Filadelfiyada jang: Makhachev va Garry to‘qnashuvi
Xfinity Mobile Arena shanba oqshomida odatiy UFC kechasidan ko‘proq narsani va’da qilmoqda. Bu safar oktagon markazida faqat kamar emas, meros masalasi ham turibdi.
Asosiy voqea – Islam Makhachev va Ian Machado Garry to‘qnashuvi. Makhachev UFC tarixidagi eng qisqa ro‘yxatlardan biriga kirishga urinmoqda: ikki xil vazn toifasida chempionlik kamarini himoya qilgan kam sonli jangchilar safiga. Engil vazn tojini allaqachon o‘ziga bo‘ysundirgan dag‘istonlik endi yarim o‘rta vazn taxtiga ham da’vo qilmoqda.
Uning seriyasi dahshatli: ketma-ket 16 g‘alaba. Bu raqam faqat statistika emas, raqiblar uchun ogohlantirish. Makhachev har jangda raqibini sindirish yo‘lini topib kelmoqda – parterda bo‘ladimi, stoykada bo‘ladimi, farqi yo‘q.
Unga qarshi burchakda esa Ian Machado Garry. Irlandiyalik uchun bu jang – karerasidagi eng katta sinov, eng baland sahna. UFC’dagi natijasi 10-1, bu ham yengil raqam emas. U o‘zini yangi avlod yulduzi sifatida ko‘rsatib bo‘ldi, lekin endi haqiqiy elita bilan imtihon vaqti keldi. Makhachev kamarini yarim o‘rta vaznda himoya qilishga chiqqan paytda, Garry uchun bu imkoniyatni boy berish – deyarli orqaga yo‘l yo‘q degani.
Dern uchun birinchi himoya, Robertson uchun oltinchi qadam
Kechaning qo‘shma asosiy jangida UFC somkali vazn chempioni Mackenzie Dern ilk bor o‘z kamarini himoya qiladi. Raqib – Gillian Robertson, hozirda besh janglik g‘alabalar seriyasida ketayotgan, parterda xavfli bo‘lgan jangchi.
Dern ham yaxshi holatda: ketma-ket uchta g‘alaba, nihoyat chempionlik kamariga ega bo‘ldi va endi bu maqomni saqlab qolish qanday bosim ekanini his qiladi. Bu jang faqat texnik kurash emas, psixologik sinov ham bo‘ladi. Chempionlik bosimi bir tomonda, uzoqdan kelayotgan, to‘xtamay yuksalayotgan da’vogar bosimi esa ikkinchi tomonda.
Somkali vazn toifasida ko‘pincha temp yuqori, xatolar esa qimmatga tushadi. Aynan shunday kechada bir lahzalik beparvolik kamar narxiga teng bo‘lishi mumkin.
Asosiy karta: zarba, tezlik va xavf
Paramount+ orqali soat 21:00 (ET) da boshlanadigan asosiy karta yuqori temp va turli uslublar to‘qnashuvini va’da qilmoqda:
- Islam Makhachev vs. Ian Machado Garry – yarim o‘rta vazn chempionlik jangi
- Mackenzie Dern vs. Gillian Robertson – somkali vazn chempionlik jangi
- Jalin Turner vs. Kaue Fernandes
- Mansur Abdul-Malik vs. Dustin Stoltzfus
- Edson Barboza vs. Esteban Ribovics
Jalin Turner va Kaue Fernandes o‘rtasidagi jang engil vaznda kimning tezligi va masofani boshqarishi kuchli ekanini ko‘rsatadi. Turner o‘zining uzun qo‘l-oyoqlari bilan xavfli, Fernandes esa bunday ustunlikni yo‘qqa chiqarish yo‘lini topishi kerak bo‘ladi.
Mansur Abdul-Malik va Dustin Stoltzfus qarama-qarshiligi esa ko‘proq kurash va bosim atrofida aylanadi. Kim oktagon markazini egallab, raqibni ortga sura olsa, o‘sha ustunlikni qo‘lga kiritadi.
Edson Barboza esa hali ham UFC sahnasida tomosha qilish uchun eng yoqimli strikerlardan biri. Uning zarbalari, ayniqsa, pastki tepishlari raqib tanasiga urilgan zahoti arenada ovoz bilan eshitiladi. Esteban Ribovics uchun bu jang – o‘zini katta sahnada isbotlash uchun imkoniyat, lekin bunday tajribali va xavfli raqibga qarshi xato qilishga joy yo‘q.
Oldingi janglar: tajriba, qaytish va imkoniyatlar
Soat 19:00 (ET) da boshlanadigan oldingi karta ham bo‘sh emas:
- Chidi Njokuani vs. Joel Alvarez
- Charles Johnson vs. Eduardo Chapolin — 130 funtlik maxsus vazn toifasi jangi
- Donte Johnson vs. Eric McConico
- Vicente Luque vs. Tresean Gore
Chidi Njokuani va Joel Alvarez jangida stoykadagi jang ustun bo‘lishi kutiladi. Ikkalasi ham zarbada o‘zini qulay his qiladi, demak, bu yerda hakamlar emas, kimning iyagi va mudofaasi kuchliroq ekani hal qilishi mumkin.
Charles Johnson va Eduardo Chapolin o‘rtasidagi 130 funtlik maxsus vazn jangida esa vazn toifasi biroz o‘zgargani fonida tezlik va chidamlilik asosiy omil bo‘ladi. Bunday “catchweight” janglar ko‘pincha kutilmagan ssenariylarni olib keladi – jangchilar odatdagi keskin vazn tashlash bosimisiz oktagonga kiradi.
Vicente Luque va Tresean Gore to‘qnashuvi esa alohida e’tiborga loyiq. Luque UFC’dagi eng ko‘ngilochar jangchilardan biri, bosim va finiшga intilish uning vizit kartasi. Gore uchun esa bu jang – o‘z nomini yuqoriroq qatorda ko‘rsatish uchun katta imkoniyat.
Erta oldingi janglar: tajribali Magny va och jangchilar
Paramount+ efiri soat 17:30 (ET) da erta oldingi janglar bilan boshlanadi:
- Rafael Tobias vs. Lucas Fernando
- Neil Magny vs. Ramiz Brahimaj
- Myktybek Orolbai vs. Jeremiah Wells
Bu yerda eng ko‘zga tashlanadigan ism – Neil Magny. U UFC tarixidagi eng tajribali yarim o‘rta vazn jangchilaridan biri, ko‘plab yangi avlod nomzodlari aynan undan o‘tib, reyting pog‘onalarini zabt etishga harakat qilgan. Endi uning qarshisida Ramiz Brahimaj – och, o‘zini ko‘rsatishga tayyor jangchi. Magny uchun bu – yana bir sinov, Brahimaj uchun esa sakrash taxtachasi.
Myktybek Orolbai va Jeremiah Wells jangida esa kuchli fizika va agressiv uslub to‘qnashadi. Bunday juftliklarda ko‘pincha ilk daqiqalardanoq portlash bo‘ladi – kim birinchi bo‘lib ritmni topa olsa, o‘sha jangni o‘z yo‘liga buradi.
Filadelfiya kechasi shunchaki navbatdagi turnir emas. Bu karta – chempionlik merosi, yangi nomlar, qaytishlar va xavfli imkoniyatlar aralashmasi. Savol bitta: bu oqshomdan keyin UFC sahnasida qaysi ism bosh qahramon sifatida tilga olinadi?






