sport pulse

Hearn va Fury o‘rtasidagi sovuq urush: Kim to‘sqinlik qiladi?

Tyson Fury navbatdagi shubha urug‘ini sepdi, Eddie Hearn esa uni bir zumda yulib tashladi. Anthony Joshua’ning promouteri uzoq kutilgan britaniyalik og‘ir vazn gigantlari to‘qnashuvi bo‘lmay qolishi mumkinligi haqidagi Fury gaplarini keskin rad etdi.

Ikki sobiq jahon chempioni bu hafta ringga qaytadi. Ular uchun bu janglar oddiy qaytish emas, noyabrga rejalashtirilayotgan “Battle of Britain” sari o‘tiladigan majburiy imtihon.

Pattaya va Jidda: ikkita yo‘l, bitta maqsad

37 yoshli Tyson Fury juma kuni Tailandning Pattaya kurortida Mariusz Wachga qarshi ringga chiqadi. Bu jang amalda xayriya tusini olgan: jonli translyatsiya yo‘q, shov-shuv yo‘q, faqat ring, raqib va Fury’ning navbatdagi savollarga javobi.

Bir kun o‘tib, shanba kuni 36 yoshli Anthony Joshua Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Kristian Prenga bilan to‘qnashadi. Bu jang ham “oddiy” qaytish emas. Bu — noyabrni ko‘rish yoki yo‘qotish jangi. Kim yiqilsa, “Battle of Britain” tush bo‘lib qolishi aniq.

Jang sanasi va manzili hali rasman e’lon qilinmagan, ammo muxlislar bu duelni yillar davomida kutdi. Ular bu to‘qnashuvni Joshua yoki Fury kamar ushlab turgan paytda ko‘rishni xohlashgan edi. Endi esa gap kamarlarda emas, merosda.

Hearn: “Tarixga qarang”

Fury yaqinda Sky Sports’ga bergan intervyusida bu yil oxirida “boshqa kimnidir” bilan jang qilishga tayyorligini aytdi. Bu gaplar hammasini yana chalg‘itdi: haqiqatan ham Joshua bilan jang xavf ostidami?

Eddie Hearn bunga javoban shubhalarni Fury tomonga burdi.

“Tarixga qarang. Faktlarni tekshiring, rezümeni ko‘ring,” — dedi u Sky Sports’ga. “Agar siz qaysi bokschi ishonchliroq ekanini tanlamoqchi bo‘lsangiz, bu yerda raqobat deyarli yo‘q.”

U bitta savol bilan bosimni oshirdi: “AJ qaysi jangdan voz kechgan?”

Hearn eslatdi: Joshua nafaqat barcha asosiy raqiblarga qarshi ringga chiqqan, balki avval Tyson Fury bilan ham shartnoma imzolagan edi. O‘sha paytda jang Deontay Wilder bilan bog‘liq arbitraj qarori tufayli Fury tomoni sabab bekor bo‘lgan.

Hearnning fikricha, noyabrdagi superjangni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan yagona narsa aniq: “Bu jangning bo‘lishiga faqat bitta narsa to‘sqinlik qiladi — shu hafta oxirida yigitlardan biri yutqazsa yoki jarohat olsa.”

Joshua uchun ringga qaytish – og‘ir yo‘l

Anthony Joshua uchun bu haftaning og‘irligi faqat sport bilan o‘lchanmaydi. U Dekabr oyida Nigeriyada yuz bergan dahshatli avtohalokatdan keyin ilk bor professional ringga qaytadi. Lagos yaqinida sodir bo‘lgan avariya uning ikki yaqin do‘stining umrini olib ketdi.

Joshua BBC’ga bergan intervyusida bu og‘riq hanuz ketmaganini tan oldi.

“Qachonki bu haqda o‘ylasam, og‘riydi,” — dedi u. “Hozir gapirayotganda ham… suratlar… og‘riydi, lekin o‘zimni band tutaman. Agar to‘xtab, hammasini ichimga singdirsam, bunga hali tayyor emasman.”

Halokatda halok bo‘lgan Sina Ghami — Joshua’ning o‘n yildan ortiq yonida bo‘lgan sport va reabilitatsiya bo‘yicha murabbiyi edi. Latif “Latz” Ayodele esa uning shaxsiy treneri, yaqin do‘sti bo‘lgan. Ularning yo‘qolishi nafaqat insoniy, balki professional jihatdan ham bo‘shliq qoldirdi.

Shanba kungi jang Joshua uchun yana bir sinov: u nafaqat raqibni, balki o‘z ichidagi og‘riqni ham yengishi kerak bo‘ladi.

Duboisdan keyingi birinchi jang

Bu, shu bilan birga, Joshua’ning sentyabr 2024 yilda Wembley Stadium’da IBF chempioni Daniel Duboisga qarshi olgan nokaut mag‘lubiyatidan keyingi ilk raqobatbardosh jangi bo‘ladi. O‘sha kecha uning chempionlik sari navbatdagi yurishi keskin to‘xtab qolgandi.

Endi esa u yana tiklanishga urinadi. Avval Dubois soyasi, endi esa halokatdan keyingi ruhiy yuk. Ustiga-ustak, noyabrda Fury bilan bo‘lishi kutilayotgan jang bosimi.

Fury – xavf, Hearn nazarida esa xavf manbai

Tyson Fury’ning o‘zi ham xavf ostida. Mariusz Wach tajribali, bo‘yi baland, chidamli. Pattaya sharoiti, xayriya formati, jonli efir yo‘qligi — hammasi g‘alati ko‘rinishi mumkin, lekin ringda bitta zarba hamma narsani o‘zgartirishi mumkin.

Hearn nazarida esa eng katta xavf ringdagi raqib emas, Fury’ning o‘zi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarix shuni ko‘rsatadiki, jadvaldan chiqib ketish ehtimoli Joshua emas, aynan Fury bilan bog‘liq.

Shu hafta oxiri hammasini hal qilmaydi. Lekin juda ko‘p narsani belgilaydi. Agar Joshua va Fury ikkalasi ham ishni puxta bajarsa, noyabrda nihoyat bir avlod kutgan savolga javob topiladi: Britaniya og‘ir vazn taxtiga haqiqatan kim egalik qiladi?