Gonkong futbolidagi mojaro: 19 kishi hibsga olindi
Gonkong futboli navbatdagi katta zarbani qabul qildi. Mahalliy maydonlarda bo‘layotgan o‘yinlar ortida yashirin savdolar, kelishilgan hisoblar va noqonuniy pul oqimlari yurgani fosh bo‘ldi.
Mustaqil Korrupsiyaga qarshi komissiya – Independent Commission Against Corruption (ICAC) – va politsiya qo‘shma reyd o‘tkazib, jami 19 kishini hibsga oldi. Ular orasida amaldagi futbolchilar ham, murabbiylar ham bor. Eng og‘ir ayblov esa 24 yoshli futbolchiga qo‘yildi: u ham o‘yin natijasini sotishda, ham noqonuniy garov pullarini aylantirishda gumon qilinmoqda.
Ichkaridan boshqarilgan tizim
ICAC bosh tergovchisi Bill Ng Siu-kei ma’lum qilishicha, tergovchilar futbol ichidan chiqqan mahalliy guruhni parchalashga muvaffaq bo‘lgan. Gap tashqaridan kelgan firibgarlar haqida emas, tizimning o‘zida o‘rnashib olgan shaxslar haqida ketmoqda.
Uning aytishicha, kamida beshta klubga aloqador shaxslar surishtiruv doirasiga tushgan. O‘yinchilar tarmog‘i, murabbiylar ishonchi, ichki ma’lumotlar – hammasi pul uchun ishga solingan. Garovlar qabul qilingan, natijalar esa “kerakli tomonga” og‘dirilgan.
Ng ochiq aytdi: ular mahalliy futbol sektori bilan bog‘liq odamlardan garovlarni yig‘ish uchun foydalangan, futbolchilarning o‘zini esa o‘yinlarni buzish, hisobni kelishib olish orqali daromad topish sxemasiga tortgan.
Raqamlar ortidagi manzara
Qo‘shma operatsiya seshanba kuni boshlangan. Bir necha kun ichida sxemaning asosiy bo‘g‘inlari aniqlanib, hibslar amalga oshirildi.
Tergov ma’lumotiga ko‘ra:
- 9 kishi – o‘yin sotishda gumon qilinmoqda;
- 11 kishi – noqonuniy garov qabul qilish va tikishda;
- ulardan biri, 24 yoshli futbolchi – ikkala jinoyat bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ayblanmoqda.
Guruh nafaqat mahalliy chempionat o‘yinlariga, balki xorijdagi uchrashuvlarga ham noqonuniy garov tikkani aniqlangan. Hatto davom etayotgan Fifa World Cup uchrashuvlari ham bu sxema uchun “maydon” bo‘lib xizmat qilgan. Professional ligalar, havaskor turnirlar – pul yurgan joyda chegaraga qaralmagan.
Yangi ish – eski izlar
Bu ish havodan paydo bo‘lmadi. Ng’ning so‘zlariga ko‘ra, ICAC boshqa bir mahalliy kelishilgan o‘yin bo‘yicha surishtiruv olib borar ekan, shu jarayonda yangi, yanada kengroq tarmoq iziga tushgan. Bir ip uchidan tortilgach, butun tugun yechila boshladi.
Bu esa Gonkong futboli uchun xavotirli signal. Bir necha klub atrofida aylanayotgan gumonlar, o‘yinchilarning o‘zi ishtirok etayotgan sxemalar, xalqaro turnirlargacha cho‘zilgan noqonuniy garovlar – bularning bari ishonchni yemiradi.
Endi savol bitta: bu reydlar futbolni tozalash uchun burilish nuqtasiga aylanadimi yoki bu faqat muz tog‘ining ko‘rinib turgan uchi xolosmi?






