Guenther Steiner: F1’ga qaytish imkoniyatlari
Guenther Steiner Formula 1 sahnasidan ketganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin uning ismi paddokda hanuz aylanyapti. Sobiq Haas jamoasi rahbari o‘zi uchun eshikni batamom yopgani yo‘q – lekin qaytish sharti aniq: bu oddiy ish o‘rni emas, haqiqiy loyiha bo‘lishi kerak.
“Oddiy ish meni qiziqtirmaydi”
Yillar davomida Steinerning yo‘li F1 ichida turli rollar orqali o‘tgan. U 2001–2003 yillarda Jaguar Racing’da Managing Director bo‘lib ishlagan, keyin 2005–2006 yillarda Red Bull Racing’da Technical Operations Director sifatida paddokdagi og‘ir vazifalarni zimmasiga olgan.
Eng katta sahna esa – Haas. Amerikaning yangi jamoasini 2014 yildagi tashkil topishidan boshlab 2023 yil oxirigacha boshqarib, Steiner uni noldan barpo etgan markaziy figuraga aylandi. Aynan “noldan qurish” unga yoqadigan ish turi ekani bugun yanada ravshan.
U “Up to Speed” podkastida shunday deydi, mazmuni shuki: u F1’ga qaytishi mumkin, lekin faqat o‘zi yoqtirgan loyiha uchun. Shunchaki yana bir lavozim egallash – uning uchun maqsad emas. So‘nggi 10–20 yillik faoliyati ham aynan shuni ko‘rsatadi: Steiner ish joyi ortidan quvmadi, u loyihalar ortidan bordi.
Uning ta’kidlashicha, odatdagi, qat’iy chizilgan rolda ishlash unga kerak bo‘lgan hayajonni bermaydi. U uchun ish – bu adrenalin, bosim, qarorlar, yo‘nalish belgilash. Shunchaki “kel, o‘tir, bajar” tipidagi lavozim emas.
Shuning uchun ham u aniq aytadi: uni qaytaradigan yagona narsa – o‘zi shakllantira oladigan, o‘zi yo‘nalish beradigan loyiha. Uning nazarida “project” – bu erkinlik, mas’uliyat va o‘z izini qoldirish imkoniyati. Lavozim nomi esa? Unga ahamiyatsiz. U o‘zi aytganidek, “job title” bilan yashamaydi, unvonlar ortidan quvmaydi. Muhimi – chaqiriq darajasi.
Bugun u allaqachon boshqa yo‘nalishda yangi sahifa ochgan: 2026 yildan Tech3 MotoGP jamoasida CEO va hamkor egasi sifatida ishlashga bel bog‘lagan. Demak, motorsport olamida Steiner uchun yangi jang maydoni allaqachon topilgan. F1 esa – agar to‘g‘ri taklif bo‘lsa, yana qaytishi mumkin bo‘lgan sahna.
2026 finali va Yevropa xavfi: ob-havo, pul va kalendar bosimi
Steiner bugungi F1 kun tartibidagi yana bir muhim masalani ham tilga oldi: 2026 yilgi mavsum finalini Yevropaga ko‘chirish g‘oyasi. U “Red Flags” podkastida bu boradagi shubhasini yashirmadi.
Asosiy muammo – ob-havo. Mavsum yakunlari noyabr yoki dekabrga surilgan bir paytda, Yevropa trassalarini ko‘z oldingizga keltiring: sovuq, yomg‘ir, ba’zan hatto qor xavfi. Steiner fikricha, bu qadar kech sanalarda Yevropada final o‘tkazish katta “risk”.
Gap faqat sport tomoni haqida emas. Moliyaviy tomoni ham bor. F1 kalendaridan bir poyga tushib qolsa, uni shunchaki istalgan boshqa trassa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Yangi bosqich nafaqat tomoshabin va teleauditoriyani tortishi, balki jamoalar va promouterlar uchun ham iqtisodiy ma’noga ega bo‘lishi kerak.
Steinerning fikricha, variantlar cheklangan. U Malayziya qaytishini F1 uchun ma’lum darajada “sug‘urta” sifatida ko‘radi: kalendarda 20 dan ortiq Grand Prix saqlanib qoladi. Ammo Stefano Domenicali maqsadi aniq – kamida 22 bosqichli chempionat.
Mana shu yerda haqiqiy boshog‘riq boshlanadi. Mavsum oxiriga, yilning sovuq oylariga mos, iqtisodiy jihatdan foydali, siyosiy va logistik tomondan ham qulay 22-poyga topish – oson vazifa emas. Ayniqsa, Yevropa trassalari ob-havo tufayli savol ostida turgan paytda.
F1 rahbariyati kalendarning chegarasini tobora kengaytirar ekan, Steiner ogohlantirayotgan “risk”lar ham ortib boryapti. Savol esa ochiq: sport va biznes o‘rtasidagi bu nozik muvozanat qayerda uziladi?







