donald Trump’ga berilishi kabi mojarolar ham bunday ochiq qarshilik tug‘dirmagandi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Andy Burnham va Angliya futbol assotsiatsiyasi FFEga qarshi chiqdi. Uefa esa – Yevropa futbolining bosh tashkiloti – 55 a’zo assotsiatsiyani shoshilinch yig‘ilishga chaqirdi. Natija keskin bo‘ldi: barcha a’zolar bir ovozdan qaror qildi – FFE amalga oshsa, barcha Fifa musobaqalarini boykot qilish.
Uefa bayonoti ohangidan hammasi ayon edi: “Tashqi investorlar Fifa musobaqalarida egalik ulushiga ega bo‘lgan zahoti futbol abadiy o‘zgaradi. Tijoriy daromad doimiy majburiyatga aylanadi. Investorlarning kutishi kundalik bosimga aylanadi. Futbol kelajagini shakllantiradigan har bir qaror endi o‘yinning o‘z manfaatidan emas, aksiyadorlar foydasidan kelib chiqib qabul qilinadi”.
Ertasi kuni tongda Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) va Shimoliy hamda Markaziy Amerikani qamrab oluvchi Concacaf ham Fifa rejasini keskin tanqid qildi. Ular boykot e’lon qilish darajasiga bormadi, ammo AFC Fifa’ni “boshqaruv va qaror qabul qilish mexanizmini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga” chaqirdi.
Fifa orqaga chekinmayapti
Bunday bosim ostida ko‘pchilik Fifa orqaga qaytishini kutdi. Aksincha bo‘ldi. Tashkilot rejalardan “chekinmasligini” bildirdi va bo‘layotgan mojaroda aybni ommaviy axborot vositalari zimmasiga yuklashga urindi.
“Biz ommaviy tarzda bildirilgan fikr va xavotirlarga hurmat bilan qaraymiz va ochiq, demokratik maslahatlashuvga sodiqligimizni tasdiqlaymiz”, deyiladi Fifa bayonotida. “Rejalashtirilgan maslahatlashuv jarayoni noto‘g‘ri media xabarlari bilan buzildi. Har bir a’zo assotsiatsiya faktlarga asoslangan holda ovoz berish imkoniga ega bo‘lishi uchun bu jarayonni davom ettiramiz”.
Ammo bu “maslahatlashuv” aslida qanday kechishi endi katta savol. Chunki Fifa bayonotidan ko‘p o‘tmay, Infantinoning eng yaqin hamkorlaridan biri, sobiq Goldman Sachs bankiri Carlos Cordeiro lavozimidan iste’fo berdi. U buni bitimga nisbatan “mutlaqo” qarshi ekani bilan izohladi.
Yana bir hujjat sizib chiqdi: Fifa 30 iyul kuni erkaklar Jahon chempionatini 2030 yildan boshlab 64 jamoaga kengaytirish bo‘yicha tezlashtirilgan tadqiqot buyurtma qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu aynan JP Morgan taqdimotidagi asosiy maqsadlardan biriga mos keladi. Andy Burnham esa tanqidni yanada kuchaytirib, Infantinoni “Fifa’ni boshqarish uchun noto‘g‘ri odam” deb atadi.
Infantino uchun eng xavfli davr
Sepp Blatter qulagan 2015 yildan beri Gianni Infantino bunchalik bosim ostida qolmagandi. Yevropaning boykoti, boshqa konfederatsiyalarning ochiq noroziligi, ichkaridan kelayotgan iste’folar – bularning bari prezident kreslosini qaltiratmoqda.
Shunga qaramay, Infantino o‘z kartasini ochiq o‘ynayapti: agar 106 ta a’zo mamlakatdan qiziqish xati olsa, FFE baribir ishga tushiriladi, degan pozitsiyada turibdi. Orqaga chekinish kayfiyati sezilmaydi.
Kuzatuvchilar ikki yo‘lni ko‘ryapti: kimdir uni yangi tuzilmaning bosh ijrochi direktori lavozimiga o‘tishni ko‘zlayapti, deya taxmin qilsa, boshqalar bu jarayonni uning Donald Trump bilan yillar davomida davom etgan yaqin aloqalarining mantiqiy davomi sifatida ko‘rmoqda. Har holda, agar u FFE’ni o‘tkaza olsa, global futbol mutlaqo yangi hududga kirib boradi – va qarshilar yanada keskin choralarni o‘ylashga majbur bo‘ladi.
Eng katta zarba – ayollar futboliga
Erkaklar Jahon chempionati yakunlanganiga atigi ikki hafta bo‘ldi. Endi navbat ayollar futboliga, degan edi ko‘pchilik. Braziliyada o‘tadigan Ayollar Jahon chempionati keyingi 18 oy ichidagi asosiy voqea bo‘lishi kerak edi.
Ammo Yevropa boykoti soyasi bu turnir ustiga ham tushmoqda. Oddiy sharoitda 32 jamoaning 11 tasi Yevropadan bo‘ladi. Agar Uefa va’da qilgan boykotini ayollar futboliga ham tatbiq etsa, turnir tarkibi tubdan o‘zgaradi, hatto o‘tkazilishi ham savol ostida qolishi mumkin.
Bundan oldinroq sinovlar ham bor: bu kuzda ayollar U-17 va U-20 Jahon chempionatlari rejalashtirilgan. Demak, erkaklar futboli uchun olib borilayotgan siyosiy kurashning birinchi va eng og‘ir zarbasi aynan ayollar futboliga tegishi ehtimoli katta.
JP Morgan taqdimotida ayollar futboli atigi bir marta tilga olingani ham ko‘p narsani anglatadi. Savol ochiq qolmoqda: futbol kelajagini kim belgilaydi – o‘yin uchun yashaydiganlar, yoki balans hisobotiga tikilib qolganlar?






