Fury va Joshua: Og‘ir vazn jangida kim kuchliroq?
Og‘ir vazn toifasidagi eng kutilgan britaniyalik to‘qnashuv — Tyson Fury va Anthony Joshua jangi — nihoyat real manzilga yaqinlashdi. Ikkisi ham o‘z “razminka” janglarini yutdi, lekin yo‘l silliq bo‘lmadi: ikkala kecha ham dramatik burilishlarga to‘la bo‘ldi.
Pattayadagi sokin bo‘ron: Fury o‘z ishini qildi
Tyson Fury juma kuni Pattayada ringga birinchi bo‘lib ko‘tarildi va 46 yoshli Mariusz Wachni yettinchi raundda to‘xtatdi. Uslubiy ustunlik, tajriba, ringni his qilish — hammasi o‘z o‘rnida edi. Fury uchun bu jangdan asosiy maqsad: zarba ritmini topish, bosim ostida bo‘lmagan holda o‘zini qayta his qilish va Joshua bilan superjang arafasida “changni artib qo‘yish”.
U buni uddaladi. Albatta, bu yerda katta sir yo‘q edi: Fury nazoratda, Wach esa yosh emas, eng yuqori darajadan ancha uzoqda. Lekin bu natija qog‘ozda emas, muzokaralarda kerak — u yutdi, demak, yo‘l ochiq.
Kutilgan ssenariy shunday edi: Fury to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tailanddan Saudiya Arabistoniga uchib boradi, Joshua g‘alaba qozonadi va ikkalasi ringda yuzma-yuz keladi. Shou, suratlar, sahnadagi ilk qarama-qarshilik.
Bu sodir bo‘lmadi.
Fury Wachni yenggach, Jeddaga uchmasligini qat’iy aytdi va gapida turdi. Shuncha mish-mishlarga qaramay, arenaga kelmadi. Hatto jurnalistlar bir muddat Fury arenaga yetib keldi deb o‘ylashdi — tashqarida mashinadan tushgan o‘xshash inson hammani chalg‘itdi, xolos. Asl Fury esa Tailanddan qimirlamadi.
Shunday bo‘lsa-da, ringdan tashqaridagi eng muhim zarba boshqacha yangradi.
Jeddadagi chaqmoq: Joshua yiqildi, turdi va bayonot berdi
Anthony Joshua uchun kecha butunlay boshqa ohangda boshlandi. Raqib — ko‘pchilikka noma’lum albaniyalik Kristian Prenga. Qaytish jangi, ishonchni tiklash, xavfsizroq sinov bo‘lishi kerak edi.
20 soniya o‘tib u yerga quladi.
Birinchi zarba, birinchi nokdaun. Joshua og‘ir vaznda ilk jiddiy sinovini o‘tayotgan raqibga qarshi ringda titrab ketdi. Raund tugamasidan yana yiqildi. Bu paytda arenadagi kayfiyat keskin o‘zgardi: “oson qaytish” emas, balki karyera burilishiga aylanishi mumkin bo‘lgan kecha ko‘z o‘ngida shakllanayotgan edi.
Shu bosim, shu charchoq, shu ruhiy yuk ostida Joshua ikkinchi raundga chiqdi va butun voqeani ag‘darib tashladi. Zarbalari aniqlasha boshladi, oyoqlari yengillashdi, Prenga esa ilk bor bu darajadagi ringda bo‘layotganini his qildi. Joshua zarbalar seriyasidan so‘ng raqibini to‘xtatdi va dramatik tarzda jangni yakunladi.
Bu faqat sportiy burilish emasdi.
Joshua ilk bor Nigeriyada sodir bo‘lgan, yaqin do‘stlari Sina Ghami va Latif “Latz” Ayodele hayotini olgan avtohalokatdan keyin ringga qaytdi. Jangdan keyingi intervyusida so‘z topishga qiynalgani, ovozi titragani, ko‘zidagi og‘irlik — bu g‘alaba oddiy statistika emasligini ochiq ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, savollar ham ko‘paydi. 2023 yil oxiridan buyon Joshua Otto Wallin, sobiq UFC chempioni Francis Ngannou, YouTube’dan boksga o‘tgan Paul va endi Prengani yengdi. Eng yuqori darajadagi so‘nggi raqibi Daniel Dubois bo‘lib, o‘sha jangda Joshua og‘ir nokautga uchradi. Bu fon, Prenga qarshisidagi ikki bor yiqilishi bilan birga, uning zaif nuqtalarini yana bir bor yodga soldi.
Kontraktlar imzolangan, lekin sahna hali tanlanmagan
Eng muhim jihat: Fury ham, Joshua ham g‘alaba bilan ringdan tushdi. Eng katta savol — endi nima bo‘ladi?
Joshua promouteri Eddie Hearnning javobi aniq:
“Hammasi bitgan. Uch oycha oldin huquqiy kuchga ega kontrakt imzolaganmiz”, — dedi Matchroom rahbari.
Demak, Fury – Joshua jangi qog‘ozda bor. Taxminlarga ko‘ra, har bir bokschi taxminan 100 million dollar atrofida gonorar oladi. Bunday pul uchun muzokaralardagi har bir detal muhim.
Netflix jangni dunyo bo‘ylab 325 milliondan ortiq obunachiga ko‘rsatishi kutilmoqda. Ammo asosiy jumboq hamon o‘sha: qachon va qayerda?
Variantlar stol ustida. Noyabr oyida New Yorkdagi Madison Square Garden — kuchli nomzodlardan biri. Saudiya tashkilotchilari Amerika bozorini maksimal darajada jalb qilishni istaydi. Bu arena, bu shahar, bu vaqt — hammasi AQSh tomoshabiniga mos keladi.
Britaniyalik muxlislar esa boshqacha o‘ylaydi. Ular bu jangni Birlashgan Qirollikda, aniqrog‘i Wembley Stadiumda ko‘rishni istaydi. Bu tabiiy: ikki britaniyalik og‘ir vazn yulduzining to‘qnashuvi, o‘z yurti, o‘z sahnasi.
Saudiya boks boshqaruvchisi Turki Alalshikh avvalroq jang Britaniyada o‘tkazilsa, AQSh teleauditoriyasini hisobga olib, tong oldi soatlarida boshlanishi kerakligini aytgan. Bu tajriba bor: 2005 yilda Manchesterda Ricky Hatton – Kostya Tszyu jangi taxminan soat 02:00 BST da start olgan, Joe Calzaghe’ning Jeff Lacy va Mikkel Kessler ustidan g‘alabalari ham tungi vaqtda bo‘lib o‘tgan.
Muammo — Wembley Stadiumdagi 23:00 lik “komendantskiy soat”. London meri Sadiq Khan va Brent Kengashi bunday yirik sport tadbiri uchun cheklovni cho‘zish bo‘yicha suhbatga tayyorligini bildirgan. Ammo juma kuni merga yaqin manbalar BBC Sport’ga aytishicha, hozircha hech kim rasmiy ravishda murojaat qilmagan.
Shu orada Joshua va Fury Turki Alalshikh bilan alohida kontrakt imzolagan. Moliyalashtirish tomoni Saudiya qo‘lida, lekin Hearn o‘z pozitsiyasini ochiq aytadi: ular bu jangni Britaniyada bo‘lishi kerak deb biladi.
“Biz bu jangning Birlashgan Qirollikda o‘tkazilishini qat’iy talab qildik, — deydi Hearn. — AJ ba’zan yarashtiruvchi bo‘lishni xohlashi mumkin, lekin u menga shunday dedi: ‘Men jangni Birlashgan Qirollikda xohlayman. Bu britan jangi’. Men bunga to‘liq qo‘shilaman”.
Joshua ham ringdan so‘ng fikrini yashirmadi. U Wembley nomini alohida tilga oldi va Londonning boshqa arenalarini hurmat bilan chetga surdi.
“Men buni Tottenham [Hotspur Stadium] yoki [Cardiff] Principality Stadiumda bo‘lishini kutmasdim, albatta, hurmat bilan, — dedi u. — Tarix haqida o‘ylaganingizda, Wembley ko‘z oldingizga keladi”.
Saudiya tomoni jangni AQShda o‘tkazishga qaror qilsa, Hearnning so‘zlariga ko‘ra, Joshua kontrakti qayta kelishilishi kerak bo‘ladi. Demak, jangning o‘zi bo‘yicha kelishuv bor, ammo sahna va vaqt bo‘yicha kurash endi boshlanmoqda.
Kim yaxshiroq emas, kim kamroq qulagan?
So‘nggi yillarda ikkala yulduz ham yengilmas obrazidan ancha uzoqlashdi. Fury Wachni yengishdan oldin aprel oyida Arslanbek Makhmudov ustidan ochkolar hisobiga g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, undan oldin ketma-ket ikki bor Oleksandr Usykka yutqazib, chempionlik kamarlaridan ayrildi. 2023 yilda Francis Ngannouga qarshi jangda ham split-decision bilan g‘alaba qozongan, lekin o‘sha kechada MMA yulduzi uni nokdaunga tushirgandi.
Joshua esa Duboisdan olgan nokaut, Prengaga qarshi ikki bor yiqilishi, nisbatan “yumshoqroq” raqiblar fonida g‘alabalar bilan ringda o‘zini qayta yig‘ishga urinmoqda. U hanuz tabiiy zarba kuchiga ega, lekin mudofaa va barqarorlik masalasi ochiq qolmoqda.
Shu nuqtada savol o‘zgaradi. Gap endi kim eng yaxshi og‘ir vazn bokschisi ekani haqida emas. Savol boshqacha: kim kamroq tanazzulga uchradi? Kim katta sahnada yana bir bor o‘zini majburlab, ruhiy va jismoniy chegarasidan o‘tib, hal qiluvchi kechada o‘z nomini himoya qila oladi?
Ko‘pchilik Fury’ni favorit sifatida ko‘radi — uning harakatchanligi, ringdagi fikrlashi, uslubini jang davomida o‘zgartira olish qobiliyati bunga asos beradi. Joshua esa hali ham bir zarbada hammasini o‘zgartira oladigan kuchga ega.
Kontraktlar imzolangan, pul stolda, dunyo tomosha qilishga tayyor. Endi faqat bitta savol qoladi: bu tarixiy britan jangi qaysi shahar osmonida tong otayotgan paytda gong sadolaydi?






