FIFA rejasiga qarshi osiyolik zarba: Sheikh Salman tanqid qildi
Jahon futbolining eng yirik siyosiy janglaridan biri parda ortida emas, endi ochiq sahnada kechyapti. Markazda esa – FIFA’ning Jahon chempionati va boshqa musobaqalariga xususiy investorlarni kiritish rejasi.
Bu safar Osiyo jim qolmadi.
“Mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”
Asian Football Confederation (AFC) prezidenti, Bahraynlik Sheikh Salman bin Ebrahim Al-Khalifa FIFA’ni keskin tanqid ostiga oldi. U FIFA Jahon chempionati tijoriy huquqlarini boshqarish uchun 17,5 milliard yevrolik alohida tijoriy sho‘’ba tuzish rejasini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” qadam deb atadi.
Sheikh Salman bu so‘zlarni payshanba kuni AFC tarkibidagi 47ta milliy assotsiatsiyaga yuborgan maktubida yozdi. Maktub nusxasi Reuters qo‘liga tushgan.
Uning asosiy e’tirozi – FIFA bu masalada osiyolik hamkorlarini umuman suhbatga chorlamagani.
“AFC katta xavotir va hafsalasi pir bo‘lgan holda qayd etadiki, bu taklif jamoatchilikka e’lon qilinishidan oldin FIFA tomonidan hech bir darajada maslahatlashuv o‘tkazilmadi”, – deya yozadi Sheikh Salman. U na boshqaruv, na moliyaviy, na huquqiy jihatdan batafsil tahlil taqdim etilmaganini, bu esa “mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” holat ekanini urg‘uladi.
Uning fikricha, bu yondashuv futbolning qit’alar bo‘yicha qurilgan butun tuzilmasiga zarba berishi mumkin. “FIFA’ning bir tomonlama harakatlari birdamlik, hamkorlik va shaffoflikka asoslangan qit’a futboli poydevorini yemira boshlagani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda”, – deydi u.
Osiyo – FIFA piramidasining yirik ustuni
Kuala-Lumpurda joylashgan AFC – FIFA tarkibidagi olti konfederatsiyadan biri. U Osiyo, Yaqin Sharq va Avstraliyani qamrab olgan ulkan hududda terma jamoalar va klublar musobaqalarini boshqaradi. Bu mintaqa faqat geografiya emas, siyosiy og‘irlik ham demak.
Shu bois Sheikh Salman aniq pozitsiyani bildirdi: bu loyiha konfederatsiyalarsiz ishlamaydi. U FIFA prezidenti Gianni Infantino taklifini “tegishli huquqiy va boshqaruv kanallari orqali batafsil o‘rganish va muhokama qilish”ni talab qildi.
Yana bir keskin nuqta – vaqt bosimi. Infantino haftaning boshida 211ta assotsiatsiyaga yuborgan xatida, agar ular 19-sentabrgacha reja bo‘yicha rozilik bildirishsa, har biriga 35,12 million yevrodan ajratilishini ma’lum qilgan.
AFC rahbari bu jadvalni ham qattiq tanqid qildi: “Bunday darajadagi taklifni ko‘rib chiqish uchun ajratilgan muddat nihoyatda qisqa. Bunday qarorlar hech qachon shoshma-shosharlik bilan qabul qilinmasligi kerak”.
Sheikh Salman a’zolaridan shoshilmaslikni so‘radi. U barcha milliy assotsiatsiyalarga qaror qabul qilishdan oldin AFC’ning FIFA bilan muzokaralari va ichki tahlillari yakunlanishini kutishni tavsiya qildi.
Shu bilan birga u bir eslatmani ham unutirmadi: AFC “futbol manfaatlarini ilgari surish va o‘yin o‘sishini ishonch, shaffoflik va birlik poydevorida ta’minlash” uchun barcha tomonlar bilan konstruktiv ishlashga sodiq ekanini qayd etdi.
FIFA esa hozircha bu maktubga javob bermadi.
Ligalar ham qo‘zg‘aldi: WLA sahnaga chiqdi
Bu mojaro faqat konfederatsiyalar darajasida qolmadi. Klub futbolining eng qudratli ovozlaridan biri ham sahnaga chiqdi.
World Leagues Association (WLA) – uning raisi Premier League bosh ijrochi direktori Richard Masters – payshanba tongida keskin bayonot e’lon qildi. Ular ham xuddi shunday shikoyat bilan chiqishdi: maslahatlashuv bo‘lmagan.
“Biror maslahatlashuvsiz, FIFA shu hafta boshida o‘z musobaqalarini boshqarish va xususiy investorlar uchun ulush sotish maqsadida tijoriy sho‘’ba tuzish loyihasini e’lon qildi”, – deya boshlanadi WLA bayonoti.
Ligalar asosiy dalilni aniq qo‘ydi: Jahon chempionati qiymati – butun futbol piramidasi mehnatining mahsuli. Milliy terma jamoalar futboli – klublar o‘z futbolchilarini bo‘shatib berishi evaziga quriladi.
Statistika bir og‘izda: dunyodagi professional futbolchilarning atigi 1 foizi FIFA World Cup’da maydonga tushadi. Qolgan 130 mingga yaqin futbolchi va ularning klublari esa shu paytda o‘z milliy chempionatlarini to‘xtatib turadi. Demak, risk ham, qurbonlik ham umumiy, foyda esa hozircha FIFA qo‘lida.
Shu nuqtada WLA FIFA’ni faqat o‘z tijoriy muvaffaqiyati bilan cheklanmaslikka chaqirdi. Ularning fikricha, dunyo futbolining bosh organi sifatida FIFA milliy, qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalar o‘rtasidagi muvozanatni himoya qilishi, o‘yin manfaatlarini global darajada o‘ylashi shart.
WLA ayniqsa FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasini alohida tilga oldi. Ular bu tashabbus FIFA’ning ikki roli – dunyo futboli regulyatori va yirik xalqaro musobaqalar tijoriy tashkilotchisi – o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvini yanada yaqqol ko‘rsatib qo‘yayotganini ta’kidlaydi.
Natija? WLA FIFA’dan loyihani qaytarib olishni so‘radi va qarorlar qabul qilish tartibini tubdan o‘zgartirish zarurligini ochiq aytdi. Ularning talabi – butun futbol piramidasiga ta’sir qiladigan har qanday qaror shaffof va barcha manfaatdor tomonlar ishtirokidagi jarayon orqali qabul qilinishi kerak.
Bu bayonotga WLA kengashi bir ovozdan rozilik bergan. Unda Yevropaning “Big Five” ligalari, shuningdek Major League Soccer va Saudi Pro League ham bor. Ya’ni, bu faqat Yevropa noroziligi emas, global ligalar fronti.
Kimning futboli, kimning puli?
Irlandiya Futbol assotsiatsiyasi hozircha sukut saqlayapti. FIFA ham og‘iz ochgani yo‘q. Ammo AFC va WLA allaqachon pozitsiyasini aniq ko‘rsatdi: bu safar ular tomoshabin bo‘lib qolmaydi.
Masala bitta savolda jamlanib qolmoqda: Jahon chempionati va terma jamoalar futboli qiymati kimga tegishli – faqat FIFA kassasigami yoki butun futbol piramidasini ko‘tarib turgan klublar, ligalar va konfederatsiyalargami?
Javob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu bahs endi futbol maydonidan ancha uzoqda, lekin o‘yin kelajagini belgilaydigan maydonda davom etadi.






